Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorvachilik tarmog‘idagi islohotlarning yangi davri
10:05 / 2022-02-14

Prezidentimizning “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 2022 yil 08 fevraldagi qarori chorvachilik sohasida boshlangan islohotlarning uzviy davomi sifatida mamlakatimizda chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Davlatimiz rahbarining sohani shaxsan bevosita qo‘llab-quvvatlashlari evaziga chorvachilikning barcha tarmoqlarida ijobiy samara va natijalar kuzatilmoqda. Ayni paytda respublikamizda aholining chorvachilik mahsulotlari, xususan, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, shuningdek, sut va sut mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyoji kun sayin oshib bormoqda hamda uning ta’minoti masalasini hal etish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Ta’kidlash joizki, prezidentimizning 2021 yil 3 martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida chorvachilik sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlariga keng imkoniyatlar yaratib berildi.

Xususan, chorvachilik xo‘jaliklarida yetishtirilib, go‘sht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2 000 so‘m, sutning har bir litri uchun 200 so‘m hamda tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m, shuningdek, parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m va intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlari (losos, forel va osyotr)ning har bir kilogrammi uchun 3000 so‘m, qolgan turdagi baliqlar uchun 1000 so‘m miqdorida subsidiyalar ajratilishi joriy qilindi.

Natijada chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklar sonining ortishi hamda chorvachilik komplekslari tomonidan 282,9 ming tonna tirik vaznda go‘sht va 696,3 ming tonna sut mahsulotlari ishlab chiqarilishiga erishildi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 8 fevralda imzolagan “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham sohada avval boshlangan islohotlarning uzviy davomi hamda ayni paytida qabul qilingan, sohada qizg‘in kutilgan va tarixiy ahamiyatga molik voqea bo‘ldi.

Buni, ayniqsa, chorvachilik sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining kayfitida, ularning qarorni ko‘tarinki ruh bilan kutib olganliklarida his etish mushkul emas.

Chunki, respublikamiz chorvachiligida islohotlarning yangi davri boshlanmoqda. Bu chorvadorlarga yangi g‘ayrat, yangicha kuch-quvvat baxshida etadi. Endilikda chorvachilikda intensiv o‘sishga hamda yuqori mahsuldorlikka erishiladi.

Xo‘sh, chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, chorva ozuqa bazasini yanada ko‘paytirish, shuningdek, aholining o‘z xonadonlarida chorva mollarini boqishini tashkil etish va chorva ozuqa bazasiga bo‘lgan talabini qondirish borasida qanday qulayliklar, imtiyozlar, moliyaviy ko‘mak va imkoniyatlar yaratilmoqda?!

Eng avvalo, quyidagilar haqida to‘xtalib o‘tish joiz. Paxta va g‘alla yetishtiruvchi sub’ektlar tomonidan 206 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonida almashlab ekish hamda beda va chorva ozuqa ekinlari ekiladi.

Bu orqali yiliga qo‘shimcha 2 mln tonna ozuqa birligini jamg‘arish imkoniyati yaratiladi. Paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik va sholichilik klasterlari tomonidan 500-1000 boshga mo‘ljallangan chorvachilik komplekslari tashkil etilishi belgilandi.

Buning natijasida 751 916 bosh shundan, sut yo‘nalishida 250 115 bosh, go‘sht yo‘nalishida 501 801 bosh qoramol parvarishi yo‘lga qo‘yilib, 2 212 ming tonna sut va 401 ming tonna go‘sht ishlab chiqarishga erishiladi.

Shuningdek, 2022-2023 yillarda har bir tumanda kamida 1 tadan go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash va sotish ishlari tashkil etiladi.

Bunda, o‘zlashtiriladigan va bo‘sh turgan yer maydonlari hisobidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berish va yetishtirilgan chorva mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etgan go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarga, aholiga chorva ozuqasini yetkazib berish sharti bilan, chorva bosh soniga mutanosib ravishda ozuqa yerlarining ochiq elektron tanlov asosida ijaraga berilishi ta’minlanadi.

Qarorga muvofiq shunday tartib o‘rnatildiki, unga ko‘ra kooperatsiya usulida go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga chorvachilik bo‘yicha, shu jumladan, chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladi.

Deylik, fermer xo‘jaliklari tomonidan 22 foizli kredit olinganda shuning 8 foiz qismi konpensatsiya hisobiga qoplanishi evaziga 14 foizga aylanadi. Ikkinchidan, kredit mablag‘larini olishda yetishmaydigan garov ta’minotining 50 foiziga kafillik taqdim etiladi.

Chorvachilik yo‘nalishida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi.

Tijorat banklariga chorvachilik sohasidagi loyihalar uchun mazkur qaror qabul qilingunga qadar ajratilgan kreditlarning qaytarish muddatini tadbirkorlarning arizalariga ko‘ra o‘n yilgacha uzaytirish tavsiya etilmoqda.

Fermer xo‘jaliklari tomonidan olib kelingan qoramollardan olingan buzoqlar daromadga kirishiga va bu orqali xo‘jaliklar ham daromad qiladi, ham kreditlarini o‘z muddatida to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan boshlab 2023 yil 31 dekabrga qadar qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan chorvachilik xo‘jaliklariga kooperatsiya usulida yetishtirilib, go‘sht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun subsidiyaning miqdori 2 000 so‘mdan 4 000 so‘mga hamda sutning har bir litri uchun 200 so‘mdan 400 so‘mga oshiriladi.

Bir kilogramm go‘sht va bir litr sut mahsulotlarini ishlab chiqarishda sarflanadigan xarajatning ma’lum qismini qoplaydi. Buning natijasida fermer xo‘jaliklarining qo‘shimcha daromadi oshib, faoliyatini yanada kengaytirish, ozuqa bazasini mustahkamlash, texnika xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

Chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan kredit va lizing shartlari asosida xarid qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalari kredit va lizing foizi xarajatlarining 10 foiz punktidan ortiq qismi respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Fermer xo‘jali tomonidan xarid qilingan texnika uchun kredit yoki lizing yillik 22 foizdan olinsa, 12 foizi respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi va bu foiz ko‘rsatgichi fermer xo‘jaligi uchun 10 foizni tashkil etadi.

Ozuqa ekin yer maydonlarida yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan chorvachilik xo‘jaliklariga uning har bir gektari uchun 8 million so‘m miqdorida respublika byudjeti hisobidan subsidiya ajratiladi.

Bunda, bir gektar yer maydoniga yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatish 2 500 AQSH dollarida bo‘lsa, 8 mln. so‘m subsidiya hisobiga o‘rnatish narxi 1 700 AQSH dollariga to‘g‘ri keladi.

Ushbu texnologiyalarni joriy etish natijasida ozuqa ekin yerlaridan olinadigan birgina makajo‘xorining hosildorligi gektariga 35 sentnerdan 60 sentnerga yetkaziladi.

Gidroponika usulida chorva mollariga ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda, mazkur uskuna qiymatining 100 million so‘mdan oshmagan qismi qoplanadi.

Gidroponika usulida oziqlantirganda mayda shoxli mollarning tirik vazni 18-20 foiz qo‘shimcha vaznga hamda sut mahsuldorligi 15-20 foizga oshadi. Bu orqali ekin yerlari kamligi, suv taqchilligi sharoitida gidroponika usulida chorva ozuqasi yetishtirish sohaga va chorva moli boquvchilarga katta manfaat keltiradi.

Xorijdan olib kelinadigan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ozuqa ekinlarini ekish, yig‘ish va ozuqa tayyorlash qishloq xo‘jaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025 yil 1 martga qadar bojxona to‘lovlaridan va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat berilmoqda.

Bu imtiyoz fermer xo‘jaliklari tomonidan ko‘plab zamonaviy texnika olib kirishi va ozuqa ekinlarini vaqtida yig‘ib olinishi natijasida xo‘jalikning samaradorligi oshishiga zamin yaratiladi.

Bahrom Norqobilov,

O‘zbekiston Respublikasi

Veterinariya va chorvachilikni

rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi,

Veterinariya fanlari nomzodi.