Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining Markaziy Osiyo va Kavkaz departamenti rahbari Kenji Ogasaxara o‘ratsida bo‘lib o‘tgan muzokara chog‘ida ma’lum qilindi.
Muloqot davomida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokidagi “O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish” loyihasini ishlab chiqish muhokama qilindi.
Qiymati 200 million dollarga teng loyiha doirasida dehqon xo‘jaliklari va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, chorvachilik tarmog‘ida ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari, shuningdek chorva ozuqasini ishlab chiqaruvchi sub’ektlarni imtiyozli kredit tizimi bilan moliyalash masalasi qamrab olinadi.
Bundan tashqari, tomonlar loyihada oilaviy kooperatsiyalarni tashkil etish orqali aholi xonadonlarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini yig‘ish tizimini yo‘lga qo‘yishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olishdi.
Veterinariya va chorvachilik sohasi mutaxassislarining Yaponiyada malaka oshirishini tizimli davom ettirish hamda yapon ekspertlarini yurtimizga jalb etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari, tashxis markazlari hamda laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilashni ko‘zda tutuvchi “Texnik ko‘mak” loyihasini amalga oshirishga kelishildi.
Muzokara yakunida “O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish uchun harakatlar rejasi qabul qilindi.
O‘zA