Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chustiy tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
22:41 / 2024-05-15

O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Chust tumani bo‘limi tashabbusi bilan taniqli shoir Nabixon Nurilloh Hoji o‘g‘li Chustiy tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Chust tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ijodiy kechada maqomshunos olim, professor Soibjon Begmatov, O‘zbekiston xalq hofizi Isroiljon Vahobov, O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ahmadjon Dadayevlar so‘zga chiqib, Chustiy ijodining o‘zbek san’atidagi o‘rni, asarlarining badiiy qiymati haqida so‘zlab, milliy maqomlardan ijro etishdi.

Tadbir mushoiraga aylanib ketdi va maktab o‘quvchilari tomonidan Chustiy qalamiga mansub she’rlar o‘qildi. Ayniqsa, jadid bobolarimiz siymolari gavdalantirilgan sahna ko‘rinishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Mehmonlar tadbir doirasida Nabixon Chustiyning qabrini ziyorat qildilar. 

Nabixon Nurilloh Hoji o‘g‘li Chustiy haqida

Nabixon (Nabixo‘ja) Nurillaxo‘ja o‘g‘li 1904 yilning 20 fevral kuni Namanganning Chust tumanidagi to‘quvchi-hunarmand oilasida dunyoga kelgan.  Chustiy shoirning adabiy taxallusi hisoblanadi.

Chustiy butun umri davomida yigirmaga yaqin she’riy to‘plam yaratgan va nashr ettirgan. Uning «Qo‘zg‘ol» (1942), «Shamshir» (1943), «Lolazor» (1945), «Hayot zavqi» (1951), «Gul mavsumi» (1969), «G‘azallar» (1978), «Yod eting kamtarin Chustiyni ham» (1984) kabi qator she’riy majmualari qatorida «Zafarnoma» (1939), «Tiriklayin jannatga kirgan kampir» (1939), «Kiyiknoma» (1940), «Gul sadosi» (1949), «Uyg‘urobod» (1948), «Bog‘i eram» (1978) kabi dostonlari ham kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan. Shuningdek, shoirning mumtoz adabiyotimiz an’analaridan oziqlangan «Hayotnoma» (1988), «Sadoqat gullari» (1992), «Ko‘ngil tilagi» (1994) kabi devonlari kitobxonga Sharq — musulmon axloqi falsafasini singdirishda estetik rol o‘ynaydi.

Chustiy qo‘shiqchi shoir sifatida ayniqsa, mashhur edi. Uning «Yorimga savol», «Noz etma», «Avora bo‘lma deydi», «Ming baloni yengadi», «Muhtoj bo‘lmag‘ay», «Surmaga muhtoj emas», «Bevafolarning ishi», «Oshno bo‘lmay turib» va «Onanoma» kabi o‘nlab ko‘shiqlari hozirgi kunda ham xonandalarimiz sozi va ovozida baralla yangramoqda.

Chustiy dramaturg va tarjimon ham edi. U boshqa mualliflar bilan hamkorlikda «Davron ota», «Qurbon Umarov» va «Jasur oila» kabi sahna asarlarini yozgan. Hofiz, Sobir Termiziy, Mirza G‘olib, Ali Sardor, M. Tursunzoda asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Chustiy 1983 yil 13 avgustda vafot etgan. 

O‘zA