Mamlakatimizda chorvachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Jumladan, aholi xonadonlaridagi chorva mollarining naslini yaxshilash orqali go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabni qondirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Boyovut tumanida Sirdaryo viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi tashabbusi bilan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. Unda viloyatning turli hududlaridan chorvachilik sohasida faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari va veterinariya mutaxassislari ishtirok etishdi.
– Bugungi seminar-trening doirasida chorva mollarini sun’iy urug‘lantirish, identifikatsiya va raqamlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tadbirning asosiy maqsadi aholini sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash, fuqarolar daromadini oshirish hamda turmush farovonligini yuksaltirishdir, – dedi Sirdaryo viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Maxatov.
Seminarda asosiy e’tibor qoramollar mahsuldorligini oshirish, naslli qoramollar sonini ko‘paytirish va sohada zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish masalalariga qaratildi. Soha mutaxassislari tomonidan sun’iy urug‘lantirishning afzalliklari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Bu usul qoramol zotini yaxshilash, mahsuldorlikni oshirish hamda turli xastaliklarga qarshi samarali muhofazani ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shuningdek, shunga o‘xshash o‘quv-amaliy seminarlar Guliston tumanida ham o‘tkazildi. Muloqotlar chog‘ida mutaxassislar tomonidan qoramollarni to‘g‘ri parvarishlash, ularning sog‘lomligini ta’minlash va yuqori mahsuldorlikka erishishga oid amaliy tavsiyalar berildi. Xonaki chorva mollarining naslini sun’iy urug‘lantirish orqali yaxshilash zarurligi keng tushuntirildi.
– Bugungi seminar nafaqat chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, balki aholi vakillari uchun ham juda foydali bo‘ldi. Chorvachilik va naslchilikni rivojlantirish yuzasidan ko‘plab amaliy g‘oyalar va tavsiyalarga ega bo‘ldik, – dedi boyovutlik fermer Baxtiyor Eshbo‘riyev.
[gallery-23396]
Mazkur tadbirlar nafaqat chorvachilik sohasini rivojlantirish, balki viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, fermerlar va aholining iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari