Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida “Competizione dell' Opera-2023” italyan operasi xonanda-ijrochilari xalqaro tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.
Ushbu tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 27 dekabrdagi “Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, yoshlar uchun jahonning mashhur opera asarlarining namoyishini yo‘lga qo‘yish, muxlislarni yuksak mahoratli san’atkorlar ijrosidan bahramand etish maqsadida tashkil etildi.
Mazkur ijodiy loyiha ilk bor 1996 yilda Germaniyada o‘tkazilgan va keyinchalik butun Yevropada va jahonda eng muhim tanlovlardan biriga aylandi.
Tanlov italyan operasining bor boyligi va go‘zalligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, mamlakatimizda ilk marta 2014 yilda o‘tkazilgan edi. O‘shanda Barno Ismatullayeva, Ramiz Usmonov singari o‘zbekistonlik opera xonandalari mazkur tanlovda g‘olib bo‘lgan edilar.
Mamlakatimizda tashkil etilgan “Competizione dell' Opera-2023” xalqaro tanlovida Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Gruziya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan opera xonandalari ishtirok etdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, Xo‘janazar Jumayev (O‘zbekiston) Gran-pri mukofotiga sazovor bo‘ldi. Birinchi o‘ringa Yunxo Xvan (Janubiy Koreya), ikkinchi o‘ringa Yuliya Nikonorova, uchinchi o‘ringa Aminzoda Jumaniyozov munosib topildi. G‘oliblar diplom, maxsus statuetka va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA