Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Classical music fest in Tashkent» xalqaro musiqa festivali yakunlandi
19:15 / 2025-10-04

Poytaxtimizda ilk marotaba tashkil etilgan “Classical music fest in Tashkent” xalqaro musiqa festivali o‘z nihoyasiga yetdi.

Festivalning so‘nggi konserti mashhur musiqachi Mark Bushkov hamda O‘zbekiston davlat simfonik orkestri tomonidan taqdim etildi.  

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan ushbu konsertda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktori Anvar Tojiboyev, mashhur kompozitor Aleksey Shor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alibek Abdurahmonov, san’at va madaniyat vakillari hamda klassik musiqa ixlosmandlari ishtirok etdi.  

Konsertda mashhur kompozitorlar Pyotr Chaykovskiy (“G‘amgin serenada”, “Gamlet” uvertyura fantaziyasi) hamda Aleksey Shor ijodiga mansub (skripka uchun konsert) asarlari mahorat bilan ijro etildi. Betakror ijroni nainki  tomoshabinlar, balki  mutaxassislar ham yuksak baholab, gulduros qarsaklar bilan olqishladilar.  Taniqli kompozitor Aleksey Shor sahnaga chiqib, Mark Bushkov va orkestr badiiy rahbari Kamoliddin O‘rinboyevga o‘z minnatdorligini bildirdi.  

Dastur davomida ijro etilgan asarlar muxlislar qalbini zabt etishi barobarida, ularga unutilmas ma’naviy zavq, ko‘tarinki kayfiyat ham ulashdi. Notalardan yuraklarga ko‘chgan ohanglar jozibasi dastur yakunigacha butun zalni musiqa muhitida birlashtirib, ularni quvonchga to‘ldirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Yevropaning madaniyatni qo‘llab-quvvatlash fondi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Classical music fest in Tashkent” xalqaro musiqa festivali ana shunday unutilmas taassurotlar bilan yakunlandi.  

Konsert yakunida yuksak hurmat ifodasi sifatida Mark Bushkovga tashkilotchilar tomonidan ulkan guldasta taqdim etildi.

Aytish kerakki, ushbu xalqaro musiqa festivali yurtimiz san’at olamida yangi tashabbus bo‘lib, unda Behzod Abduraimov, Stanislav Yudenich, Maksim Vengerov, Mark Bushkov, Ekvon Sunvoo, Aleksandr Chaushyan, Mixail Pletnyov singari dunyoning taniqli musiqachilari O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri va O‘zbekiston davlat simfonik orkestri hamrohligida o‘z konsertlarini taqdim etdilar. Ayni paytda festival doirasidagi konsertlar yurtimiz yosh musiqachilari uchun o‘ziga xos mahorat darsi vazifasini ham o‘tadi.

N.Usmonova,  

O‘zA