Toshkentda ot sportining chovken yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionati musobaqalarida BAA, Pokiston, Hong Kong, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston terma jamoalari g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Poytaxtimizda joylashgan "Universal Horses Stable" ot sporti markazida o‘tkazilgan qit’a chempionati mobaynida mamlakatimiz vakillari birinchi kungi o‘yinlarda Birlashgan Arab Amirliklari jamoasini 3:0, ikkinchi uchrashuvda Qozog‘iston jamoasini 7:0, hal qiluvchi bahsda Pokiston terma jamoasini 4:0 ko‘rinishida dog‘da qoldirdi va chempionlikni tantana qildi.

Qit’a birinchiligida 2-o‘rin Pokiston, 3-o‘rin Qozog‘iston vakillariga nasib etdi.
Aytish lozim, O‘zbekiston chovken federatsiyasi o‘tgan yili tashkil etilgan bo‘lsa-da, yurtimiz vakillari ushbu sport turida qisqa fursatda yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

Mazkur qit’a chempionati chovken bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga joriy yilning 25 sentyabr - 9 oktyabr kunlari Ozarbayjonda tashkil etiladigan MDH o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA