Davlatimiz rahbarining 2023 yil 24 avgustdagi “Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatining Furqat tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan yirik chorvachilik xo‘jaligi tomonidan 13 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi va klaster faoliyati tashkil etildi.
Shu yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda 130,6 mlrd so‘mlik 54 ta loyiha amalga oshirilib, chetdan 6,1 ming bosh qoramol, 8,6 ming bosh qo‘y va echki olib kelindi.
Shuningdek, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha salkam 1 mlrd so‘mlik loyihalar amalga oshirildi.
Viloyatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 9 ta tovar xo‘jaliklari naslchilik xo‘jaligi toifasiga o‘tkazilib, ularning soni 190 taga yetkazildi.
Naslchilik ishlarini samarali tashkil etish maqsadida sohaga ish bilan band bo‘lmagan 250 nafar texnik-osemenator jalb etilib, aholi
va fermerlar qaramog‘idagi 105 ming bosh sigir va tanalar sun’iy urug‘lantirildi.
Viloyatdagi 3 ta yirik chorvachilik xo‘jaligida biogaz va biogomus ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Bahor mavsumida chorva ozuqasini mustahkamlash maqsadida 12,9 ming gektar ozuqa maydonining 5,7 ming gektariga yangi beda, 10,8 ming gektariga silos uchun makkajo‘xori, 2,5 ming gektariga oq jo‘xori,
500 gektariga hashaki lavlagi, 1,6 ming gektariga don uchun makkajo‘xori,
10 ming gektariga chorva uchun g‘alla, 8,3 ming gektariga kuzgi oraliq ozuqa ekinlari ekildi.
To‘rtta chorvachilik sub’ekti tomonidan gidroponika asosida ozuqa ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, ularning umumiy soni 36 taga yetkazildi.
Aholi xonadonlaridagi qariyb ming bosh qoramolga Koreya tajribasi asosida aralashma ozuqa bilan oziqlantirish mexanizmi joriy etildi.
Natijada aholining daromadi sezilarli darajada ko‘payishiga erishildi.
Yil yakuniga qadar Farg‘onada chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 656 mlrd so‘mlik 138 ta loyiha to‘liq ishga tushurilishi ko‘zda tutilgan.
Chorvachilik sub’ektlarining eksport salohiyatini oshirish maqsadida shu yilning oxirigacha 2,3 mlrd so‘mlik 2 ta sut va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash majmualari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlarda to‘rtta yirik chorvachilik klasterlari tashkil etiladi.
Yuqoridagi tadbirlar amalga oshirilishi tufayli 2024 yilda 192,7 ming tonna go‘sht va 1 mln 168 ming tonna sut ishlab chiqariladi.
Natijada aholi jon boshiga go‘sht 43,5 kg. ga va sut 324 kg.ga yetkaziladi.