“Commerzbank” O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirok etmoqchi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Germaniyaning “Commerzbank” banki vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi ma’lum qildi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan so‘z yuritdi. O‘z navbatida, unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va bank - moliya sohasidagi islohotlar, ularning natijalari haqida ma’lumot berildi.
"Commerzbank” vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlarga, xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, investitsiya va bank - moliya sektorlarida qilinayotgan ishlarni yuqori baholadi. Shuningdek, ular O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Muzokara yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ikki tomonlama muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA