Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorvachilikda klaster – sifat va samaradorlik kafolati
09:32 / 2019-12-26

Mamlakatimizda ayni paytda yiliga 200 ming tonnadan ziyod go‘shtni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan 380 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Mamlakatimizda ayni paytda yiliga 200 ming tonnadan ziyod go‘shtni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan 380 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibida esa 400 dan ortiq korxona mavjud bo‘lib, 24 tasi aynan kolbasa va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ayni paytda mazkur korxonalar tomonidan “Rozmetov”, “Tegen”, “MD” kabi yorliqlar ostida kolbasa va go‘sht mahsulotlari bozorlarimizga chiqarilmoqda.

Xo‘sh, bu aholining mazkur turdagi mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirishga yetadimi? Sir emas, mamlakatimizda go‘sht va go‘sht mahsulotlari tannarxi boshqa iste’mol mahsulotlari tannarxiga nisbatan yuqori. Bu ozuqa-yem mahsulotlari tannarxining yuqori ekani, ozuqa-yem yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi, chorvachilik va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash komplektlarining yetarlicha rivojlanmagani bilan bog‘liq. O‘z navbatida, mazkur muammolarga yechim topish tarmoqning klasterlashuvi, shuningdek, bir xil yoki bir-biriga bog‘liq sohalarda faoliyat yuritayotgan va geografik joylashuvi jihatdan yaqin bo‘lgan korxonalar hamkorligini yo‘lga qo‘yishni taqozo etadi.

Bu borada “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibidagi go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar ana shunday samarali usuldan foydalanmoqda. Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan “Master Delikatesev” va “ProMeat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari yorqin misoldir.

Kompaniya tomonidan mazkur MChJlarga press-tur tashkil etildi. Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlari dastlab, Yangiyo‘l tumanida faoliyat yuritayotgan “ProMeat” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

2018 yilda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan mazkur korxona bo‘rdoqichilikka ixtisoslashgan bo‘lib, yiliga 3 ming bosh qoramolni boqish quvvatiga ega. Ayni paytda bu yerda mingdan ortiq qoramol boqilmoqda. Jamiyat tasarrufidagi 250 gektar yerda yem-xashak yetishtirilayotgani tannarxning nisbatan arzon bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

– Bizda aksariyat chorvadorlar ayni qish-qirovli kunlarda chorvasini yopiq og‘ilxonalarda boqadi, – deydi “ProMeat” MChJ rahbari Izzat Mutalov. – Xo‘sh, bu qanchalik qulay va yoki aksincha – noqulay. Ma’lumki, mol chiqindisidan ma’lum gaz ajralib chiqadi. Yopiq sharoitda bu chorvaga qandaydir darajada ta’sir qilib, ishtahasini pasaytiradi. Tabiiyki, bu holat samaradorlikka ham ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham dunyodagi chorvadorlarning aksariyat qismi mollarni ochiq sharoitda boqishga o‘tgan. Ukrainalik mutaxassislar bilan hamkorlikda biz ham mollarni shu usulda boqishga mo‘ljallab, chorva kompleksi qurganmiz. Ayni paytda bu yerda Ukraina, Qozog‘istondan keltirilgan zotdor va o‘zimiz mahalliy zotli mollar boqilmoqda.

“ProMeat” MChJ tomonidan kuniga yetishtirilayotgan 3 tonna go‘sht ayni paytda nafaqat “Master Delikatesev” MChJga, shuningdek, korxonaning poytaxtimizdagi savdo shoxobchalari orqali aholiga yetkazilmoqda. 2003 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Master Delikatesev” MChJda dastlab 10 xil turdagi mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, ayni paytga kelib jamiyat tomonidan 150 xildan ortiq kolbasa va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Korxona Germaniya, Avstriya, Belarus kabi davlatlar yetakchi firmalarining zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, sifat menejmenti tizimi ISO/IES 9001:2009 hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligining menejment tizimi ISO/IES 22000:2005 talablari bo‘yicha sertifikatlashtirilgan.

– Bozorda raqobatni yutishning muhim va asosiy sharti – xaridorga sifatli va arzon narx taklif etish, – deydi “Master Delikatesev” MChJ marketing bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Muzaffarova. – Bozor sharoitida esa sifat va narx uyg‘unligi doim muammo bo‘lib kelgan. Chunki sifat tannarxni oshiradi. Bunday sharoitda siz mijozga arzon narx taklif eta olmaysiz. Sifat va narxni talabga moslashtirish uchun korxonamizda klaster tizimini yo‘lga qo‘ydik. Bu bizga nima beradi? Birinchidan, ishlab chiqarish negizida xom ashyo yetishtirish tannarx arzonligiga olib kelsa, ikkinchidan, mahsulotning daladan to dasturxonga yetib borguniga qadar bo‘lgan jarayon bir tashkilot mas’ulligida bo‘lishi mahsulot sifatini kafolatlaydi.
Darhaqiqat, aholini go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash borasida sohaga klaster tizimi tatbiq etilayotgani sifat va samaradorlikka erishishga zamin yaratmoqda.