Surxondaryoda yirik miqdordagi go‘sht mahsulotlarini xarid qilib, pulini to‘lamagan shaxs aniqlandi.
Sho‘rchi tumanida yashaydigan V. Doston joriy yil fevral oyida Denov tumanidagi Totuvlik mahallasida yashovchi I.Mardonning ishonchiga kirib, 2 ming 556 kilogramm go‘sht mahsulotini 178 million 920 ming so‘mga sotib olishga lafzlashgan. Kelishilgan mablag‘ning 61 million so‘mini berib, 117 million 920 ming so‘mni keyin berish sharti bilan juftakni rostlagan.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmatidan malum qilishlaricha, chorvadorlarni chuv tushirishda ustasi farang V. Doston shuningdek, Denov tumanidagi Xolchiyon mahallasida yashovchi T.Jo‘raning shu yil yanvar oyida 421 kilogramm go‘sht mahsulotini 28 million 430 ming so‘mga kelishib, o‘tgan yil dekabr oyida O‘rikzor mahallasida yashovchi Yu.Rasulning 490 kilogramm go‘sht mahsulotini 34 million 300 ming so‘mga narxlab olib ketgani va hozirgacha bu mablag‘larni bermagani ham aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan V.Dostonga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri