Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
CHorvachilik: xorij tajribasi, daromad va eksport
19:32 / 2020-06-21

Qashqadaryo viloyatining eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan eng muhim yoʻnalishlardan biri bu chorvachilik tarmogʻi hisoblanadi.

Qashqadaryo viloyatining eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan eng muhim yoʻnalishlardan biri bu chorvachilik tarmogʻi hisoblanadi.

Chunki viloyatda buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud – yer keng, ozuqa moʻl, iqlim boʻlsa qulay. Hammasidan ham ahamiyatlisi, bu yerning odamlari sohani yaxshi tushunadi. Chorvani oilaning barakasi deb bilib, xonadonida bitta boʻlsayam mol asraydi. Qolaversa, ushbu yoʻnalish viloyatdagi koʻplab fermer xoʻjaliklarida asosiy tarmoqlardan biri hisoblanadi. Shu bois viloyat yurtimiz bozorlariga goʻsht va sut mahsulotlari yetkazib beruvchi yetakchi hududlardan biriga aylangan.

Yurtimizda chorvachilikni rivojlantirish, bu borada tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, zotli chorva mollarini xarid qilish, ularni koʻpaytirish va bu orqali aholining arzon, sifatli goʻsht va sut mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga keng yoʻl ochilgani qashqadaryolik chorvadorlarga qoʻl kelmoqda. Ayni shu sohada faoliyat olib borayotgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, ularda ozuqa bazasini koʻpaytirish, naslchilikni yaxshilash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni davlatimiz rahbarining shaxsan oʻzi kechiktirib boʻlmas vazifa sifatida belgilayotgani chorvaga mehr qoʻygan qashqadaryoliklarning qiziqishini yana-da oshirishga xizmat qilayotir.

Viloyatda chorvachilik tarmogʻini ravnaq toptirishga qaratilgan koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Yuzlab chorvachilik komplekslari paydo boʻldi. Bu loyihalar xalqimizni arzon, sifatli goʻsht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, ayniqsa, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish hamda daromadlarini koʻpaytirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Misol uchun, Mirishkor tumanidagi Vori qishlogʻi viloyat markazi Qarshi shahridan 110, tuman markazidan esa 30 kilometr uzoqlikda, choʻl hududida joylashgan. Bu yerda faoliyat yuritayotgan “Toshatov Normoʻmin” fermer xoʻjaligida 2015-yilda Ukrainadan keltirilgan qizilchoʻl va qora-ola zotli naslli mollar boqiladi. Xoʻjalikda Vori qishlogʻilik 10 kishi ishli boʻldi. 2019-yilda Belarusdan yana 31 bosh golshteyn zotli qoramollar olib kelindi. Bugun ular ham koʻpayib, jami zotli qoramollar soni 260 boshga yetgan. Oʻz-oʻzidan yangi ish oʻrinlari vujudga kelgan.

– Issiq choʻl sharoitida bu kabi zotli qoramollarni parvarishlaymiz deganimizda, koʻpchilik ertak aytma deyishgan, – deydi fermer xoʻjaligi raisi Nodirbek Xurramov. – Lekin maqsadimizda qatʼiy turib loyihamizni amalga oshirdik. Naslli mollarni boqish uchun yetarlicha shart-sharoitlarni tashkil qildik. Zamon talablariga mos keladigan molxonalar barpo qildik. Natija esa kutganimizdan ham ziyoda boʻldi.

photo_2020-06-21_19-24-56.jpg

Mollarimiz bosh soni ham oshyapti. Muhim jihati ularning mahsuldorligi mahalliy zotlarga nisbatan juda yuqori. Yoshligimdan chorvachilik bilan shugʻullanib kelganim bois, chetdan keltirilgan sigirlarni ham parvarishlash, chorvadorlarning gapi bilan aytganda, tilini topish qiyin boʻlmadi. Ushbu jarayonni yildan-yilga rivojlantirib boryapmiz.

Qarshi tumanidagi “Baxt” fermer xoʻjaligi. Bu xoʻjalik chetdan zotli mollar olib kelish hisobiga chorva naslini yaxshilash ishlarini birinchilardan boʻlib boshlagan. Natijada bugungi kunda zotli qoramollar bosh soni 600 tadan oshgan. Xoʻjalik chorvachilik klasteriga aylangan. Sut va goʻshtni qayta ishlash sexlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu sexlarda bir kunda 1 tonna goʻsht va yana shuncha sutni qayta ishlash imkoni mavjud.

Tayyorlanayotgan kolbasa, sut, kefir, pishloq va smetana singari noz-neʼmatlar aholiga yetkazib berilayapti. Qovchin qishlogʻida majmua barpo etilib, bir qismi chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirishga, bir qismi esa issiqxona uchun ajratilgan. Bu yerda qoramoldan tashqari 60 bosh yilqi, 10 ta tuya, 10 ta tuyaqush, 500 ta kurka boqilmoqda. Eng muhimi, ularni parvarishlash uchun qishloqning 50 nafarga yaqin aholisi band etilgan.

Viloyatda chorva naslini yaxshilash uchun xorijdan naslli qoramollar olib kelish yildan-yilga ortib borayotgani quvonarlidir. Birgina oʻtgan 2019-yilning oʻzida chetdan 6 ming 914 bosh qoramollar keltirildi. Buning uchun aksiyadorlik tijorat Xalq banki viloyat filiali tomonidan 4 million 407 ming AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi. Natijada 48 ta loyiha hayotga tatbiq etildi, yangi chorvachilik komplekslari bunyod boʻldi, mavjudlari yiriklashdi.

Ulardan biri Nishon tumanidagi “Sopol quvurlar zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining loyihasi hisoblanadi. Oʻtgan yili mazkur korxona vakillari xorijdan 217 bosh qoramol olib keltirgan edi. Oradan bir yil oʻtib ularning soni 400 boshdan oshdi. Hammasi simmental va shvis zotiga mansub. Hademay, chorva soni 500 boshga yetishi kutilmoqda. Chunki sigirlar ikkinchi marta bolalashni boshlagan.

Jamiyat raisi Bobonazar Qulmurodovning aytishicha, ular joriy yilda yana xorijdan naslli qoramollar keltirmoqchi. Bundan tashqari shu yerning oʻzida sutni qayta ishlashni yoʻlga qoʻymoqchi.

photo_2020-06-21_19-25-05.jpg

Tumandagi “Nishon chorva nasl” fermer xoʻjaligi aʼzolari ham oʻtgan yili 328 ming 510 AQSH dollari evaziga xorijdan 92 bosh chorva hamda ularni parvarishlash uchun zarur boʻladigan texnikalar xarid qilgan. Bu tez orada oʻz samarasini koʻrsatib naslli buzoqlar olindi.

– Chorvachilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish uchun chetdan naslli simmental zotli gʻunajinlarni xarid qildik, – deydi fermer xoʻjaligi ish boshqaruvchisi Nizom Umarov. – Bunday zotli sigirlar juda mahsuldor hisoblanadi yaʼni qoʻsh yoʻnalishli. Ular orqali bir paytning oʻzida sutchilik va goʻshtchilikni yoʻlga qoʻyish mumkin.

Sogʻin sigirlarning har biridan laktatsiya davrida 5-6 ming litrdan ortiq sut olinsa, goʻsht yoʻnalishida jahon bozorida eng xaridorgir boʻlgan mahsulot yetkazib berish imkoni mavjud. Shu bois sut sogʻishda yangi texnologiyalarni qoʻllashga tayyorgarlik koʻryapmiz. Shuningdek, kelajakda goʻshtni qayta ishlash sexini barpo qilishni ham maqsad qilganmiz.

Qamashi tumanida “Murodov Rahmatulla Mavlonovich” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan chorvachilik kompleksida hamma ish reja asosida amalga oshirilayotganini koʻrib kishining havasi ortadi.

Ferma zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda, barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan. Hatto dezinfeksiya zonasi barpo etishgacha hisobga olingan. Bu jamoa aʼzolari ham oʻtgan yili Germaniyadan 64 bosh simmental olib kelishgan. Bugun ularning soni 125 boshga yetdi. Jamiyat rahbari Sirojiddin Murodov chorvachilikni rivojlantirishda ota-bobolarimiz tajribasini zamonaviy qarashlar va texnologiyalar yordamida boyitishga harakat qilmoqda.

– Bitta qoramol yaylovda bir kunda 70 kilogrammgacha oʻt yeyishi mumkin, – deydi Sirojiddin Murodov. – Koʻk oʻtlar chorva oshqozonida yaxshi hazm boʻladi, tarkibida esa yetarli miqdorda vitaminlar, proteinlar va oqsil boʻladi. Bu sigirlarning sutini koʻpaytiradi, kuyga kelishini tezlashtiradi va sogʻlom nasl qoldirishiga yordam beradi. Hali rejalar katta. Xususan, joriy yilda ham xorijdan yana 100 bosh qoramol xarid qilishni moʻljallayapmiz. Kuni kecha buning uchun ajratiladigan kredit masalasi ham hal boʻldi.

photo_2020-06-21_19-25-11.jpg

Viloyat chorvadorlarining joriy yildagi niyatlari yana-da ulkan. Chorva naslini yaxshilash maqsadida 2020-yil davomida chetdan jami 178 milliard 530 million soʻmlik 8 ming 126 bosh qoramol olib kelish rejalashtirilgan. Buning 714 boshi allaqachon chorva komplekslarida parvarishlanmoqda. Yana 2017 bosh qoramol uchun Xalq banki tomonidan 40 milliard 594 million soʻmlik 11 ta loyiha moliyalashtirildi.

Shu bilan birga, Xalq bankining Qashqadaryodagi filiallari tomonidan hozirgi kunga qadar xalqaro moliya institutlarining 2 million 861 ming dollarlik kredit liniyalari oʻzlashtirildi.

Osiyo taraqqiyoti banki kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan 11 ta loyihaga 970 bosh naslli qoramollar sotib olish uchun kredit mablagʻlari ajratib berildi. Xalqaro qishloq xoʻjaligi taraqqiyoti fondi kredit liniyasi mablagʻlari evaziga dehqon xoʻjaliklariga sut yoʻnalishidagi naslli qoramollar sotib olish uchun 64 ta loyihaga 580 ming dollar miqdorida kredit berildi. Joriy yil hisobidan Osiyo taraqqiyoti banki kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan 3 million 200 ming dollarga 1 ming 600 bosh naslli qoramollar sotib olish, xalqaro qishloq xoʻjaligi taraqqiyoti fondi kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan dehqon xoʻjaliklariga naslli qoramollar sotib olish uchun esa 1 million dollar mablagʻ oʻzlashtirish koʻzda tutilmoqda.

Shu tariqa viloyatdagi mavjud xorijdan keltirilgan naslli, zotdor qoramollar soni yana 10 mingtadan oshiqqa koʻpayadi. Qolaversa, qariyb 30 milliard soʻmlik loyihalar hayotga tatbiq etilishi hisobiga viloyatga xorijdan 22 ming 489 bosh qoʻy olib kelinadi.

Bu raqamlar yana-da oshishiga hech shubha yoʻq. Chunki aholi orasida Prezidentimizning 2020-yil 29-yanvardagi qaroriga koʻra berilayotgan imtiyozlarni keng tushuntirish ishlari doimiy ravishda olib borilayapti.

Mazkur qarorga koʻra, chorvachilikni yana-da rivojlantirish uchun kompensatsiya va subsidiyalar berish tizimi joriy etildi.

photo_2020-06-21_19-25-15.jpg

Yaʼni, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard soʻmgacha miqdordagi kreditlar boʻyicha kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladi.

Shu bilan birga 2020-2022-yillarda naslchilik xoʻjaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million soʻm, xorijdan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million soʻm, nasldor qoʻy va echkining har bir boshiga 400 ming soʻm miqdorida qaytarilmaydigan mablagʻ, yaʼni subsidiya beriladi.

Targʻibotlar jarayonida zamonaviy chorva komplekslari barpo etishning ahamiyati ham keng targʻib qilinayotir. Natijada chorva mollari parvarishi uchun qulay boʻlgan, mahsuldorlikni oshirishiga xizmat qiladigan komplekslar soni ortmoqda.

Darvoqe, viloyatda chorva naslini yaxshilash maqsadida sunʼiy urugʻlantirishga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Qolaversa, nafaqat qoramollarning, balki qoʻylarning naslini yaxshilash ham eʼtiborda. Bu borada Gʻuzor tumani Qorakamar qishlogʻida joylashgan qorakoʻlchilik ilmiy-naslchilik tajriba stansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar eʼtiborga molik.

– Stansiyamiz oʻtgan yilning boshida tashkil qilinib, bu yerga viloyatdagi va boshqa hududlardagi qorakoʻlchilik xoʻjaliklaridan 1 ming 700 ga yaqin zotli qoʻy olib kelindi, – deydi stansiya direktori Abdulla Berdiyev. – Oradan bir yil oʻtib ularning soni 3 ming 300 boshdan oshdi. Shuningdek, stansiyamizga qoʻylarning naslini yaxshilash maqsadida xorijdan 6 bosh zotdor qoʻchqor olib kelganmiz. Maqsad qorakoʻlning raqobatbardosh turlarini yaratish hamda aholi xonadonlari, dehqon hamda fermer xoʻjaliklariga yuqori mahsuldor qorakoʻl qoʻy va qoʻchqorlarni tizimli ravishda yetkazib berishdan iborat.

Qashqadaryoda mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda chorvaning sonini oshirish, mahsuldorlik sifatini yaxshilash, naslchilik resurslarini yaratish, saqlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad nafaqat viloyat aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish, balki chorvachilik mahsulotlari eksportini yana-da oshirishdir.