English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorvachilik: mehnat qilgan, izlangan hech qachon kam boʻlmaydi
21:59 / 2022-04-27

Chorva mahsuldorligini taʼminlash uchun zarur boʻladigan yemlar qimmat, jonivorlarni boqish qiyinlashib ketyapti, goʻshtning narxini oshirish kerak, degan gap- soʻzlarni ijtimoiy tarmoqlarda baʼzan boʻlsada uchratyapmiz.

Bu gapda nechogʻlik asos bor? Ochigʻi, bundan yigirma yillar avval chorvachilik bilan endigina shugʻullana boshlaganimda men ham omixta yemning qimmatligini turli joylarda aytganman. Oʻsha paytlar hozirgidek hukumat tomonidan chorvadorlarga subsidiya berish, ularning faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash degan gaplar yoʻq edi. Qolaversa biz, fermerlik qilayotgan hudud Oʻzbekistonning aholi juda tigʻiz yashaydigan, har qarich yeri hisobli, egali boʻlgan Shahrixon tumanida joylashgan edi. Ozuqa yetishtirish uchun yer bering deya murojaat qilsangiz tegishli idoralar yer degani rezinka boʻlsa yekan choʻzsang, bir tomonda gʻalla, bir tomonda paxta bor, oʻylab gapiryapsizmi derdi. Ana shunday murakkab sharoitda ham orqaga chekinganimiz yoʻq. Dastlab molimiz 30 bosh edi, soʻng yillar oʻtib chorva bosh sonini ikki ming boshga yetkazdik. Barchasi naslli, mahsuldor. Shu yillar orasida hamqishloqlarni, xoʻjalikda ishlayotgan odamlarni tejamkorlikka, ozuqa yerlaridan samarali foydalanishga, tomorqadan yiliga uch-toʻrt karra hosil olishga oʻrgandik. Axir bunday dala dunyoning hech joyida yoʻq.

Yem qimmat, negaki uni ishlab chiqargan foyda koʻraman, deb sotib olgan doʻkonchiyu oʻrtakash ham bekorga shu mahsulotning savdosi bilan shugʻullanmaydi. Hammaning xayolida bir soʻmni oʻn karra koʻpaytirsam degan xayol. Bu hayot qonuni. Ayniqsa, savdogar boʻlsa, chorvadorning dardiyu bozorda goʻsht va sut qimmatlab ketishi, bundan millionlab odamlar katta zarar koʻrishi bilan uning necha pullik ishi bor?.. Demak yemni arzonu sifatli qiladigan boshqa yoʻlni izlash kerak. Hamma gap ana shunda. Qolaversa, goʻshtu sut beradigan jonivor temir emas, biror joyga qoʻysang, hech narsa soʻramaydigan. Chorva degani har kuni har soat ozuqayu suv talab etadi, uni kasallikdan asrash, boqish ham bir olam qunt, hafsala talab etadigan ish. Ochigʻi bozordagi narx-navo, talab va taklif bizni oʻylashga, mulohaza yuritishga undadi, har qarich yerdan samarali foydalanishga, bahoru yozni qoʻying, qishda ham yerni boʻsh qoʻymaslik yoʻlini izladik. Proteinga boy donli ekinlar urugʻini takroriy va oraliq ekin sifatida foydalanishga oʻtdik. Natija tezda koʻzga tashlandi.

Ayni chogʻda ham deputat sifatida xalq bilan muloqot qilganda, tashabbuskor odamlar bilan suhbatlashganda tejamkorlik haqida soʻrayman. Qanday qilib yemni, ozuqani arzonlashtirish, tannarxni kamaytirish mumkinligi haqida fikr yuritaman. Koʻpchilik fermerlar davlat tomonidan berilayotgan subsidiyalarning ahamiyati katta boʻlayotganini, goʻsht va sut narxini arzonlashtirishga imkon yaratayotganini aytishadi. Men bu subsidiyalar miqdori haqida gapirib oʻtirmay. Bu aniq raqamlar. Mabodo zarur boʻlsa, internetni yoqing, subsidiya deb yozing, bir talay raqamlar chiqadi. Qoyil, deysiz beixtiyor. Aslida chorvaga yaqin turgan yo oʻzi ferma tashkil etib qoramolu qoʻy-qoʻzi boqishga kirishgan kishi qimmatlikdan soʻz ochmaydi, yaratganga shukr deydi. Chunki soʻzimning avvalida aytganimdek deputat boʻlgunimcha oʻzim ham chorvador fermer edim. Mol boqishning mashaqqatiyu tashvishlarini yaxshi bilaman. Aslida chorva baraka, undan olinadigan har bir soʻm ona sutidek halol, mehnat tufayli, baʼzan tunni kunga, kunni tunga ulaysiz, halovatdan kechasiz. Davlat tomonidan berilayotgan har qanday koʻmak, ayniqsa, subsidiyalar chorvador uchun shu qadar yoqimli boʻladiki, buni taʼriflashga til ojiz. Ayni chogʻda ham ikki ming boshdan ortiq zotdor qoramollar boqilayotgan va ayni chogʻda opam boshqarib kelayotgan naslchilik xoʻjaligidan uzoq emasman, fermadagi har bir holat, yutuq va muammolar koʻz oʻngimda turadi. Chunki oʻzim chorvador sifatida 30 bosh mol bilan ish boshlagandim, mashaqqatli mehnat tufayli katta ferma bunyod etildi, chorva koʻpaydi. Ferma xuddi farzandimdek yuragimga yaqin. Ishlab chiqarilayotgan sut va goʻsht mahsulotlari turli idoralarga, kam taʼminlangan oilalardan tortib bolalar bogʻchalariga qadar yetib borayotganidan esa chin dildan quvonaman, buning savobi ham beqiyos.

Bozorni arzon qilishga, moʻl- koʻllikka erishishga internetga chiqib olib turlicha boʻlar boʻlmas gaplarni aytayotgan, chorva boqmay turib sohaning muammolaridan soʻzlayotgan kishilarning oʻzi xalaqit bermoqda. Shu jumladan, hovlisida qoramolu qoʻy-qoʻzi, parrandayu quyon boqishga imkonu boru, lekin bu ishni qilmayotgan barchayu barcha. Ular goʻshtni ham sutni ham, yerdan chiqadigan boshqa mahsulotlarni ham bozordan sotib oladi, boshqa qayerdan olsin. Bozorni toʻldirish esa davlat zimmasida, deb oʻylaydi. Shu tariqa oddiy talabga koʻra narx birmuncha oshmoqda. Aslida shuning uchun ham omixta yemning qimmatligi bilinmasin, bozorda goʻsht va sut mahsulotlari odamlarni choʻntagi koʻtara olmay qoladigan darajada qimmatlab ketmasin degan maqsadda subsidiyalarni joriy etdi. Buni aslo nazardan qochirmaslik kerak. Yemni arzon tayyorlash, gidroponika usulida ishlashga oʻtish, yem ishlab chiqarishni har bir xoʻjalikning oʻzida tashkil etish, ozuqa yerlaridan yanada samarali, ilmiy asoslarda foydalanish, bularning bari oʻzimizga bogʻliq. Xalqda qoʻldan berganga qush toʻymaydi degan gap bor. Bu yuz-ikki yuz bosh molni ahyon-ahyonda imtiyoz bilan oladigan yem bilan boqib boʻlmaydi degani.

Esga oling, bundan 12-13 yil ilgari har bir mahallada omixta yem shoxobchalari tashkil etilgan, oʻsha joylarda arzonlashtirilgan omixta yemlar xonadonbay qilib roʻyxat bilan sotilgan edi. Shu saʼy- harakatlar, yemni arzonlashtirish sharofatini rosa maqtadik, zoʻr boʻldi, endi qishloqlar chorvaga toʻlib oshadi dedik, ammo unday boʻlmadi tomorqalar qoʻy-qoʻziyu sigir-buzoqqa, tovuq-xoʻrozga toʻlib toshmadi, chorva koʻpayib ketmadi, qishloqda uch-toʻrt kishi ishli, yana kimdir osmondan tushgan daromadga ega boʻldi xolos. Ayni chogʻda esa davlat subsidiyalar joriy etish orqali odamlarni, tadbirkoru chorvadorlarni koʻproq va sifatli chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ragʻbatlantirmoqda. Ana shu holatni teran anglamoq kerak. Aslida esa bugun chorvadorlik boylik belgisi, faxrli kasb egasiga aylanib ulgurdi. Chorvadoru fermerlik qilish uchun yoʻl ochiq,aqlni ishlating, boy boʻling degan gapni davlat rahbarining oʻzi bot-bot taʼkidlamoqda, chetdan qoramol keltirish, qoʻy va echki, parrandachilik yoʻnalishida naslchilikni yoʻlga qoʻyish ragʻbatlantirilmoqda. Va yana davlat chorva hayvonlarida uchraydigan eng xavfli kasalliklar: kuydirgi, brutselyoz, nodulyar dermatit, chechak singari ofatlarga qarshi emlamalarni xorijdan valyutaga keltirib chorvadorga tekin beryapti.

Veterinariya xizmati chorvadorning tunu-kun xizmatida. Bunday beminnat xizmatu imtiyozlar dunyoning biror mamlakatida bormi? Yoʻq. Eʼtibor bering, hatto, chorvachilik rivoj topgan Yevropa mamlakatlarida ham (jonivorlarda) biror kasallikka qarshi emlash degan gap yoʻq, kasallik paydo boʻldimi, bas, oʻsha xavfli hududdagi barcha hayvonlar kuydirib yoʻq qilinadi, bizda esa davlat chorvador manfaatini koʻzlagan holda emlash tizimini uzluksiz tashkil etmoqda. Buning qadriga yetish kerak.

Bugun sigir va gʻunajinlarni sunʼiy urugʻlantirish, shu orqali sogʻlom, zotdor buzoqlar podasini yaratish, naslchilikni uzluksiz yaxshilab borish oʻz samarasini bermoqda. Olimlarning bu boradagi ishlanishlari, joʻyali tavsiyalariga tayangan chorvador borki kutilgan natijaga erishmoqda. Chorvachilik sohasining issiq-sovugʻini biladigan inson sifatida taʼkidlashim lozimki, oʻzgarishlar katta. Birgina sunʼiy urugʻlantirishning xosiyatini aytib oʻtay: bir bosh zotdor hoʻkizning urugʻini olish, uni sifatli qadoqlab, chuqur muzlatilgan holda qoʻllash bir emas, minglab jonivorlarni urugʻlantirish imkonini yaratadi. Shu tariqa bir bosh hoʻkizdan butun boshli poda yaratiladi. Shu tizim orqali aholi ixtiyoridagi chorvani ham koʻpaytirishga erishmoqda. Shu saʼy-harakatlar tufayli aholi xonadonlarida burungidek 8-10 kilolik injiq buzoqlar emas, balki 35-40 kilogramm keladigan sogʻlom, zotdor buzoqlar tugʻilmoqda. Bu jonivorlar jaydari molga nisbatan tez oʻsadi, ulgʻaygach, urgʻochi boʻlsayu sigirga aylansa, kuniga oziqlantirishga qarab 40-50 litrgacha sut beradi. Bu qishloq aholisi uchun katta boylik demakdir.

Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, kooperatsiya asosida aholiga chorva hayvonlarini berish, shu asosda odamlarni daromadli ish bilan taʼminlashga jiddiy kirishilmoqda. Respublikamiz boʻyicha turli sabablarga koʻra, ishlab chiqarishdan chiqib ketgan 300 ming gektardan ortiq yerlarning qishloq xoʻjaligi ekinzori sifatida oʻzlashtirilayotgani, joylarda tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarining joriy etilayotgani xayrli ishlardir. Bularning barchasi eng avvalo aholining kam daromadli qismini qoʻllab-quvvatlashga, chorvachilik tizimida ozuqa moʻl- koʻpchiligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Yana bir eʼtiborli jihat shundaki, bu yil davlat rahbarining topshiriqlariga koʻra har bir tumanda kamida 600 gektar yerda soya yetishtirishga kirishildi. Bu yuqori sifatli oʻsimlik yogʻi tayyorlash bilan birga chorva ozuqasini koʻpaytirish, eng muhimi arzonlashtirishga xizmat qiladi. Sohada gidroponika asosida ozuqani arzonlashtirish, ilmiy tavsiyalarga tayangan holda innovatsion tamoyillarni qoʻllashga jiddiy kirishilmoqda. Maqsad chorva mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish, qayta ishlash tizimini takomillashtirish orqali xuddi rivojlangan davlatlardagi kabi qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratishdan iborat. Bu oʻz –oʻzidan chorvachilik mahsulotlari moʻl- koʻlligi, arzonligini taʼmin etadi. Sizu biz esa ana shu xayrli ishlarda tomoshabin emas, bir jonkuyar, elparvar inson sifatida faol ishtirokchi, demakki yaratuvchi boʻlishimiz, juda boʻlmaganda oilamizni toʻyimli oziq-ovqat bilan taʼminlashga kirishmogʻimiz zarur. Qolaversa, bu oila iqtisodini yanada mustahkamlash, farzandlarimizni mehnatkash boʻlib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Odina Otaxonova,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati,

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi