English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorvachilik: amaliy ishlar samaradorligi ortmoqda
09:42 / 2022-12-29

Buxoro viloyatida ham yangi yil bayrami munosabati bilan bozorlarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etilgan. Olot tumani viloyatning eng chekka hududi hisoblanadi. Viloyat markazidan 70-80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Mana shu olis tuman dehqonlari, chorvador va tadbirkorlari ham bozorlarga sifatli mahsulot chiqarib dasturxonlar to‘kinligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.

– Olot tumani “Qirlishon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi fermer, chorvadorlar Buxoro shahrining bozorlariga o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni peshma-pesh yetkazib bermoqda, – deydi mahalla raisi Rustam Choriyev. – Yarmarkada Olot zaminida yetishtirilgan meva va sabzavot mahsulotlari shaharliklar dasturxoniga tortiq qilinmoqda. Shu bilan birga chorvadorlarimiz mol, qo‘y tovuq go‘shtini va baliq mahsulotlarini ham arzon narxlarda sotmoqda.    

Aholining topayotgan daromadi avvalo uning osoyishta yashashi, oilasi farovonligiga xizmat qiladi. Ko‘ngillar shod joyda esa xotirjamlik, ertangi kunga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlanadi.  

Biz bejizga mulohazalarimizni bozorlar to‘kinligi bilan boshlamadik. Boisi, kundalik turmushda go‘sht, sut, baliq, parranda mahsulotlarining o‘rni katta. Bugun qaysi savdo majmuasida bo‘lmang mamlakatimizda oziq – ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, chorva mollari bosh soni va mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar nechog‘li samara berayotganiga guvoh bo‘lasiz. Bu o‘z navbatida narxlar barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Buxoro viloyatida jami 1048 ta chorvachilik xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, shundan qoramolchilik yo‘nalishida 416 ta, qo‘y va echkichilikda 207 ta, yilqichilikda 3 ta, tuyachilikda 2 ta, parrandachilikda 92 ta, baliqchilikda 349 ta, asalarichilikda 47 ta va quyonchilikda 9 ta xo‘jalik samarali faoliyat yuritmoqda. Ular yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalanib mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda.  

– Joriy yilda viloyatimizda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha yuqori natijalarga erishildi,  – deydi Buxoro viloyati “Chorvanasl” markazi rahbari Nosir Rahmatov. – Jumladan, aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari go‘sht bo‘yicha 300 ming tonnaga, sut va sut mahsulotlari 1 million 100 ming tonnaga, baliq mahsulotlari 45 ming tonnaga bajarildi. Albatta, mamlakatimizda chorvachilik borasida olib borilayotgan siyosat, davlat rahbari tomonidan qabul qilinayotgan chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar doirasida chorva mollari naslini yaxshilash bo‘yicha juda katta ishlarni amalga oshirayapmiz. Yutuqlarimiz ham salmoqli. Viloyatdagi mavjud 1 million 300 ming qoramollarni 980 ming boshi yoki 75 foizi naslli molga aylantirildi. Quychilik va parrandachilik tarmoqlarida ham katta yutuqlarga erishildi. 2022 yilda qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishning chorvachilik ulushi 48 foizga yoki 14 yarim trillion so‘mga, 2021 yilga nisbatan 2 yarim trillion so‘mga ortiq ko‘rsatkichlarga erishildi.  

Prezidentimizning 2022 yil 8 fevraldagi “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori chorvachilik sohasida yangi davrni boshlab berdi. Mazkur qaror bilan chorvachilik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan chorvachilik bo‘yicha, shu jumladan, chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar, soliq yengilliklari va ajratilgan subsidiyalar tarmoq rivojiga keng yo‘l ochdi.  

– Yangi 2023 yilda ham chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar qabul qilindi, – deydi Buxoro viloyati “Chorvanasl” markazi rahbari Nosir Rahmatov. – Dasturlar doirasida chetdan 25 ming bosh naslli qoramollar olib kelinadi. 70 ming bosh mahalliy zotli qoramollarni zotini yaxshilashga erishish bo‘yicha rejalarni tuzganmiz. Go‘sht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini 130 foizga oshirish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Albatta, bugungi kunda viloyatda ishlab chiqarilayotgan 1 million 100 ming tonna sutni 450 ming tonnasini qayta ishlashni amalga oshirdik. Bu ko‘rsatkichni yangi 2023 yilda dastur bo‘yicha 50 foizga ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. Xuddi shuningdek, go‘sht mahsulotlarini yana 45 foizga qayta ishlashni rejalashtirganmiz.  

Paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik klasterlari asosiy ekin yer maydonlarining 10 foiziga almashlab ekish tizimi joriy etildi. Bu nafaqat chorvachilik xo‘jaliklari balki aholi bilan bog‘liq bo‘lgan holda xar bir tumanda kamida bittadan go‘sht va sut kooperatsiyalarini tashkil etish imkonini berdi. Buni Kogon tumani misolida izohlaydigan bo‘lsak, natijalar salmoqli bo‘lganini ko‘rish mumkin.  

–Tumanimizda 2022 yilda chet eldan yangi loyihalar asosida 200 dan ziyod naslli qoramollar olib kelindi, – deydi Kogon tumani “Chorvanasl” markazi rahbari Abdulla Rajabov. – Bu kelgusida tumandagi qoramollarning zotini yaxshilashga xizmat qiladi. Zotli qoramollarni ko‘paytirib aholi va boshqa xo‘jaliklarga sotishni rejalashtirganmiz. Maqsad zotli qoramollarni ko‘paytirib, aholini sifatli mahsulotlarga bo‘lgan talabini oshirishdan iborat. 2022 yilda 15 ta qoramolchilik. 8 ta parrandachilik va 2 ta baliqchilik loyihalari amalga oshirildi. Bu tumanda parranda tuxumi, go‘shti, qoramol go‘shti sut va sut mahsulotlari hajmini oshirishga xizmat qildi.    

Buxoro viloyatida 2022 yilda qoramollar bosh sonini 1 million 350 ming boshga, go‘sht ishlab chiqarishni 315 ming tonnaga, sut 1,2 million  tonnaga, tuxum 625 million dona, parranda go‘shti 51,5 ming tonnaga va baliq yetishtirishni 45 ming tonnaga yetkazilishi bu bor imkoniyatlardan qisman foydalanishning mahsuli. Yangi 2023 yilda esa bundanda katta rejalar ishlab chiqilmoqda.  

– 2023 yilda viloyatda ham chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha muhim dasturlar asosida aholimiz qaramog‘idagi qoramollarni to‘liq naslli zotga aylantirish yoki 200 ming boshli sigirlardan naslli buzoq olishni rejalashtirganmiz, – deydi Buxoro viloyati “Chorvanasl” markazi rahbari Nosir Rahmatov. –Parrandachilik tarmoqlarida joriy yilda ishlab chiqarilgan 27 ming tonna parranda go‘shtini 50 ming tonnaga, baliqchilik tarmog‘i bo‘yicha 55 ming tonnaga qo‘shimcha baliq ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlarni boshladik. Viloyatdagi mavjud 1 ming 48 ta chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarida xorijiy texnologiyalar asosida oziqlantirish, parvarishlash hamda naslni yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi.  

[gallery-10113]

Asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash, aholiga toza va xavfsiz, arzon narxlarda go‘sht va sut mahsulotlarini yetkazib berishda ham ilg‘or tajribalar o‘zlashtirildi. Maxsus tahlillar natijasida nafaqat mahalliy, balki xorij bozorlari talablariga mos muhsulot hajmini oshirish imkoni yaratildi.  

– Bizning ushbu laboratoriyamiz viloyatda hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash borasida tahlillarni olib boradi, – deydi viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi direktori o‘rinbosari Olim Sharopov. –Laboratoriya asosan hayvonlarning kasalligiga tashxis qo‘yish, ularni oldini olish, oldindan prognozlash ishlarini olib boradi. Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha keladigan mahsulotlarni tahlil etadi. Mahsulotlarning sifati kafolatlangan tarzda yetkazib berilishini ta’minlaydi.    

Hozirda viloyatda chorvachilikda ozuqa bazasini mustaxkamlash masalalari ham to‘la-to‘kis o‘z yechimini topdi. Eng asosiy jihatlardan yana biri tarmoq rivoji bilan yangi investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Ishchi o‘rinlari soni ortdi, hududlar iqtisodiy salohiyati yuksalishi uchun mustahkam zamin hozirlandi.  

 

Zarif Komilov,  

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA