Samarqandda boshlangan Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdoni tartibga solish to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) Tomonlar konferensiyasining 20-sessiyasi (CITES CoP20) doirasida “Samarqand – 2025” IV xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi o‘tkazilmoqda.
To‘rt yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur tadbir aholining ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish, xorijlik ijodkorlar bilan ekologiya va atrof-muhit sohasida samarali ijodiy hamkorlik, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, tabiatga bag‘ishlangan badiiy asarlar orqali shaharlarning madaniy muhiti va landshaft qiyofasini rivojlantirishga qaratilgan.
Bu yil “Bizning sayyoramiz – bizning uyimiz!” shiori ostida tashkil etilgan simpoziumda turli mamlakatlardan kelgan 20 nafarga yaqin mashhur haykaltarosh granit toshdan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga bag‘ishlangan san’at asarlarini yaratmoqda.
– Bu yilgi simpoziumda qatnashish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan 150 nafar haykaltarosh 300 dan ortiq eskiz taklif etdi, —deydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixo‘jayev. – Tanlov hay’ati bu ishlarning 12 tasini tanlab oldi va ularning mualliflari bo‘lgan haykaltaroshlarni yurtimizga taklif qilib, ayni paytda taqdim etilgan haykallar yasalmoqda. Buning uchun ijodkorlarga kerakli va zarur hajmdagi granit toshlar keltirib berilgan. Hozir ular o‘z eskizlari bo‘yicha betakror san’at asarlarini yaratmoqda. Simpozium qatnashchilari orasida o‘zbekistonlik haykaltaroshlar ham bor.
[gallery-26407]
Samarqandda mazkur xalqaro haykaltaroshlik simpoziumini yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Mamlakatimiz va xorijlik haykaltaroshning samarali faoliyat ko‘rsatishi, o‘zaro tajriba almashishi uchun kerakli sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
– Ikki yil avval Toshkentda o‘tkazilgan simpoziumida ham ishtirok etganman,– deydi buyuk britaniyalik haykaltarosh Ali Jabbor. – Hakamlar hay’ati tanlovga taqdim etgan ijodiy ishimni ma’qullagani va bu yil ham ushbu katta jamoa a’zosi bo‘lganimdan juda xursandman. O‘zimning ajoyib asarlarimdan birini O‘zbekistonda jamoat joyida qoldirayotganimdan juda xursandman.
Simpozium davomida yaratilgan mahobatli haykaltaroshlik asarlari Samarqand va Toshkent shaharlaridagi istirohat bog‘lari va xiyobonlarda o‘rnatiladi.
7 dekabrga qadar davom etadigan tadbir doirasida Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Turizm akademiyasida haykaltaroshlar ishtirokida uchrashuv va mahorat saboqlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “CITES CoP20” ishtirokchilari ham haykaltaroshlarning ish jarayonlari va ular yaratgan san’at asarlarini kelib kuzatishadi.
Ayni paytda “CITES CoP20” doirasida Samarqand xalqaro turizm markazida mamlakatimizning yovvoyi hayvonot va o‘simlik dunyosiga bag‘ishlangan tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmalari ham o‘tkazilmoqda.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari