English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorvachilikda barqaror rivojlanish: raqamlar va natijalar
15:15 / 2026-02-05

Jizzax shahridagi “Zafaron Hotel” anjumanlar zalida viloyatda chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishga qaratilgan muloqot, matbuot anjumani hamda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir sohaga yo‘naltirilgan yirik xalqaro investitsiya loyihasining amaliy natijalarini jamoatchilikka yetkazishga qaratildi.

Matbuot anjumanida Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) ishtirokida amalga oshirilayotgan, chorvachilik sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi investitsiya dasturining asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi. Ushbu loyiha oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va aholi bandligini oshirishga xizmat qilmoqda.

— Biz uchun ushbu loyihaning eng muhim jihati — faqat moliya kiritish emas, balki mahalliy tizimni barqaror ishlaydigan darajaga olib chiqishdir, — dedi Fransiya taraqqiyot agentligining Jizzax viloyatidagi vakili Abduhamid Musurmonov. — Veterinariya, qayta ishlash, ayollar tadbirkorligi va raqamli monitoring yagona zanjir sifatida qaralmoqda. Shu bois natijalar ham kompleks tus olmoqda.

Ta’kidlanganidek, loyiha doirasida umumiy mablag‘ hajmi 147,1 million yevroga teng bo‘lib, u 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan. Dastur nafaqat chorva mollari sonini ko‘paytirish, balki sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish, qayta ishlash va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Loyiha natijalari aniq raqamlarda ham o‘z aksini topgan: 3085 ta yangi ish o‘rni yaratilgan, 825 nafar ayol ish bilan ta’minlangan, 1256 nafar veterinar mutaxassis malakasini oshirgan, 321 ta subloyiha moliyalashtirilgan. Shu bilan birga, ishtirokchilar uchun 40 foizgacha grant mablag‘lari ajratilgan.

Abduhamid Musurmonovning ta’kidlashicha, ayollar bandligi loyihaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi:

— Qishloq hududlarida ayollarning iqtisodiy faolligi oshmas ekan, barqaror rivojlanishga erishib bo‘lmaydi. Bir ayol tadbirkor — bu oila, mahalla va hudud iqtisodiyotiga ta’sir qiladigan kuch, — dedi u.

Innovatsion yondashuv sifatida veterinariya sohasida “VIS Monitoring” onlayn tizimi joriy etilgan. U orqali hayvonlar orasidagi kasalliklar real vaqt rejimida nazorat qilinib, epizootik xavflarga tezkor javob berish mexanizmi shakllantirilgan. Bu tizim kasalliklarning oldini olishda muhim omil sifatida baholanmoqda.

[gallery-27487]

Matbuot anjumanidan so‘ng ishtirokchilar uchun Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joylashgan “Chaqmoq” fermer xo‘jaligiga media-tur tashkil etildi. U yerda zamonaviy chorva inshootlari, sut va go‘sht yetishtirish, qayta ishlash jarayonlari hamda “yashil” texnologiyalarning amalda qo‘llanilayotgani namoyish etildi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur loyiha O‘zbekistonda chorvachilikni innovatsion, barqaror va raqobatbardosh sohaga aylantirishga qaratilgan eng yirik xalqaro dasturlardan biri bo‘lib, uning natijalari hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida uzoq muddatli samara beradi.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA