English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chuv tushib qolishimizga sabab bo‘layotgan omillar, onlayn savdo – iste’molchilarning og‘riqli nuqtasi...
14:56 / 2022-08-16

Bugun dunyoda onlayn savdo rivojlangan bir davrda yashamoqdamiz.

O‘zbekistonda ham turli ijtimoiy tarmoqlarda do‘kon ochib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yganlar ko‘p. Ayniqsa, oxirgi uch yillikda koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga kelgan karantin onlayn savdoning ko‘lami  va yurtdoshlarimizni elektron xaridlarni amalga oshirish bo‘yicha tajribalari oshishiga sabab bo‘ldi. O‘zbek xalqi «Otang bozor, onang bozor...» degan naqlga amal qiladi. Ayollarimiz bozor kezib, narx-navoni surishtirib, mahsulotni yaxshilab ko‘zdan kechirib sotib olishni ma’qul ko‘rishadi. Biroq bugun ko‘pchilik onlayn savdoning qulayliklarini tushundi.

Instagramga kirsangiz, turli onlayn do‘konlar reklamasiga ko‘zingiz tushadi. Marketing qoidalarini qay darajada o‘qishgan bilmadigu, reklamani qoyillatib qo‘yishayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ko‘pchilik blogerlar ham turli onlayn do‘konlar reklamasiga berilib ketgandek ko‘rinadi...

Aslida ham elektron savdo biznesning qulay turlaridan biriga aylandi. Tadbirkorlikning barcha turlaridagi kabi elektron bozorda ham har xil insonlar faoliyat yuritadi va bu yerda ham kimnidir aldab, yolg‘oniga ishontirib pul topishni kasb qilib olgan kimsalarni topish mumkin. Bugun har ikki insonning biri onlayn savdoda muammoga duch kelgani haqida gapirishi mumkin. Balki onlayn xaridlarni amalga oshirish uchun bilim va tajribalarimiz kamlik qilayotgani ham «chuv» tushib qolishimizga sabab bo‘layotgandir.

ONLAYN SAVDO YURITISHNING QONUNIY ASOSLARI NIMALARDAN IBORAT?

«Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasida: Internet do‘kon ochganda axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini ko‘zda tutadigan elektron tijorat ishtirokchisiga aylanadi.

Elektron tijorat shaklida amalga oshiriladigan ulgurji va chakana savdo «Ulgurji va chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida» nizom va O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari bilan tartibga solinadi.

Elektron tijorat vositasida har qanday tovar sotilishi mumkin. Bundan ro‘yxatga muvofiq aylanmadan olib qo‘yilgan yoki aylanmadagi cheklangan tovarlar mustasno. Masalan: alkogol va tamaki mahsulotlari ushbu ro‘yxatga kiritilgan, binobarin, ularni internet do‘koni orqali sotish taqiqlanadi.

«Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasi tovar (ish, xizmat) haqidagi noto‘g‘ri ma’lumot berilgan taqdirda iste’molchilarning huquqlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda «Iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) esa, nazorat-o‘lchov asboblarini, narxga doir hujjatlarni taqdim etishi, tovarni ishlatib ko‘rsatishi, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi, zarurat bo‘lsa, tovarni ekspertizaga yuborishi shart», deyilgan. Biroq bugun turli onlayn do‘kon egalari aynan mana shu jarayonda iste’molchilarning noroziligiga duchor bo‘lmoqda.

ISTE’MOLCHILAR ONLAYN SAVDODA NIMALARDAN NOROZI?

Iste’molchi sifatida har birimiz onlayn savdoda qandaydir muammolarga duch kelganmiz va kelmoqdamiz. Kimdir buyurtma bergan mahsuloti sifatsiz chiqqanidan norozi bo‘lsa, kimdir uzoq muddat kutib qolganidan, yana kimdir juda qimmatga xarid qilib qo‘yganidan afsuslanadi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 10-91 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, murojaat qilayotgan iste’molchilar orasida onlayn savdodan kuyib qolayotganlar ham talaygina.

Qashqadaryolik Kamola O‘rinboyeva “Hop Shop” onlayn do‘konidan tikuv mashinasi xarid qilgan. Elektron buyurtma orqali o‘z egasiga yetib kelgan ushbu tikuv mashinasining nosozligidan norozi bo‘lib, iste’molchi federatsiyaga ariza qoldirgan. Uning murojaati ijobiy yechim topib, iste’molchiga yangi tikuv mashinasi tezkorlik bilan yetkazib berildi.

Nurota tumanida yashovchi Qambartosh Boymirzayev ham telekanallar orqali reklama qilinayotgan “Helix original” mahsulotini telefon orqali buyurtma bergani, oradan bir oy vaqt o‘tsa ham uning buyurtmasi yetib kelmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Murojaat ijobiy yechim topib, mahsulot o‘z egasiga yetkazib berildi. 

Qoraqalpog‘istonlik Sardorbek Adalbayev “Zoodmall” internet do‘konidan telefon apparatiga buyurtma bergan. Buni qarangki, unga o‘zi istagan rangdagi telefon yetib kelmagan. Rangi boshqa rangda telefon bo‘lgani mayliyu, nosoz apparatni jo‘natishganiga nima deyish mumkin. O‘z muammosini qanday hal etishni bilmagan iste’molchiga Federatsiya xodimlari yordam qo‘lini cho‘zdi. Unga o‘zi istagan rangdagi, sifatli telefon olib berildi. 

Internet do‘konlaridan kiyim-kechak, parfyumeriya mahsulotlari xarid qilib, aldanib qolayotgan ayollar murojaatlari esa son-sanoqsiz. Bu kabi muammolarni kichik masala deb qaraydiganlar peshona teri bilan mehnat qilib topgan pulingizga olgan mahsulotingiz sifatsiz chiqsa, kimdir sizni o‘z-o‘zidan chuv tushirsa, qay holatga tushar edingiz? Ba’zi internet do‘konlari buyurtmangizni yetkazib beradi, qarasangiz siz tanlagan emas, butunlay boshqa mahsulot. Ularga aloqaga chiqib, mahsulotni almashtiraman desangiz, sizni «qora ro‘yxatga» tirkab qo‘yadi. 

Shu bilan ularga aloqaga ham chiqa olmaysiz, manzilu-makonini ham topa olmaysiz. Fig‘oningiz falakka chiqqanicha qolaverasiz. Shu bois ham bizga kelayotgan murojaatlarni kuzata turib, onlayn do‘konlardan xaridni amalga oshirayotganda juda ehtiyotkor bo‘lishni, oldindan to‘lovlarni amalga oshirmaslikni, mahsulotingiz kelganda yetkazib berish xizmati vakillari oldida ko‘rib, tekshirib olish lozimligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz.

«Savdogar – ishi doim hiylagar» qabilida ish ko‘radigan ayrim onlayn savdo egalari insonlarni avrab, yolg‘on reklamalariga ishontirib topgan pullarida baraka bo‘lmasligi aniq. Bozordami, ko‘chadami, internetdami savdogar avvalo xaridorni rozi qilish lozim.

ONLAYN SAVDONING AFZALLIKLARI

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganlaridek «Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat-korrupsiya balosini yo‘qotishda ham ular samarali vositadir. 

Buni barchamiz teran anglashimiz darkor» degan edilar. Onlayn savdo ham raqamli iqtisodiyotni bir bo‘lagi deyishimiz mumkin. Chindan ham internet orqali tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni qulay tomonlari ko‘p. Ayniqsa, yosh bolalari bilan uyda ishsiz o‘tirgan ayollar uchun onlayn do‘konlar o‘zi tikkan, pishirgan, yaratgan mahsulotlarini savdosini yo‘lga qo‘yish uchun qulay imkoniyat bo‘lmoqda. 

Sotuvchi uchun elektron tijorat chakana savdo sohasida biznesni yuritishning eng arzon usullaridan biridir. Onlayn do‘konlarning afzalliklari, shuningdek, ularning kechayu kunduz ishlashini va xaridor uchun qulay bo‘lgan har qanday usulda sotib olish yoki xizmat haqini to‘lash imkoniyatiin beradi. Virtual tijorat elektronika, maishiy texnika, uy-jihozlari, kiyim-kechak va poyabzal, uy-ro‘zg‘or buyumlari kabi turli ko‘rinishlarda keng namoyish etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda oziq-ovqat mahsulotlarini onlayn savdosi bozori, ayniqsa, yirik shaharlarda, asosan uyga oziq-ovqat sotish va yetkazib berish xizmatlarining rivojlanishi tufayli jadal rivojlanmoqda.

Mamlakat rivoji uchun internet do‘konlari ham muhim hisoblanar ekan, ularning faoliyatida qonuniylik mezonlarini kuchaytirish lozim. Eng asosiysi, bugun har birimizda biror mahsulot xarid etayotganda tanlov imkoniyati bor.

Istasangiz an’anaviy savdo(bozorlar, do‘konlar) orqali yoki internet do‘konlaridan xarid qilish imkoni bor. Asosiysi, doimo olayotgan mahsulotingiz sifatiga e’tibor qarating.

Gulnoza Sharafova,

jurnalist