Prezidentimiz tomonidan yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning jismoniy va intellektual salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida “Dolzarb – 90 kun” dasturi doirasida Namangan viloyati Chust tumanida ham keng ko‘lamli amaliy tadbirlar olib borilmoqda.

Jumladan, Chust tumanida 1-son politexnikumi qoshida yozgi kasblar markazi ochilish marosimi bo‘ldi. Unda barcha maktablar, madaniyat maskanlari va 72 ta mahalladagi yoshlar yetakchilari bilan uch mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashdi.

Tadbir doirasida milliy hunarmandchilik va rang-tasvir ko‘rgazmalari, bo‘sh ish o‘rinlar mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, ularda maktablar va madaniyat markazlarida faoliyat yuritayotgan to‘garaklardagi iqtidorli yoshlar faol qatnashdi.


Chustlik yigit-qizlar uchun “Yoshlar oyligi” munosabati bilan sport va sog‘lom turmush tarzi, vatanparvarlik g‘oyalarini o‘zida jamlagan voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, “Zakovat” intellektual o‘yini uyushtirildi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz AI”, “Uz Chess” kabi loyihalar bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.