Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Coca-Cola Superliga. «Paxtakor» mavsumdagi ilk ochkosini Yaypanda yo‘qotdi yohud bosh hakam qanot hakamiga almashgan o‘yin
12:46 / 2021-05-07

Coca-Cola Superligasining 7-tur doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar orasida eng kutilmagan natija Yaypan shahrida qayd etildi.

Kecha mazkur tur doirasida uchta o‘yin bo‘lib o‘tgandi. Va har uchalasida ham mehmonlar g‘alaba qozonishdi. Muborakka safar uyushtirgan «Lokomotiv» maydon egasi «Mash’al»ni 4:1, Andijonda «Qo‘qon-1912» jamoasi mezbonlarni 2:1 va Bekobodda «So‘g‘diyona» maydon egalarini 2:0 hisobida yengishning uddasidan chiqishdi. Andijondagi uchrashuvning uchinchi daqiqasida mehmonlar tomonidan o‘yinda hisobni ochib bergan gol chiroyli tarzda amalga oshirildi – Muhammadanas Hasanovning burchakdan tepgan to‘pi to‘ppa-to‘g‘ri darvoza to‘riga borib tushdi. Agar shu kuni andijonliklarning sevikli futbolchisi Jasurbek Jaloliddinov o‘n bir metrlik penaltidan gol ura olganda edi, balki jamoa mag‘lubiyatga uchramasdi ham. Chiroyli gol shuningdek, «Metallurg» darvozasiga ham kiritildi. Shaxboz Jo‘rabekovning chamasi 30 metrdan amalga oshirgan jarima to‘pini darvozabon Aleksandr Lobanov tomosha qilishga ulgurdi xolos.

Bugunga belgilangan ikki o‘yinda ham o‘ziga xos shov-shuvli voqealar yuz berdi. Mavsum boshidan beri birorta ham ochko yo‘qotmay kelayotgan, hatto OCHL musobaqasida ham qatnashib kelgan «Paxtakor» aynan Yaypanda, chempionat turnir jadvalining autsayderi bilan ochko ulashdi. Bunda yo «sherlar»ning maydon egalarini pisand qilmay maydonga tushganligi, yoki OCHLdagi charchoq alomatlari yohud «Turon» jamoasining g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi «Paxtakor»nikidan ikki hissa ko‘p bo‘lganligini sabab qilib ko‘rsatish mumkin.

Termizdagi o‘yin natijasi bilan emas, balki futbolda kamdan-kam uchraydigan bosh hakamning qanot hakamiga almashtiruvi yuz berganligi bilan yodda qoladigan bo‘ldi. O‘yinning taxminan 60-daqiqalarida bosh hakam Zokirjon Qodirov oyog‘idan jarohat oladi, mezbon jamoa shifokorining birinchi yordamni ko‘rsatishi va uning tavsiyasiga ko‘ra Qodirov harakatini davom ettirolmasligi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng uchrashuvning to‘rtinchi – zaxira hakami Qodirovning xushtagini oldi va o‘yinni davom ettirib qo‘ydi. Natija esa mehmonlar – AGMK foydasiga hal bo‘ldi.

Coca-Cola Superliga. 7-tur

5 may, chorshanba

MASH’AL – LOKOMOTIV - 1:4 (0:2)

Muborak. Bahrom Vafoyev nomidagi stadion. 675 tomoshabin.

Gollar: Temurxo‘ja Abduxoliqov, 11-pen. ( 0:1), Islomjon Qobilov, 21 (0:2), Temurxo‘ja Abduxoliqov, 64 (0:3), Kaxi Maxaradze, 83 (0:4), Humoyun Murtozayev, 86-pen. (1:4)

ANDIJON – QO‘QON-1912 - 1:2 (0:2)

Andijon. «Bobur Arena» stadioni. 7006 tomoshabin.

Gollar: Muhammadanas Hasanov, 3 ( 0:1), Mo‘minjon Meliyev, 45+1 ( 0:2), Martin Boake, 75 (1:2)

METALLURG – SO‘G‘DIYONA - 0:2 (0:1)

Bekobod. «Metallurg» stadioni.3910 tomoshabin.

Gollar: Shahboz Jo‘rabekov, 42 ( 0:1), Marko Kolakovich, 86 ( 0:2)

6 may, payshanba

SURXON – AGMK - 0:1 (0:1)

Termiz. «Surxon» stadioni. 2158 tomoshabin.

Gol: Yovan Jokich, 45 (0:1)

TURON – PAXTAKOR - 1:1 (0:1)

Yaypan. «O‘zbekiston» stadioni. 5600 tomoshabin.

Gol: Dragan Cheran, 37-pen. (0:1), Javohir Sohibov, 48 (1:1).

Shu tariqa Superliganing 7-turiga yakun yasaldi. Ayni paytda «Paxtakor» 16 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilyapti. «Sherlar» ixtiyorida qoldirilgan yana bitta o‘yin bor. Ikkinchi o‘rinda yettita uchrashuvdan 15 ochko to‘plagan «So‘g‘diyona» jamoasi boryapti. 12 ochko bilan «Qo‘qon-1912» jamoasi uchinchi o‘rinni egallab turibdi. «Lokomotiv», «Bunyodkor» va «Nasaf» jamoalari 11 tadan ochkoga ega. 7-o‘rindagi AGMKda 10 ochko bor. Shunisi e’tiborliki, olmaliqliklar OCHL sabab ikkita o‘yinda maydonga tushmagan. 8-o‘rindaga «Metallurg» 9, 9-o‘rindagi «Qizilqum» 7, 10-o‘rindagi «Navbahor» 6 ochkoga ega. «Mash’al» 5 ochko bilan 11-o‘rinda boryapti. «Andijon» va «Surxon» jamoalari 4 ochkodan jamg‘arishgan. bugungi «Paxtakor»dan qo‘lga kiritilgan bir ochko tufayli yaypanliklar umumiy ochkolari sonini uchtaga yetkazishdi...

To‘purarlar bahsida «So‘g‘diyona» a’zosi Shoxruz Norxonov hammadan oldinda – 6 ta gol.

8-tur o‘yinlariga 10 may kuni start beriladi.

Oybek YUNUSOV, O‘zA