Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorvachilikda zamonaviy tajribalar samarasi
13:47 / 2022-12-02

Toshkent viloyatida mavjud chorva mollarining zotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijiy davlatlardan jami 2 ming 533 bosh naslli qoramol, 25 ming 570 bosh qo‘y, 1 ming 7 bosh echki, 16 bosh ot, 797 ming 361 bosh bir kunlik jo‘ja, 2 million 642 ming 280 dona naslli tuxumlar chetdan olib kelingan. Barcha chorva hayvonlari belgilangan tartibda davlat reyestriga kiritilib, ro‘yxatga olingan. Qolaversa, viloyatda mavjud 213 ta naslchilik xo‘jaliklari tomonidan shu kungacha qoramol, qo‘y-echkilar, jo‘ja, tuxum, quyon va asalari oilalari fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlariga shartnoma asosida yetkazib berilmoqda.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlarida tashkil etilgan press-turda shular haqida batafsil ma’lumot berildi. Jurnalistlar chorvachilik xo‘jaliklari faoliyati va naslchilik ishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar  bilan tanishtirildi.  

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbir Yuqori Chirchiq tumanidagi “Ergash ota” MCHJga qarashli fermer xo‘jaligi bilan tanishishdan boshlandi.  

1997 yilda tashkil etilgan mazkur chorvachilik kompleksida Golshtin zotli 1 ming 150 bosh qoramol parvarishlanmoqda. Bu yerda 50 nafardan ziyod mahalliy aholi ishlamoqda. Chorva ozuqasini yaratish uchun 425 gektar suvli yer maydoni ajratilgan. Xo‘jalikda “Gidroponika” usulidagi sifatli ozuqa tayyorlash texnologiyasi yo‘lga qo‘yilgan. Xo‘jalik tomonidan yiliga 150 dan 200 boshgacha naslli mol va o‘rtacha 1400 tonna sut mahsulotlari ichki bozor uchun yetkazib berilmoqda.  

Navbatdagi manzil Bo‘stonliq tumani bo‘ldi. Hozir hududda baliqchilik va parrandachilikni rivojlantirish borasida o‘ziga xos tajriba to‘plangan. Xususan, “Dumaloq” MFY hududidagi "Sharq Baligi" korxonasi o‘tgan yili faoliyat boshlagan. Bu yerda intensiv usulda forel balig‘i yetishtirilmoqda. Buning uchun 20 ta maxsus suv hovuzlari tashkil etilgan. Korxona yiliga 450-500 tonna baliq mahsulotini ishlab chiqarish quvvatiga ega.  

Bo‘stonliq tumani G‘azalkent mahallasidagi “Toshkentbaliqsanoat” MCHJ faoliyati  ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 2022 yilda tashkil etilgan  korxonada forel baliqlari sadok usulida yetishtirilmoqda. Umumiy sadoklar soni 12 tani tashkil qilib, har bir sadokda 2-2,5 tonna baliq yetishtirish imkoniyati mavjud. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 400-450 tonnani tashkil etadi.  

Press-tur davomida jurnalistlar mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.  

 

 

A.Musayev, O‘zA.