Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorvador fermasida bir kun
17:38 / 2015-06-18

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ulkan ishlar samarasi bir xo‘jalik misolida

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ulkan ishlar samarasi bir xo‘jalik misolida 

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi naslchilikka ixtisoslashgan “Rohatoy” fermer xo‘jaligida yangi tug‘ilgan buzoq 400-raqam bilan ro‘yxatga olindi. Bu fermadagi qoramollar soni shunchaga yetganini anglatadi.

Mazkur xo‘jalik joylashgan Masalboy qishlog‘i xiyla ichkarida ekan. Ikki tomoni g‘allazor yo‘l yoqalab bordik. Bug‘doy o‘rimi boshlangan, ekindan bo‘shagan maydonlarni shudgorlash va keyingi hosilga tayyorlash ishlari qizg‘in davom etmoqda. Ana, peshtoqiga “Rohatoy” fermer xo‘jaligi deb yozilgan lavh ko‘zga tashlandi. Fermaga kiraverishda ikki kishi bizga peshvoz chiqdi. Kelishimiz sababini bilishgach, ulardan biri:

–Jo‘ra aka yangi tug‘ilgan buzoqning holidan xabar olgani ketgandilar, hozir kelib qoladilar, – deb chorpoyadan joy ko‘rsatdi.

Nafas olsangiz ichingizga olov kirganday tuyuladigan jaziramada shiyponda o‘tirishning gashti o‘zgacha bo‘larkan. Turli mevali va manzarali daraxtlar, anvoyi gullarning mastona iforini onda-sonda esayotgan mayin shabada issiqqa “chap” berib olib keladi. G‘allaning yoqimli isi dimog‘ingizni qitiqlaydi, ko‘nglingizga huzur bag‘ishlaydi. Bunday nasimdan mast o‘tirarkanmiz, yuzlariga biroz ajin tushgan, sochlariga oq oralagan kishi biz tomon kulimsirab keldi. 

Fermer Jo‘ra Mahamatov “ichimdagini top” deydiganlar xilidan emas, aksincha, kirishimli, quvnoq va so‘zamol kishi ekan. Chorvador xo‘jalikning oyoqqa turish bosqichlari, erishgan yutuqlari va kelgusidagi rejalari haqida so‘zlab berdi.

Qishloq mulkdorining gaplaridan shu narsa ayon bo‘ldiki, mamlakatimiz aholisining go‘sht, sut va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji to‘la ta’minlanishida “Rohatoy” fermer xo‘jaligining ham munosib hissasi bor.

Kuniga qariyb to‘rt tonna sut, yiliga minglab tonna go‘sht olinayotgan mazkur xo‘jalikning umumiy daromadi keyingi bir yilda bir milliard so‘mga yetgani ham bu fikrni dalillaydi.

–Bunday natijaga erishish oson bo‘lmadi, – deydi fermer Jo‘ra Mahamatov. – Fermamiz 30 bosh jaydari, oriq qoramol bilan faoliyat boshlagan edi. Bilasiz, mahsulot mo‘l va sifatli bo‘lishi uchun, avvalo, mustahkam ozuqa bazasini yaratish zarur. O‘sha yillari yem-xashak yetishtirish uchun atigi 10 gektar yerimiz bo‘lgan. Niyat va shunga yarasha harakat qilsang, e’tibor va sharoit bo‘lsa, hamma narsaga erishish mumkin ekan. Tijorat bankidan 241 ming dollar miqdorida imtiyozli kredit olib, Xitoydan 70 bosh naslli mol keltirdik. Bunda Yurtboshimizning shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarni ko‘paytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga oid qarori juda qo‘l keldi. Shunga ham yetti yil bo‘libdi. Shu vaqt ichida mollar o‘zidan ko‘payib, 330 boshdan oshdi. Boqqanga yarasha naslli mol boqqan ma’qul. Chunki sog‘ib olingan sut qilingan xarajatni qoplaydi. Ozuqa zoye ketmaydi. Joriy yil boshida Germaniyadan 60 bosh qoramol olib keldik. Hozir fermadagi mollar 400 boshga yetdi. Ekin maydonimiz qariyb 20 barobar kengaydi. Natijada ishchilarimizning ham moddiy manfaatdorligi oshdi, turmush farovonligi yuksaldi. Yangi ish o‘rinlari yaratildi. 

Shularni sizga aytib o‘tiribmanu, bundan 25-30-yil avvalgi holat ko‘z oldimdan o‘tayapti. O‘sha yillari kolxozda zootexnik edim. Qarshi bo‘lmasangiz, o‘zim bevosita guvoh bo‘lgan ayrim voqealarni so‘zlab beray.

Saksoninchi yillar oxirlab qolgan. Yaylovlar keskin qisqarib borar, yem-xashak yetishmasligidan hatto uy xo‘jaliklari ham mol boqishga qiynalardi. Xullas, yaylovlar qisqarishi mollar tuyoq soni kamayishiga jiddiy ta’sir qildi. Ustiga-ustak ozuqa muammo, deng. Veterinariya xizmati o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ko‘plab chorva mollari nobud bo‘ldi. Kasallik tarqalishidan shaxsiy xo‘jaliklar ham iqtisodiy zarar ko‘rdi. Bunday noxush holatning oldini olish zarurligini ko‘pchilik mutasaddilar unutib qo‘ygandi go‘yo. Eng achinarlisi, aholining boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi ham aytarli qondirilmasdi. Shunday og‘ir vaziyatda respublikamizga endi rahbar bo‘lib kelgan Islom Karimov bu masalani zudlik bilan hal etish zarurligini, bundan buyog‘iga eskicha yashab bo‘lmasligini eng yuqori minbarlarda baralla aytib, har tomonlama puxta o‘ylangan rejalarni kun tartibiga qo‘ydi. Bu gaplardan odamlarning ko‘nglida ertangi kunga umid uchqunlari paydo bo‘la boshladi...

...Chorvador haq. Boisi, Jo‘ra akaning bu hikoyalarini o‘sha davrda shunday muammolarga duch kelgan, ko‘rgan, boshidan kechirgan odamlardan ko‘p eshitganmiz. Fermer aytayotgan davrda barcha sohalar qatori oziq-ovqat masalasi ham zudlik bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan jiddiy muammolardan biri ekani haqida turli manbalarda, matbuot sahifalarida o‘qiganmiz. Bularning naqadar haqqoniy ekaniga Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona arxividagi sarg‘aygan gazeta taxlamlarini varaqlayotib, yana bir bor amin bo‘ldik.

Toshkentda 1989-yilning 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan anjumanda Islom Karimov nutq so‘zladi va unda aholini uy-joy, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash respublikada hal qilinishi lozim bo‘lgan g‘oyat muhim muammolardan ekanini alohida ta’kidladi. O‘sha yillarda eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari chakana savdo tarmoqlarida taqchil, aholining bu mahsulotlarni sotib olish imkoniyati cheklangan edi. Yanayam aniqroq aytganda, iste’mol bozorida barcha mahsulotlarning qariyb 95 foizi bo‘yicha uzilishlar bo‘lgan. Buni 1989-yilda o‘tkazilgan statistik tadqiqotlar ma’lumotlari tasdiqlaydi. Aholining 89 foizi go‘sht, 56 foizi sut, 55 foizi shakar, 49 foizi qandolat, 17 foizi kartoshka va boshqa mahsulotlarni to‘yib iste’mol qilmagan o‘sha yillarda.

Har qanday narsa taqqosda ayon bo‘ladi. Biz ham ushbu qoidaga amal qilgan holda, o‘z fikrimizni raqamlar tilida bayon qiladigan bo‘lsak, quyidagi manzara namoyon bo‘ladi: Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimiz aholisi 31 milliondan oshdi. Bu 1990-yilga nisbatan 38 foiz ko‘p demakdir. Shunday demografik o‘sishga qaramay, o‘tgan chorak asrda aholi jon boshiga go‘sht va go‘sht mahsulotlari iste’mol qilish qariyb 24 foizga ko‘paydi. Sut va sut mahsulotlari 30, tuxum 42 foiz, sabzavot 2,2, kartoshka 1,5, meva 3,6, shakar 1,37 barobar o‘sdi. E’tibor bering, hayot uchun eng zarur, asosiy mahsulotlar iste’molida yuqori o‘sishlar ro‘y bergan. Mana shu raqamlarning o‘ziyoq istiqlol yillarida oziq-ovqat mahsulotlarining miqdori, turi o‘nlab barobar – g‘oyat keskin oshganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning fikricha, iste’mol xarajatlarining hajmi va tarkibi ko‘p jihatdan aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish imkoniyati va mazkur mahsulotlarning narxi bilan chambarchas bog‘liq. Ayni paytda iste’mol tarkibi sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘proq tanovul qilish hisobidan o‘zgarmoqda. Bunda uglevodorodlarga boy oziq-ovqat iste’mol qilishning barqaror rivojlangani muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ilgari iste’mol uchun zarur bo‘lgan g‘alla, sut va go‘sht mahsulotlari, kartoshka, shakar, quruq sut va bolalar ozuqasining 50-100 foizi chetdan keltirilgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatimiz shu va boshqa mahsulotlarni yetishtirish, tayyorlash va qayta ishlashni rivojlantirish hisobidan aholining barcha iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlayotir.

O‘tgan yilning 5-6-iyun kunlari poytaxtimizda “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilib, unda 40 mamlakat va 20 nufuzli xalqaro tashkilotdan 200 dan ziyod mutaxassis ishtirok etdi. Ushbu konferensiyada BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Joze Gratsianu da Silva nutq so‘zlab, O‘zbekiston istiqlol yillarida qishloq xo‘jaligi sohasida hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida ulkan taraqqiyotga erishganini alohida ta’kidladi. U jumladan, bunday dedi: “O‘zbekiston o‘z taraqqiyoti yo‘lida uchraydigan tahdidlarni bartaraf etib, aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash va eksport hajmini oshirish borasida katta yutuqlarga erishdi”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 840 milliondan ortiq kishi, ya’ni qariyb har sakkiz odamning biri to‘yib ovqatlanmayapti, dunyo aholisining 30 foizidan ko‘prog‘i to‘liq ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosini boshdan kechirmoqda. Shu bois 160 milliondan ortiq bola bo‘yining o‘sishi, jismoniy va intellektual rivojlanishiga doir kamchiliklardan aziyat chekmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda rivojlanayotgan mamlakatlarda bir kishi uchun tavsiya etilgan kundalik 400 gramm o‘rniga bor-yo‘g‘i 150-200 gramm meva-sabzavot iste’mol qilinmoqda. Vaholanki, xalqaro diyetologlarning tavsiyasiga ko‘ra, inson iste’mol qiladigan oziq-ovqatning kamida 50 foizini meva-sabzavot tashkil etishi zarur.

Bu Joze Gratsianu da Silvaning fikri va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq murakkab vaziyat keltirib chiqargan oqibatlar haqida qisqacha ma’lumot... 

O‘zbekiston qisqa muddatda nafaqat jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiradigan, balki eksport qiladigan mamlakatga aylandi. Chunonchi, dunyoning 80 davlatiga 180 turdan ortiq sarxil meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yildi. Yurtimiz o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa meva-sabzavotlarni eksport qilish bo‘yicha dunyoda o‘nta yetakchi davlat qatoriga qo‘shildi. 2011-2014-yillarda eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 3 barobardan ziyod oshdi. 

Mutaxassislarning fikricha, oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda, sabzavot, meva va uzumni daladan iste’molchiga yetkazib berishda nobudgarchiliklarning oldini olish uchun ularni saqlaydigan ombor va muzlatgichlar tizimi yetarli darajada rivojlangan, logistika va yo‘l xarajatlari bilan bog‘liq muammolar ijobiy hal etilgan bo‘lishi lozim.

Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar samarasida 2014-yilga kelib, 190 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot saqlash quvvatiga ega 274 zamonaviy sovutgichli kamera va ombor qurilib, foydalanishga topshirildi.

2010-yilda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida 3 ming tonnadan ortiq sarxil meva-sabzavotni neytral gazli muhitda saqlash bo‘yicha zamonaviy quvvatlar ish boshladi. Ushbu mahsulotlar xalqaro aviatransport yordamida Yevropa va Osiyo mamlakatlari bozorlariga yetkazib berilmoqda.

Iste’mol qilinadigan ovqatning sifati va miqdorini oshirish aholi, avvalo, bolalar salomatligini tubdan yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. So‘nggi 10-yilda vazni tibbiyotda ko‘zda tutilgan me’yordan kam bo‘lgan bolalar soni ikki barobardan ziyod (4 foizdan 1,8 foizga) qisqardi, ularning bo‘yi o‘rtacha 3 santimetrga o‘sdi, xotin-qizlarda kamqonlik darajasi 2,5-marta pasaydi.

Biz bunday yutuqlarga qanday, nimaning hisobidan erishdik?

Prezidentimiz Islom Karimov Toshkentda o‘tgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqida quyidagi so‘zlarga alohida e’tibor qaratdi:

“Bu borada eng asosiy omil nima bo‘ldi, degan savolga men, eng asosiy, hal qiluvchi omil – bu bizning mehnatkash, mard va olijanob xalqimiz, deb javob bergan bo‘lardim...”.

Chindan ham, bugun qayerda, qaysi davrada bo‘lmang, dasturxon yurtimizda yetishtirilgan, tayyorlangan mahsulotlar, noz-ne’matlar bilan to‘kinligini ko‘rasiz. Gurunglashayotganlarning ijtimoiy ahvoli, turmush farovonligi yuksalib borayotgani, dasturxonimizdan yil bo‘yi meva-cheva arimasligi, bozorlarimizda barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligi, narx-navosi cho‘ntakbopligidan ko‘ngli to‘lib, faxr bilan so‘zlayotgani qalbingizga g‘urur bag‘ishlaydi. Beixtiyor bizni shunday mahsulotlar bilan har faslda birdek ta’minlayotgan ona zaminimizning bebaho saxovati, mo‘jizakor qudratiga tahsin o‘qiysiz. Usta dehqonu mohir chorvadorlar, qilni qirq yoradigan tadbirkorlarning g‘ayrat-shijoatiga, ishbilarmonligiga tan berasiz. Mamlakatimiz qo‘lga kiritayotgan bunday muvaffaqiyatlarni dunyo hamjamiyati baralla e’tirof etayotgani, ularning o‘zi kelib ish tajribamizni o‘rganayotganidan ko‘ksingiz faxr-iftixorga to‘ladi.

...Jo‘ra aka Mahamatov dilkash, ziyoli kishi ekan. U kishi bilan uzoq gurung qildik. Fermer “biroz tanaffus qilaylik endi”, degandek stol ustidagi bejirim idishlardan birini olib ochdi va piyolaga quyib bizga uzatdi. Biokefirning xushxo‘rligidan a’zoyi-badanimiz yayrablar ketdi. 

–Xomashyo bizniki, mahsulot qo‘shni Chuvalachi qishlog‘idagi “Izzat” fermer xo‘jaliginiki, – dedi fermer. – Chorvachilikka ixtisoslashgan. Xo‘jalik rahbari Qo‘chqorboy Tursunov. Uning aytishicha, umumiy daromadi so‘nggi bir yilda 860 million so‘mga yetibdi, bunday natijaga tarmoqni kengaytirish orqali erishibdi, omadini bersin! Ishlab chiqarish quvvati katta bo‘lgani bois, bizdan tez-tez sut olib turadi. Bir gaplashib qolganimizda “Hozir qayta ishlashni yo‘lga qo‘yaman, deganga davlatning o‘zi yordamlashayapti. Qolaversa, bunga o‘zingizning mablag‘ingiz ham, uquvingiz ham, sharoitingiz ham bor. Sex oching!”, degandi. Yaqinda shu masala bilan yana kelibdi. Ochig‘ini aytganda, qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish masalasi xususida ko‘pdan beri bosh qotiraman. Qo‘chqorboy haq. Nasib qilsa, shu yil yoki keyingi yil bu rejani amalga oshiramiz. Darvoqe, bundoq o‘ylab ko‘rsam, ko‘krak kerishga arzirli yutuqlarim, erishgan muvaffaqiyatlarim ko‘p ekan. Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganman. Fermadagi mollar O‘zbekiston naslli mollarining “Oltin fondi”ga kiritilgan. Bulturgi daromadga “Captiva” oldim. Yigirma yil kolxozda zootexnik bo‘lib, Forishda dam olish orzusi bilan yashadim. Mustaqillik tufayli nainki Forishni, Parijni ham ko‘rdim. Ba’zan o‘ylab qolaman, bugunimdan ko‘nglim to‘lmay, ertangi kunimga ishonchim, umidim so‘ngan o‘sha damlarda “bo‘lganim shu ekan”, deb, shiftga termulib yotaversam, nima bo‘lardi? O‘zi asrasin. Shukr! Mustaqillik ko‘plar qatori menga ham qanday yashash kerakligini o‘rgatdi. Nimagaki erishgan bo‘lsam, barchasi istiqlol tufaylidir...

Choshgohda boshlangan suhbat vaqt shomdan oqqanda nihoyasiga yetdi. Fermerga ishlari baroridan kelishini tilab, xayrlashdik.