Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorvachilik –qishloq xo‘jaligining asosiy tarmog‘i
21:49 / 2023-10-24

Mamlakatimizda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, unda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sishi ta’minlanishiga erishilayotir.

Buni birgina Qamashi tumanida faoliyat yuritayotgan “Murodov Rahmatulla Mavlonovich” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Majmua asosan sut yetishtirishga mo‘ljallangan. Germaniyadan keltirilgan simmental zotiga mansub qoramollar soni 200 boshdan oshgan.

Sog‘ish zali Germaniyada ishlab chiqarilgan eng so‘nggi uskunalar bilan jihozlangan. Bir vaqtning o‘zida 12 bosh sigirni sog‘ish quvvatiga ega. Har bir sigirdan kuniga 25-30 litrgacha, jami 2,5-3 tonnagacha sut olinmoqda. Sut qayta ishlash korxonalariga shartnoma asosida yetkazib berilmoqda. Kelgusida majmuada yetishtirilayotgan sutni qayta ishlab qatiq, brinza, qaymoq va boshqa sut mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Majmuada parvarishlanayotgan qoramollar to‘liq ozuqa ratsioni asosida oziqlantiriladi. Ayni paytda majmua tasarrufida jami 380 gektar yer mavjud bo‘lib, shundan 80 gektari suvli, 10 gektari yaylov, 290 gektari lalmi maydonni tashkil etadi. Ajratilgan 80 gektar suvli yer maydonida beda, makkajo‘xori va boshqa ozuqa ekinlari ekilgan.  

Bundan tashqari, chorvani sifatli va to‘la qiymatli ozuqa bilan ta’minlash maqsadida gidroponika usuli ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kuniga bir tonnagacha ko‘k ozuqa yetishtirilmoqda.

 

Mohigul Qosimova,

O‘zA