French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorvachilikda imkoniyat va imtiyozlar ortmoqda
17:08 / 2026-02-20

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar bilan belgilab berilgan imtiyozlar” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari, "O‘znaslchilik" korxonasi mas’ullari. Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy ishlab chiqarish markazi olimlari, sohaviy mutaxassislar hamda chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Seminarni tuman hokimi B.Norqobilov ochib, mamlakatimizda chorvachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, naslchilik bazasini mustahkamlash, yuqori mahsuldor chorva zotlarini ko‘paytirish hamda sohada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan qarorlar va yaratilayotgan imtiyozlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, sohada ilmiy yondashuvni kuchaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro tajribani o‘rganish orqali kutilgan mahsuldorlikni oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.

Seminar davomida olimlar va mutaxassislar tomonidan turli dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirishda ilmiy yondashuvning ahamiyati, naslchilik ishlarini takomillashtirish, sun’iy urug‘lantirish texnologiyalarini keng joriy etish, xorijdan naslli mollarni olib kelish va ularni mahalliy sharoitga moslashtirish, xorijiy moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, Ohangaronda joriy yil uchun umumiy qiymati 848 milliard so‘mlik 59 ta loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, uning hisobidan chetdan naslli 6 ming 350 bosh qoramol va 2 ming 961 bosh qo‘y hamda 816 ming bosh naslli parranda olib kelinadi. Shu bilan birga, qoramolchilikda 5,6 milliard so‘mlik 19 ta, qo‘ychilikda 26 milliard so‘mlik 20 ta, yilqichilikda 3 milliard so‘mlik 2 ta, parrandachilikda 812 milliard so‘mlik 6 ta, baliqchilikda 1 mlrd. so‘mlik 1 ta, asalarichilikda 660 million so‘mlik 10 ta, sut mahsulotini qayta ishlash bo‘yicha 550 million so‘mlik 1 ta loyiha shakllantirilgan va yil yakuniga ishga tushiriladi.  

Mutaxassislar tomonidan fermerlar uchun amaliy tavsiyalar berildi, sohada uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.

— Olimlar bilan muloqotda faoliyatimizga oid ko‘plab yangiliklarni bilib oldik. Ayniqsa, naslchilikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan imtiyozli kreditlar asosida yangi loyihalarni amalga oshirish mumkinligi menga juda manzur bo‘ldi. Shu bo‘yicha biz kabi chorvadorlarga yaratilgan qulayliklardan to‘g‘ri foydalanish zarur. Hozir bizning xo‘jaligimizda 400 bosh qo‘y parvarish qilinyapti. Kelgusida qo‘shimcha tarmoqlarni ishga tushirish rejamizda bor. Bu jarayonda sohadagi ilmiy va xalqaro tajribalar qo‘l keladi,  — deydi "Otaxon" fermer xo‘jaligi rahbari Abdujabbor Ahmedov.  

Tadbir doirasida ishtirokchilar “Agro Eko Farm” MCHJ chorvachilik kompleksi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bo‘rdoqichilikka ixtisoslashgan mazkur kompleksda bugungi kunda 400 boshdan ortiq qoramol va 2 ming 800 bosh qo‘y parvarishlanmoqda. Kompleksda zamonaviy parvarish usullari joriy etilgan bo‘lib, 15 ta yangi ish o‘rni yaratilgani aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Seminarni keng yoritish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar kompleksning ish jarayoni, yaratilgan sharoitlar va qo‘llanilayotgan texnologiyalar bilan tanishib, mutaxassislardan batafsil ma’lumotlar oldilar.

Mazkur ilmiy-amaliy seminar chorvachilik sohasida ilmiy yutuqlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda tarmoqni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

A. Musayev, O‘zA