Uch ming yillik tarixga borib taqaladigan qadimiy va navqiron Chust nafaqat Namangan, balki vodiy hududida yuqori iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan tumanlardan biri hisoblanadi. Shu boisdan ham mazkur tumanda investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda hayotga tatbiq etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi Ishchi guruhi Chust tumanidagi navbatdagi o‘rganishlari davomida sanoat korxonasi hamda xorij kapitali ishtirokidagi loyihani ko‘zdan kechirdi.
Jumladan, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan “Shust textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan, qiymati 10 million dollarlik tayyor trikotaj mahsulotlari hamda maishiy-kimyoviy va kosmetik vositalar ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishildi.
Sanoat uchun muhim o‘rin tutadigan mazkur istiqbolli loyiha foydalanishga topshirilishi orqali minglab yangi ish o‘rinlari yaratilib, yillik 370 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Buning natijasida kelgusida 30 million dollar miqdoridagi mahsulotlar Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari va Yevropa davlatlariga eksport qilinadi.
[gallery-27495]
Shuningdek, yangi loyihalar uchun qurilgan angar usulidagi zamonaviy bino ko‘zdan kechirildi. Tadbirkor, “Chust Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvoni sohibi Dilshod Ismatullayev bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda mavjud muammolar tilga olindi.
Chust tumanida amalga oshirilayotgan chiqindini yoqish orqali elektr energiya ishlab chiqarish loyihasi joriy yilning muhim ob’ektlaridan biridir. Zarafshon mahallasi hududidan ekosanoat zonasini tashkil etish uchun tanlab olingan 15 gektar yer maydonining 10 gektarida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Everbright Environmental Energy Namangan” xorijiy korxona tomonidan xitoylik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu loyihaning qiymati 150 million dollarga teng.
Mazkur manzildagi qurilish jarayonlarining borishi bilan yaqindan tanishgan hokim xorijiy investorlar bilan suhbatlashib, muammolarni o‘rgandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi. Xitoylik hamkorlar bilan qurilish jarayonini tezlatish va yil oxiriga qadar loyihani to‘liq ishga tushirish yuzasidan kelishib olindi.
Qayd etish darkor, yangi loyiha ishga tushishi orqali, qariyb 300 ming aholining yillik elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji qoplanadi. Eng asosiysi, 180 kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.