Samarqand shahrida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashabbusi bilan “Choy, madaniyat, tinchlik” festivali o‘tkazildi.
Besh ming yillik tarixga ega choyning nafaqat ichimlik, shu bilan birga madaniy va iqtisodiy ahamiyatidan kelib chiqib, 2019 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 21 mayni “Xalqaro choy kuni” deb e’lon qildi. 2022 yilda choy ishlab chiqarish va choy damlash bo‘yicha Xitoy an’anaviy texnikasi YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritildi. Joriy yilda ushbu sana “Choy va hayot sifatini yaxshilash” (Tea for Better Lives) shiori ostida nishonlanmoqda.
Festivalda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professor-o‘qituvchilari, Xitoydan kelgan soha mutaxassislari va mehmonlar choyning tarixi, insoniyat hayotida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdilar.
Choy o‘zbekistonliklar uchun oddiy ichimlik bo‘lib qolmasdan, yurtimiz tarixi va madaniyati, xalqimiz turmush tarzi bilan uzviy bog‘liqligi ta’kidlandi. Festivaldan ko‘zlangan maqsad ham yurtimizda choy ichish madaniyati an’analarini rivojlantirish va ommalashuvini qo‘llab-quvvatlash, oilaviy qadriyatlarni saqlab qolish, o‘zbek choy madaniyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan mehmondo‘stlik, o‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlash ekanligi qayd etildi.
[gallery-23483]
Festival uchun xitoylik hamkorlik tomonidan Samarqandga eng yaxshi choy navlaridan namunalar, ingliz, rus, xitoy va esperanto tillarida nashr etilgan yangi kitoblar yuborildi.
Tadbir doirasida “Teo, Amo, kaj la Mondo” nomli fotoko‘rgazma hamda universitet va xitoylik hamkorlar tomonidan tayyorlangan choyga bag‘ishlangan Xitoy an’anaviy rangtasvir asarlari to‘plami namoyish etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari