Turkiya Kiprdagi harbiy kuchlarini oshiradi, Kipr turklari manfaatlarini himoya qilish uchun orolning shimoliga zarur qurollari yetkaziladi, deb bayonot berdi Respublika tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Pamuqqal’ada talabalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
«Hatto butun dunyo yo‘limizga qarshi tursa ham, Turkiya o‘zining pozitsiyasidan og‘ishmaydi va Kiprda hamda Egey va O‘rtayer dengizlaridagi manfaatlarini himoya qiladi», – deya keltiradi uning so‘zlarini Anadolu agentligi.
U shuningdek, Kiprdagi grek jamoatchiligiga qurol yetkazib berishga joriy qilingan embargoni bekor qilgani uchun AQSH pozitsiyasini ham tanqid qildi, deb yozmoqda agentlik.
Vazir AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan bo‘lib o‘tgan oxirgi suhbatini esga olgan. O‘shanda Chovusho‘g‘li AQSH agar istasa Kipr greklariga moliyaviy yordam bersin, lekin qurol yetkazib bermasin, degan. Chovusho‘g‘li ta’kidlashicha, u Blinkendan Vashington Nikosiyani kimga qarshi qurollantirayapti, deb ochiqchasiga so‘ragan.
Avvalroq Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna Afinada Gretsiya tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias bilan muzokaralar o‘tkazib bo‘lgandan keyin, Fransiya agar Gretsiya milliy suverenitetiga tahdid paydo bo‘lsa Afina va Nikosiyani to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, deb bayonot bergan edi.
Ushbu bayonotdan avvalroq Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Gretsiya hukumatini «tarixdan saboq olishga» va «buzg‘unchilik harakatlarini bas qilishga» chaqirib, aks holda Afina juda katta badal to‘lashini aytib o‘tgan edi.