So‘nggi yillar Toshkent viloyatida chorvachilikni rivojlantirish, sifatli go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish tarmoqlarini yanada kengaytirish va faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiborlisi, bu borada xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yanada kengaymoqda.
Xususan, zotdor qoramollarni zamonaviy usullarda ko‘paytirish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar tajribalaridan foydalangan holda chorvachilik komplekslari faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani bunga misoldir.

Toshkent viloyati hokimligi va viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turda aynan shu yo‘nalish bo‘yicha ma’lumot berilib, joylarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishildi. Hududda ko‘rilayotgan tegishli chora-tadbirlar ichki iste’mol bozorini go‘sht, sut, tuxum mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash imkonini oshirmoqda. Tarmoqda ozuqa bazasini kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni oshirish, naslchilik sohasida investitsiyalar hajmini yanada ko‘paytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha jami qoramol soni 1 million 20 ming boshni tashkil qiladi. Bundan tashqari, qo‘y-echkilar 1 million 109 ming bosh bo‘lsa, 59 ming boshdaniborat ot mavjud.
Press-tur ishtirokchilari Yuqori Chirchiq tumanidagi “Anor agro chorva” fermer xo‘jaligida bo‘ldi. Bu yerda 525 bosh Germaniya va Gollandiya davlatlaridan keltirilgan “Golshtin” zotli qoramol boqilmoqda. Kunlik o‘rtacha 7,5 tonna sut sog‘ilib, ichki bozor va qayta ishlash korxonalariga yetkazib berilmoqda. Fermer xo‘jaligidagi chorva mollarga elektronlashtirilgan sirg‘alar o‘rnatilgan bo‘lib, profilaktik tadbirlar doim monitoring qilinadi.
Shuningdek, Ohangaron tumanida ham zamonaviy texnologiyalar asosida chorvachilik komplekslarini tashkil etish hamda aholi iste’moli uchun sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

– Hozir tumanda 245 ta chorvachilikka ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlar bor. Jami 303 ming 911 bosh chorva mollari mavjud bo‘lib, shundan yirik shoxli mollar 70 ming 764 bosh, mayda shoxli mollar 233 ming 147 boshni tashkil etadi, – deydi Ohangaron tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Alimardon Jumaboyev. – Chorvachilik sohasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida chorvachilikka ixtisoslashgan fermerlar so‘nggi 5 yil ichida 245 taga ko‘paydi. Veterinariya mutaxassislari muntazam ravishda ular bilan hamkorlikda ish olib boradi. Mavsumiy kasalliklarning oldi olinadi.
Dasturga muvofiq press-tur ishtirokchilari “Ohangaron Rustam Agro” MCHJga qarashli chorvachilik xo‘jaligida ham bo‘ldi. Ayni damda ushbu jamiyatda 374 bosh qoramol boqilmoqda. Bu yerda yiliga 87 tonna go‘sht va kuniga 2,1 tonna sut mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 472 gektarni tashkil etib, shundan 54 gektari sug‘oriladigan, 63 gektari lalmi va 355 gektari yaylov hisoblanadi.

Shu bilan birga, bu yerda ozuqabop ekinlar yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 15 gektar beda, 16 gektar makkajo‘xori silos uchun, 23 gektar makkajo‘xori don uchun ekilgan. Bundan tashqari, parrandachilik hamda mevalarni quritish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Rossiya hamda qo‘shni davlatlarga quritilgan mevalar eksporti yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda bu yerda jami 88 nafar ishchi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Joriy yil Toshkent viloyatida chorvachilik yo‘nalishlarida jami 71 ta loyiha amalga oshiriladi. Ularning qiymati 430 milliard so‘m mablag‘ evaziga chetdan 21,3 ming bosh naslli chorva mollari olib kelinadi.
A.Musayev, O‘zA