Buxoro viloyati Shofirkon tumani markazidan 110 kilometr olisda, bepoyon Qizilqum cho‘li bag‘rida joylashgan “Churuq” ovulidagi 43 ta xonadonda jami 283 nafar kishi yashaydi. Churuqliklar asosan chorvachilik va yilqichilik bilan shug‘ullanadi.
Qardosh qozoq millatiga mansub yurtdoshlarimizning o‘y-fikri, muammolari, yashash tarzi doimiy e’tibor markazida.

Yangi yil bayrami oldidan hududga viloyat hokimi Botir Zaripovning tashrifi ham mohiyatan ovulliklar ko‘nglini ko‘tarish, qolaversa, mavjud muammolarni hal etish choralarini ko‘rishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tashrif doirasida tuman hokimligi tomonidan churuqliklar uchun bayram dasturxoni yozildi. Yangi yilga bag‘ishlab konsert dasturi tashkil etildi. Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi. O‘zining eng ezgu tilaklarini bildirdi. Bolajonlarga bayram sovg‘alari ulashildi. Shundan so‘ng viloyat rahbari ovul aholisining muammolariga quloq tutdi.


Ovul nuroniylari ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini bildirib, Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdi. Shundan so‘ng ovuldagi 39-umumta’lim maktabining shart-sharoitlari o‘rganildi. Bayram oldidan arzonlashtirilgan yarmarka tashkil etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.