Insoniyat shu paytga qadar bir necha bor pandemiyalarni boshidan o‘tkazgan.
O‘sha davrda davosi bo‘lmagan yuqumli kasalliklar juda ko‘plab odamlarning qirilib ketishiga sabab bo‘lgan.
14 asrda Chuma pandemiyasi dahshatli tus olib, 30 milliondan ortiq odamning umriga zomin bo‘ldi. 1894-1904 yillarda ushbu kasallik Xitoy va Indoneziyada 6 milliondan ziyod insonning hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi.
1870 yilda esa Qora chechak nomini olgan pandemiya boshlanib, uch yildan ortiq vaqt mobaynida Belgiya, Niderlandiya, Angliya, Avstriya mamlakatlarida 300-500 million aholining yostig‘ini quritdi.
Hozirgi vaqtga kelib oddiy kasallikka aylanib ulgurgan, organizmimiz uchun yot bo‘lmay qolgan Gripp kasalligi ham bir vaqtlar insoniyat to‘qnash kelgan ofatlardan edi. Bilasizmi, 1918-1958 yillar oralig‘ida Ispaniyada 100 million, Gonkongda 1 million, Osiyoda esa 70 ming odam aynan Gripp bilan og‘rib, vafot etgan.
Pandemiyaning eng dahshatlisi 1816 yilda boshlanadi. Bu millionlab odamlarning qirilib ketishiga sabab bo‘lgan o‘ta yuqumli kasallik Vabo edi. Achinarlisi, insoniyat mazkur o‘lat-pandemiya bilan yetti marta to‘qnash keladi va kasallik sabab 1923 yilgacha yer aholising 140 milliondan ortig‘i hayotdan ko‘z yumadi.
Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida ham aynan o‘latlar bilan bog‘liq isitmalar haqida so‘z yuritilgan. Vabo yuqtirgan insonlar, o‘lat tarqalgan qishloqlar haqida ko‘plab bidiiy filmlar yaratilganki, tomoshabin pandemiyaning nechog‘lik dahshatli va vahimali holat ekanini his qilmasligi mumkin emas. Kinotasmalardagi butun bir qishloq yoki ovulning yoqib yuborilishi, odamlarning tiriklayin yonishi, ularning bir-biridan qochishi, hatto ota-onaning o‘z jigaridan yoki farzandning ota-onasidan yuz o‘girishi kabi holatlar qalblarni larzaga solmay qo‘ymaydi.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, Vaboning qo‘zg‘atuvchisi batssillo bo‘lib, asosan og‘izdan kiradi. Oshqozon-ichak sistemasini zararlab, ich ketishini kuchaytiradi va odam suvsizlik, tana qurishidan vafot etadi.
– Bu kasallik uchragan paytlar qon tomiriga fiziologik suyuqlik quyib davolashning iloji bo‘lmagan, – deydi Tibbiyot fanlari doktori Jumanazar Beknazarov. – Bemor qancha suyuqlik ichmasin, u qonga so‘rilmay tashqariga chiqib ketavergan. Natijada, qon quyuqlashib hayotiy muhim a’zolarni kislorod bilan ta’minlay olmay qolgani sababli o‘lim sodir bo‘lgan. Bu kasallik qo‘ldan, aniqroq aytadigan bo‘lsak, yuvilmagan qo‘ldan yuqadi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bunday kasalliklar Yevropa mamlakatlarida ko‘proq tarqalgan. Chunki, u yerda gigiyenaga rioya qilish juda past darajada bo‘lgan.
Koronavirus xavfi hamon mavjud
Buni qarangki, insoniyat zamon taraqqiy etgan, ilm-fan rivojlangan, odamlarning tibbiy madaniyati oshgan bir davrda ham pandemiyaga duch keldi. Ilk bor 2019 yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan mazkur Koronavirus kasalligi 21 asr odamlarini shoshirib qo‘ydi. Ko‘z oldimizda kasallik dunyo bo‘ylab tarqalib bordi. Minglab, millionlab odamlarning bevaqt o‘limiga sabab bo‘ldi. Ko‘plab yurtdoshlarimizni ham mazkur virus oramizdan olib ketdi. Avvallari pandemiya nimaligini asarlar, kinolar, kitoblar orqali bilgan bo‘lsak, 2020 yilda barchamiz aynan pandemiyani boshdan kechirdik, uning dahshati va vahimasini his qildik, ancha vaqt karantin sharoitida yashadik. Hatto kunlab, oylab ko‘chaga chiqmagan paytlarimiz bo‘ldi.
Demak, insoniyat har qanday davrda turli xil yuqumli kasalliklarga duchor bo‘lishi, kasallik keng avj olib, xalqaro darajada pandemiyaga aylanib ketishi ehtimoli yo‘q emas. Buni o‘z hayotimiz misolida ko‘rdik. Eng qiziq jihati shuki, viruslar ham tirik mavjudot, ular ham mutatsiyalarga uchraydi. Ya’ni xususiyatini o‘zgartiradi, takomillashib, chidamliligini oshirib boradi.
Ayni paytga kelib, koronavirusdan cho‘chimay qo‘ydik. Davolash imkoni borligini, himoyalanish yo‘llarini bilib oldik. Aksariyatimiz uni Gripp yuqtirgandek, yengil o‘tkazyapmiz. Biroq so‘nggi kunlarda dunyoda kasallikning yana o‘sish tendensiyasi kuzatilayotgani haqidagi xabarlar hali ham salomatligimizga tahdid mavjudligidan dalolat.
Chin chechakka qarshi vaksina Maymun chechagidan ham himoyalaydi
Buni qarangki, koronavirus xavfi butkul bartaraf etilmasi insoniyat oldida yana bir kasallik – Maymun chechagi paydo bo‘ldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik hozirgacha 14 ta davlatda qayd etilgan. Xususan, infeksiyani yuqtirganlar soni 90 nafardan oshgani aytilyapti. Qolaversa, qariyb 30 kishi kasallikka chalinganlikda gumon qilinmoqda.
– Maymun chechagi biz uchun yangilik yoki sirli kasallik emas, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov. – Biz u haqda eshitganimizga salkam 70 yil bo‘ldi. Bu kasallikning virusi dastlab 1958 yil Kongo Demokratik Respublikasida aniqlangan. 1970 yilda odamlarda ham ushbu kasallik uchrashi haqida, ya’ni odamlarga yuqishi mumkinligi to‘g‘risida ma’lumotlar paydo bo‘lgan. Maymun chechagi kasalligining ikki xil: G‘arbiy Afrika hamda Markaziy Afrika virusi bor. Mana shu viruslarning keyingi paytlar Yevropa davlatlarida, Amerika Qo‘shma Shtatlarida, Kanada davlatida qayd etilayotgani haqida eshityapmiz. Lekin siz bilan bizning bitta yutug‘imiz bor. Kimki, 1980 yilgacha tug‘ilgan bo‘lsa, ularning hammasi Chin chechakka qarshi emlangan. Demak, Chin chechakka qarshi emlangan aholida mavjud bo‘lgan immunitet Maymun chechagiga qarshi to‘liq ishlaydi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytga kelib, uning titri birmuncha kamaygan bo‘lishi mumkin. Quvonarlisi, 1980 yildan keyin tug‘ilganlar to‘liq kasallik yo‘q hududda, kasallik bartaraf bo‘lgan davrda dunyoga kelgan.
Kuzatuvlarga ko‘ra, aynan Maymun chechagiga qarshi emlash preparatlari mavjud bo‘lmasa-da, bir qator mamlakatlar oddiy chechakka qarshi vaksinalar orqali buning oldini olishga harakat qilmoqda. Chunki, ikki virus bir-biriga o‘xshash va shu tufayli bunday vaksinalar Maymun chechagining oldini olishda taxminan 85 foizga samara berishi kutilyapti.
– Darhaqiqat, mabodo epidemik vaziyat murakkablashgudek bo‘lsa, o‘sha Chin chechakka qarshi vaksinani qo‘llash orqali Maymun chechagidan himoyalanish mumkin, – deydi Nurmat Otabekov.
Mamlakatimizga Maymun chechagining kirib kelish ehtimoli yo‘q emas!
Mamlakatimizga kasallikning kirib kelish ehtimoliga keladigan bo‘lsak, mutasaddi urg‘ulaganidek, respublikamiz ochiq: duyoning istalgan burchagidan kimdir kelishi mumkin.
– Dunyo hamjamiyatidagi aholining harakatlarida chegara yo‘qligi, qolaversa, aholi migratsiyasi bilan bog‘liq holatlar nuqtai nazaridan ham ehtimolni hech qachon inkor qilmaymiz, – deydi Nurmat Otabekov. – O‘zbekistonda hozirga qadar Maymun chechagi qayd etilgani yo‘q. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib, bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralar ko‘rilyapti, kasallikka qarshi ishlatiladigan diagnostikumlarni tayyorlab qo‘yish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti.
O‘zbekisiton Respublikasi chegara hududlarini kesib o‘tish joyidagi sanitariya-nazorat punktlari, qolaversa, profilaktik tibbiyot va sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi birlamchi tibbiy sanitariya tizimi kasallik kirib kelgan taqdirda ham uni keng ko‘lamda tarqalib ketmasligiga yo‘l qo‘ymaslikka tayyor holatda turibdi.
– Xorijiy yurtga borib kelgan, kasallik belgilari bor shaxslarni epidemiologik so‘rab-surishtirish natijasida kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganligiga aniqlik kiritish orqali Maymun chechagiga shubha qilishimiz mumkin, – deydi Nurmat Otabekov. – Kasallikning tezda namoyon bo‘ladigan klinik belgilari bor: tana haroratining keskin oshishishi, balg‘amsiz yo‘talning paydo bo‘lishi, terida toshma paydo bo‘lishi. Kasallik muloqot va jarohatlangan teri hamda shilliq qavatlar orqali yuqishi mumkin. Ko‘ngilni xotirjam qiladigan eng asosiy jihat shuki, kasallikni to‘liq davolash mumkin.
Shu o‘rinda biz soha xodimlaridan ham aholiga asoslangan, to‘g‘ri ma’lumotlarni yetkazish talab etiladi. Har xil yolg‘on, uydirma, feyk xabarlarning tarqalib ketmasligiga yo‘l qo‘ymaslik, aholini ortiqcha sarosimaga solmaslik muhim. Asosiysi, mutaxassislar o‘zlarining tavsiya va maslahatlari bilan tez-tez ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilishi maqsadga muvofiq.
Profilaktik tibbiyotni kuchaytirish muhim va dolzarb masala
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, sog‘lom turmush tarziga rioya qiluvchi, sog‘lom ovqatlanuvchi, organizmi sog‘lom-baquvvat, immuniteti mustahkam, chiniqqan, gigiyena qoidalariga rioya qiladigan, tibbiy madaniyati yuqori insonlargina turli xil kasalliklarga dosh bera oladi va uzoq umr kechiradi. Yaqindagina boshimizdan kechirgan pandemiya davridagi holatlar fikrimizning tasdig‘idir. Shunday ekan, soha xodimlari oldida profilaktik tibbiyotga e’tiborni kuchaytirishdek muhim va dolzarb masala turibdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA