Yil yakunlanmoqda, nimalarga ulgurdik, qaysi ishlarimiz yangi yilga qoldi, barchasini sarhisob qilyapmiz. E’tirof etish kerak, o‘tayotgan yil O‘zbekiston uchun g‘oyat barakali bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab oqilona olib borayotgan siyosati tufayli barcha jabhalarda katta o‘zgarishlar yuz berdi.

Yirik investitsiya loyihalari, xalqaro hamkorlik borasidagi intilishlar, yuz yilliklarga tatigulik rejalar ro‘yobga chiqarilmoqda. Qurilish-bunyodkorlik sohasidagi yangiliklarga nazar tashlang kishini hayratga soladi, sayyohlik, qishloq xo‘jaligi tizimlaridagi zalvorli raqamlar millionlab odamlar ro‘zg‘origa baraka olib kirgani ham bor gap. Yurtimiz ertangi kuni, taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq masala – tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni kamaytirish borasidagi tashabbuslar ham bo‘y ko‘rsatmoqda.
Qonunchilik palatasi deputati sifatida joylarda bo‘lganda aholi bilan muloqotlar chog‘ida yaqqol sezdimki, kattayu kichik odamlar, kam ta’minlangan, himoyaga muhtoj kishilar jamiyatdagi o‘zgarishlarga befarq emas. Ilohim yurtimiz tinch, yurtboshimiz omon bo‘lsinlar, degan e’tirofni takror va takror aytishmoqda. Hech shubha yo‘qki, islohotlar ko‘lami bundan keyin ham yanada shiddat bilan davom etadi. Bu hayot davr talabi, elning istagi. Shu o‘rinda surxondaryolik nogiron ayol – Dilorom Yo‘ldoshevaning davlat rahbari ehtiromiga sazovor bo‘lganini yodga olaylik. U Prezidentning maqtovi bilan e’tirof etildi, “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi. Nega? Chunki u nogironman, deya qo‘l qovushtirib yo kimningdir ko‘magiga mahtal bo‘lib o‘tirmadi, tikuvchilik ortidan pul topdi, korxona tashkil etdi va o‘zi kabi yana 40 nafardan ziyod qishloq ayollarini ish bilan ta’minladi.
O‘tayotgan yildagi eng ibratli voqea – millionlarni o‘ziga jalb etgan holat shu bo‘ldi. Internet bu ayolning matonatidan portladi go‘yo. Dilorom Yo‘ldosheva yuragida o‘ti borligi bois dunyoning eng ruhlantiruvchi 100 nafar ayoli nom qozondi, internetda bayroq bo‘ldi. Mana o‘zbek ayolining shiddati, uning bukilmas idorasi. Deputat sifatida bir ayol, ona sifatida men ham hayratga tushdim. Ilohim yurtimizning mana shunday tanti va mehnatkash insonlari ko‘paysin.
Prezidentimizning qishloq xo‘jalik xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida shunday so‘zlar bor: “Fidokorona mehnati bilan tuproqdan noz-ne’mat undirib, xalqimiz dasturxonini to‘kin qilib kelayotgan sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir bog‘bon va chorvadorlarga, omilkor agronom va mexanizatorlar, klasterlarning tajribali rahbarlari va xodimlari, sohaning hurmatli faxriylariga o‘zimning chuqur hurmat- ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.”
Davlat rahbari o‘tayotgan yilda agrar sohada 9 million tonna don, 3 million tonna paxta, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan ortiq sut va go‘sht mashulotlari ishlab chiqarilganini ta’kidladi. Yana bir quvonchli yangilik shundaki, ilm bilan ishlab chiqarish integratsiyasi yuqori pog‘onaga ko‘tarildi, organik mashulotlari yetishtirishga jiddiy e’tibor qaratildi, shuningdek turli ne’matlarni xorijga eksport qilish ko‘lami va jug‘rofiyasi ham sezilarli darajada oshdi.
Bugun serquyosh yurtimiz tuprog‘ida yetishtirilgan turfa xil mevalar, ta’mi tilni yoradigan qovun-tarvuzlar dunyo bozorlarida xaridorgir bo‘layotgani e’tiborlidir. Bu o‘z-o‘zidan davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir. Qishloq xo‘jaligi tizimini global iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, ularning salbiy ta’mirini yumshatish maqsadida ilk bor milliy dastur qabul qilindi. Bu hujjat ijrosini ta’minlash va mahsulot yetishtiruvchilarni qo‘llab- quvvatlash maqsadida xorijiy moliyaviy tashkilotlarning 160 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘i jalb etilmoqda.
Keyingi bir yil ichida joylarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni saqlash va sotish infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi 343 ta yangi loyihalar ro‘yobga chiqarildi. Shuningdek dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 75 ming gektardan ortiq yer maydonlari 180 ming nafardan ziyod ijtimoiy muhtoj aholi hamda yoshlarga bo‘lib berilgan va shu tariqa 200 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Tomorqachilikda daromadni oshirish maqsadida 5145 ta mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyiliga ko‘ra ixtisoslashtirildi.
Eng muhim yo‘nalishlardan biri – chorva naslini yaxshilash va mahsulot hajmini ko‘paytirish maqsadida aholiga 40 bosh qoramol, 83 ming bosh qo‘y va echkilar berildi. Bundan tashqari yil davomida chet eldan 260 ming boshdan ortiq zotdor hayvonlar olib kelindi. Ilgari jaydari mol boqqan, zotdor qo‘y-echki ko‘paytirishni orzu qilgan kishilar uchun naslchilik borasidagi yangiliklar qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbuslari bilan Turkiya, Mongoliya va Rossiya davlatlaridan katta miqdorda zotdor echkilar olib kelinmoqda va bu ham chorvachilik sohasidagi yutuqlarni yanada ko‘paytiradi. Eng muhimi shu orqali odamlar qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ladi, farovonlik ta’minlanadi.
Aslida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, ishlab chiqarishni samarali tashkil etish oson ish emas. Buni o‘z faoliyatimda ko‘rganman. Chunki odamlar katta ishonch bildirib qonunchilik palatasiga deputat qilib saylashguncha Shahrixon tumanida fermer edim, chorvachilik bilan shug‘ullanganman. Undan avval tikuvchi edim, shu yo‘nalishidagi o‘quv markazi rahbari sifatida qishloq yoshlarini kasbga yo‘naltirganman. Har ikki holatda ham ming turli to‘siqlarga duch kelganmiz. O‘sha paytlarda “o‘zing uchun o‘l yetim” qabilida ishlaganmiz. Bugun esa vaziyat butkul o‘zgargan, davlat rahbarining o‘zi tadbirkorlar uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda.
Tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikni takomillashtirib borish, biznesga keng yo‘l ochish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ham sir emas. Kelgusi yil agrar sohada mahsulot salmog‘i va sifatini yanada oshirish, ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda yerdan bir yilda ikki-uch karra hosil ko‘tarish, shu tariqa daladan yanada ko‘proq daromad olish rejalashtirilmoqda. Ana shu maqsadda Prezidentimiz tashabbuslari bilan Qishloq xo‘jalik akademiyasi tashkil etiladi va bu ham hech shubha yo‘qki, taraqqiyotimizga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. Ayni chog‘da esa yurtimizdagi barcha fidoyi kishilarni, o‘z taqdirini agrar soha bilan bog‘lagan ustozlar, mutaxassislar, chorvador va cho‘ponlarni yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Yurtimiz osmoni doimo musaffo bo‘lsin, yangi yil elimizga qut-baraka, faqat va faqat yutuqlar keltirsin.
Odinaxon Otaxonova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi