Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Choy – madaniyat va tinchlik elchisi
17:48 / 2024-05-22

Samarqand xalqaro texnologiya universitetida “Choy, Madaniyat, Tinchlik!” (“Enjoy Tea with SIUT”) shiori ostida II xalqaro choy festivali o‘tkazildi.

BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasiga ko‘ra, 21 may – Xalqaro choy kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan “Teo, Amo kaj la Mondo” (“Choy, Sevgi va Olam”) xalqaro loyihasi, Tyanzin fan va texnologiya universiteti, Xitoy Xalq Respublikasining xorijiy tillardagi nashriyoti, “Amir Tea Samarqand” korxonasi va boshqa tashkilolar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Xitoydan keltirilgan choyning oliy navlari namunalari, choy aksessuarlari, Samarqand, Tyanszin va Xanchjou haqidagi kitoblar, rang-barang fotosuratlar namoyish etildi. 

– Bu yil ikkinchi bor tashkil etilgan tadbirimizda ishtirokchilar O‘zbekiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston va Yaponiyada choy tayyorlash jarayonlari hamda choy marosimlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar, – deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev. – Bu tadbirlarni universitetimizning xorijlik professor-o‘qituvchilari uyushtirdilar. Masalan, kamerunlik professor Jimbo Henry Claver an’anaviy yapon choyi marosimini taqdim etdi. Xitoy energetika instituti jamoasi esa Samarqanddagi Konfutsiy instituti bilan hamkorlikda Xitoy choy marosimini, professor Mohammed Gouse Galety Hindiston choy marosimini o‘tkazdi. O‘zbek choyi marosimini esa festivalning doimiy hamkori – “Amir Tea Samarqand” MCHJ taqdim etdi.

– Koreys xalqida shunday gap bor – bir mamlakatning madaniyatini bilmoqchi bo‘lsang, choyini bilishing kerak, – deydi universitet Koreya madaniyati markazi direktori, professor Kim In Taye. – Boshqa xalqlar kabi koreys xalqi ham choy ichishni xush ko‘radi. Oila a’zolarim va talabalarimiz bilan koreys choylari haqida mehmonlarga batafsil ma’lumot berdik. 

“Teo, Amo kaj la Mondo” xalqaro loyihasi rahbariyati choy ichish madaniyati va tinchlikni yuksaltirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayevga “Choy – madaniyat va tinchlik elchisi” faxriy unvonini berdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari