Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Conservatory SMART-Fest” Xalqaro musiqa va ta’lim festivali bo‘lib o‘tmoqda
10:03 / 2022-10-26

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida "Conservatory SMART-Fest” Xalqaro musiqa va ta’lim festivali boshlandi.

Mamlakatimizdagi eng yetakchi va otaxon oliy o‘quv yurti sanalgan ushbu dargoh akademik musiqa sohasida yetuk kadrlar tayyorlash, klassik musiqa san’ati bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda muhim o‘rin egallaydi. Ayni paytda ushbu dargoh dunyo musiqashunoslari, olim va ekspertlarining o‘zaro fikr almashadigan ijodiy-ma’rifiy, madaniy muloqot maydoni hamdir.

Ilk marta o‘tkazilayotgan "Conservatory SMART-Fest” Xalqaro musiqa va ta’lim festivali talaba - yoshlarning bilim va salohiyatini tobora oshirish, ularning musiqa san’ati sirlarini o‘rganishi uchun keng ijodiy imkoniyatlar yaratishni, san’at ixlosmandlarini dunyoning eng yetuk ijrochilari konsertidan bahramand etishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.

"Conservatory SMART-Fest” Xalqaro musiqa va ta’lim festivali fan, san’at, musiqa, qiziqarli repetitsiyalar, ta’limdagi ilg‘or texnologiyalarni o‘ziga qamraydi.

15 noyabrga qadar davom etuvchi mazkur festivalda Sergey Kvitko (AQSH), Devid Breyd (Kanada), Suren Bagratuni (AQSH), Debora Moriarti(AQSH), Grigoriy Yurkin (Rossiya), Leyla Bayramogullari (Turkiya) va boshqa musiqachilar ishtirokidagi konsertlar, mahorat darslari, o‘quv seminarlar, anjumanlar, ijodiy uchrashuvlardan bahramand bo‘ladilar.

Shu bilan birga, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi musiqiy teatr-studiya, "Turkiston" kamer orkestri va boshqa ijodiy jamoalarning konsertlari, jaz va zamonaviy musiqa san’ati laboratoriyasining ochilishi, taqdimotlar, "Art-menejment.Zamonaviy musiqa", ustoz kompozitor, dirijyor, pedagog, jamoat arbobi Muxtor Ashrafiy hayoti, faoliyatiga bag‘ishlangan anjumanlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

"Conservatory SMART-Fest” Xalqaro musiqa va ta’lim festivali yurtimiz madaniy hayoti, talabalarning o‘quv jarayonini yanada mazmunli, foydali kechishida muhim voqelik bo‘lishi aniq.
 


Nazokat Usmonova, O‘zA