Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Coca-Cola Superliga. «Andijon» qulay imkoniyatdan foydalana olmadi – ikki penalti «havoga sovurildi»
18:57 / 2021-10-25

Bir necha daqiqa oldin «Andijon» – «Nasaf» uchrashuvi bilan Coca-Cola Superliganing 23-tur o‘yinlari nihoyasiga yetdi.

Dastlab Bekobodga safar uyushtirgan olmaliqliklar Aleksandr Kasyanning birinchi bo‘lim o‘rtalarida kiritgan yagona goli evaziga g‘alaba qozondi. Mazkur yutuq AGMKning «So‘g‘diyona»dan «sakrab» o‘tib, ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib olishga xizmat qildi.

«Surxon» va «Qizilqum» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda maydon egalari Jasur Xolto‘rayevning goli evaziga g‘alaba qozonishdi. Ligani tark etuvchi ikki jamoa nomiga besh «da’vogar» orasida «jon saqlayotgan» «Surxon» «xavfli hudud»ni tark etdi.

«Bunyodkor» – «Turon» uchrashuvida darvozalarga to‘rtta to‘p kiritildi. Gollarning ikkitasi penaltidan amalga oshirildi. O‘yin davomida har ikkala jamoa tarkibidan bir nafardan futbolchi ikkinchi ogohlantirish bilan maydondan chetlatildi. Yakunda «qaldirg‘ochlar» 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Bu yutuq bilan «Bunyodkor» bir pog‘ona yuqoriladi, «Turon» esa o‘z o‘rnidan «qimirlamadi», sababi jamoa turnir jadvalining eng so‘nggi pog‘onasini anchadan beri «egallab turibdi». Mag‘lubiyat yaypanliklarning ahvolini yanada yomonlashtirgani rost. Amaliy jihatdan «Turon»da imkoniyat tobora kamayib borayotgan bo‘lsada, nazariy jihatdan hozirdan dadil xulosa chiqarish mushkul.

Muborakda «Mash’al» «Navbahor»ni qabul qildi. Har ikkala jamoa tomonidan bir necha bor xavfli hujumlar uyushtirilganiga qaramay o‘yinda hisob ochilmadi. «Qo‘qon-1912» jamoasi «Lokomotiv»ga mezbon bo‘ldi. Maydon egalari birinchi bo‘limda hisobda oldinda borishdi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida mehmonlar hisobni tenglashtirishdi. Uchrashuvning to‘rtdan bir vaqti qolganida esa qo‘qonliklar Sardorbek Azimov goli hisobiga oldinga chiqishdi va uchrashuv oxiriga qadar shu hisobni saqlab qolishni uddalashdi. Mazkur natija mezbonlarni bir pog‘ona yuqorilashiga, mehmonlarning esa ikki pog‘ona pastlashiga xizmat qildi.

Chempionlikni muddatidan avval hal etib ulgurgan «Paxtakor» Jizzaxga safar uyushtirdi. Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda Shahboz Jo‘rabekovning 53-daqiqada kiritgan goli uchrashuv taqdirini hal etdi. «So‘g‘diyona» mazkur g‘alabasi bilan uch kunlik oraliqdan so‘ng AGMKdan ikkinchi pog‘onasini «tortib oldi». Har ikkala jamoa ayni paytda 43 ochkodan jamg‘argan, to‘plar nisbatiga ko‘ra jizzaxliklar yuqori o‘rinni egallab turibdi.

Coca-Cola Superliga. «Andijon» qulay imkoniyatdan foydalana olmadi – ikki penalti «havoga sovurildi»

Bugunga belgilangan yagona uchrashuvda «Andijon» «Nasaf»ni qabul qildi. Har ikkala jamoa ham «oltinga teng» ochko uchun maydonda borini berdi – shiddat, shijoat, asab, jahl... Dastlab hisobni ochish mezbonlarga nasib etdi. Abduvoxid G‘ulomov to‘pni maydon tashqarisidan (autdan) jarima maydonchasi ichiga yetkazib berdi. Vasiliy Sovpel boshqalardan chaqqon harakat qilib boshi bilan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Hisob ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida tenglashdi. Maydon egalari tomonidan o‘yin qoidasi buzildi, Andriya Kaluderovich penaltini bexato bajardi. O‘yinning shashti yanada ortdi. Bir gal hatto mehmon futbolchilar maydonni tark etishga ham urinib ko‘rishdi, baribir o‘yin davom ettirildi. Ayniqsa, so‘nggi daqiqalarda futbolchilarning asabbuzarliklari yanada ko‘paydi. Ikki marta mehmonlar darvozasi tomon penalti belgilandi, birida Usmonali Ismonaliyev, ikkinchisida esa Farhod Sohibjonov bunday imkoniyatni havoga sovurishdi. Shu tariqa andijonliklar uch ochko olish mumkin bo‘lgan vaziyatda bir ochko bilan kifoyalanishdi.

Coca-Cola Superliga. 23-tur

21 oktyabr, payshanba

METALLURG – AGMK - 0:1 (0:1)

Bekobod. «Metallurg» stadioni. 236 tomoshabin.

Gol: Aleksandr Kasyan, 18 (0:1)

22 oktyabr, juma

SURXON – QIZILQUM - 1:0 (0:0)

Termiz. «Surxon» stadioni. 840 tomoshabin.

Gol: Jasur Xolto‘rayev, 55 (1:0)

BUNYODKOR – TURON - 3:1 (1:0)

Toshkent. «Bunyodkor» stadioni. 645 tomoshabin.

Gollar: Xurshid G‘iyosov, 35-pen. (1:0), Humoyun Murtazoyev, 77-pen. (1:1), Umarali Rahmonaliyev, 90+3 (2:1), Nurillo To‘xtasinov, 90+6 (3:1)

23 oktyabr, shanba

MASH’AL – NAVBAHOR - 0:0

Muborak. B.Vafoyev nomidagi stadion. 325 tomoshabin.

QO‘QON-1912 – LOKOMOTIV - 2:1 (1:0)

Qo‘qon. «Markaziy» stadion. 4230 tomoshabin.

Gollar: Yakuba Bamba, 39 (1:0), Diyorjon Turopov, 68 (1:1), Sardorbek Azimov, 75 (2:1).

24 oktyabr, yakshanba

SO‘G‘DIYONA – PAXTAKOR - 1:0 (0:0)

Jizzax. «So‘g‘diyona» stadioni. 4503 tomoshabin.

Gol: Shahboz Jo‘rabekov, 53 (1:0)

25 oktyabr, dushanba

ANDIJON – NASAF - 1:1 (1:0)

Andijon. «Bobur Arena» stadioni. 5110 tomoshabin.

Gollar: Vasiliy Sovpel, 26 (1:0), Andriya Kaluderovich, 57-pen. (1:1)

Amalga oshirilmagan penalti: Usmonali Ismonaliyev, 89, Farhod Sohibjonov, 90+1 (ikkalasi ham «Andijon»dan).

Shu tariqa 23-turdan so‘ng «Paxtamkor» 54 ochko bilan hamon peshqadamlik qilyapti. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlardagi «So‘g‘diyona» va AGMK jamoalari 43 ochkodan to‘plagan. «Nasaf»da 41 ochko bo‘ldi. «Bunyodkor» 36 ochko bilan beshinchi o‘rinda boryapti. «Navbahor» va «Lokomotiv» 33 ochkodan, «Qo‘qon-1912» 32, «Qizilqum» 31 ochko jamg‘argan. «Xavfli hudud»ni esa quyidagi jamoalar «band etib» turishibdi: «Surxon» (21 ochko), «Mash’al», «Metallurg», «Andijon» (19 ochkodan), «Turon» (13 ochko).

Oybek YUNUSOV, O‘zA