Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Chorzona”da zamonaviy madaniyat markazi
12:24 / 2025-12-18

Buxoro viloyati Jondor tumani markazidan 13 kilometr uzoqlikdagi “Chorzona” mahalla fuqarolar yig‘inida 17-sonli madaniyat markazi qayta chiroy ochdi. Tuman hokimligi va homiylar tomonidan 1,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.Bino qurilishida pudratchi “Ibrohim Nodirabegim yulduzi” MCHJ ishchi-mutaxassislari jonbozlik ko‘rsatdi. Inshootni foydalanishga topshirish tadbirida viloyat hamda tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari Botir Shahriyorov  barchani tabrikladi. Mazkur madaniyat markazining hudud aholisi ma’naviy-ma’rifiy hayotini yuksaltirish, ayniqsa, san’at va musiqaga, badiiy ijodga qiziqishi bo‘lgan yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyati xususida to‘xtaldi. 

Shundan so‘ng alvon lenta qirqilib, yig‘ilganlar madaniyat markazida yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi. Musiqa va san’atga oshufta barkamol avlod uchun markazda an’anaviy xonandalik, raqs, drama, milliy cholg‘u asboblari, doirachilar to‘garaklari, qizlar uchun qo‘l mehnati to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Maskan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijodiy to‘garaklar faoliyatini rivojlantirish va milliy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.