Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, yerlardan oqilona foydalanish, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu boisdan Toshkent viloyatida ham yer maydonlaridan samarali foydalanish, yaylov va o‘rmon fondi yerlari hisobidan ozuqabop ekinlar yetishtirish, chorvachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar hamda belgilangan vazifalar ijrosi holati Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi, senator A.To‘ychiyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan o‘rganildi.

Dastlab ishchi guruh viloyat hokimligida tegishli soha mutaxassislari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi. Unda foydalanilmayotgan yerlarning qayta aylanmaga kiritilishi, aholining yaylovlardan foydalanishi, yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. So‘nggi yillar Toshkent viloyatida chorvachilikni rivojlantirish, sifatli go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish tarmoqlarini yanada kengaytirish va faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiborlisi, bu borada xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yanada kengaymoqda.

Xususan, zotdor qoramollarni zamonaviy usullarda ko‘paytirish bo‘yicha katta tajribaga ega xorijiy kompaniyalar tajribalari bo‘yicha chorvachilik komplekslari faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani bunga misoldir. Hududda ko‘rilayotgan tegishli chora-tadbirlar ichki iste’mol bozorini go‘sht, sut, tuxum mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash imkonini oshirmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, viloyat bo‘yicha jami qoramol soni 1 million 20 ming boshni tashkil qiladi. Bundan tashqari, qo‘y-echkilar 1 million 109 ming bosh, ot 59 ming boshdir. Shuningdek, muloqot davomida sohaga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil axborot berildi.

Ishchi guruh a’zolari Yuqori Chirchiq tumanidagi “AGRO TERRA”, “ANOR AGRO CHORVA” va “ERGASH OTA” fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, “AGRO TERRA” mas’uliyati cheklangan jamiyati sut yo‘nalishiga ixtisoslashgan bo‘lib, bugungi kunda xo‘jalikda 1 ming 89 bosh qoramol boqilmoqda. 2024 yilda xo‘jalik tomonidan 6 ming tonnadan ortiq sut ishlab chiqarilgan bo‘lib, har bir sigirdan o‘rtacha 30-35 litr sut olinmoqda. Bu natijalar chorvachilikda zamonaviy yondashuv va ilmiy asoslangan ish yuritishning samarali namunasidir.
O‘rganish davomida mas’ullar soha mutaxassislari, tadbirkorlar taklif va murojaatlari tinglandi.
A.Musayev, O‘zA.