Bu yilgi qurg‘oqchilik qishloq xo‘jaligining barcha sohalari, jumladan chorvachilik tarmoqlariga ham jiddiy ta’sir etayotgani hech kimga sir emas.
Bu esa, nafaqat mutasaddi rahbarlar, balki usta chorvadorlar, olim va mutaxassislar zimmasiga katta mas’uliyat yukladi. Joylarda chorvachilik xo‘jaliklari uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, kam suv talab etiladigan ozuqabop hashak turlarini ko‘paytirish, ozuqa jamg‘arish ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirishni talab etadi.
Bu yil chorvachilik sub’ektlariga ozuqabop ekinlar ekish uchun 339,7 ming gektar ajratilgan asosiy yer maydonlardan 37 ming gektariga yangi beda (100 ming gektar eski beda mavjud edi), 158,5ming gektariga makkajo‘xori silos uchun, 31,8 ming gektariga oq jo‘xori, 13,8ming gektariga hashaki lavlagi ekinlari ekildi.
Shuningdek, bugungi kun holatiga ko‘ra, g‘alladan bo‘shagan 176,4 ming gektar yer maydonlariga takroriy ozuqabop ekinlar ekildi. Oldingi davrlarda chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlash uchun ajratiladigan yer maydonlariga paxta-g‘alla ekilgan.
Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4254-son qaroriga asosan chorvachilik sub’ektlariga ajratilgan yer maydonlarida faqatgina ozuqabop ekinlar ekilishi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yaylovlar va foydalanishdan chiqqan zaxiradagi yerlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga 2 ming 166 gektar ozuqa-yem ishlab chiqarish hajmini oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Chorva qishlovini betalofat o‘tkazish maqsadida barcha toifa xo‘jaliklari tomonidan 18,4 mln. tonna (2017 yilda 9 mln tonna) dag‘al xashak jamg‘arildi. Ilgari ozuqa yetishtirishda intensiv texnologiyalarni qo‘llab, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarni joriy qilgan, lalmi va yaylov yerlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlik sub’ektlariga davlat tomonidan imtiyozlar yaratilmagan.
bugungi kunda “Lalmi va yaylov yer uchastkalarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish maqsadida 68 ta tumanda sug‘orish tik qudug‘ini burg‘ulash istagini bildirgan ozuqabop ekinlar yetishtiruvchi 314 nafar tashabbuskor tomonidan 2 ming 40 ta tik quduq qazish va buning natijasida 38 ming gektar yer uchastkalarini o‘zlashtirish ishlari boshlangan. Bu texnologiyani o‘rnatgan har bir chorvachilik sub’ektiga endilikda subsidiya ajratilishi belgilab berilgan. Vaholanki, 2016-2017 yillarda bu imtiyoz mavjud bo‘lmagan.
Chorva ozuqa bazasi uchun omuxta yem ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha hozirgi kunda amalda 29 ta loyiha ishga tushirilishi belgilangan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 19 gektar maydonga qurilish ishlari va 1503 gektar maydonga donli ozuqa ekish uchun yer maydoni ajratildi. Yil yakuniga qadar 100 ming tonna quvvatdagi 29 ta korxona ishga tushiriladi.
Xalqaro tajribaga tayangan holda, ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida makkajo‘xorining yuqori hosildor urug‘lari Fransiya, Turkiya, Serbiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy va boshqa xorijiy davlatlardan keltirilib, fermerlarga yetkazib berilmoqda. Makkajo‘xorining chet davlatlardan olib kelingan “AK-2580”, “AK-2550”, “PIONEER”, “PL-700”, “PL-630”, “PL-618”, “PL 538”, “HUNTER”, “RANGER”va “TORRO” duragaylarining 1 gektar maydonidan 70 tonnagacha hosil olinmoqda. Vaholanki, 2016-2019 yillarda 1 gektardan 35-40 tonnani tashkil etgan.
bugungi kunda, Turkiyaning “AKDENIZ TOHUM” va “POLEN” urug‘chilik shirkatlari, Fransiyaning “MAISADOR” kompaniyasining "AGROHOUSE" MCHJlari bilan makkajo‘xorining gibrid urug‘liklarini O‘zbekistonda yetishtirishni joriy etish bo‘yicha ishlar tashkil etildi.
Oraliq ekin sifatida tritikalening “Kumushsimon prag” navi, sulining “O‘zbekiston keng bargli” navi, bedaning Germaniya davlatidan olib kelingan “GEA” gibrid urug‘liklari va mamlakatimizda yetishtirilgan “Oq qashqarbeda” navini ekish joriy etildi.
Shirali ozuqa sifatida hashaki lavlagining yuqori hosilli “O‘zbekiston nim qand”, “Ekkendorf sariq” va “O‘zbekiston 83” kabi navlari ekilmoqda.
Shuningdek, samarali va kam xarajatli ozuqa yetishtirish bo‘yicha joriy yilning o‘zida 265 ta chorvachilik sub’ektida gidroponika texnologiyasi tashkil etildi. 2026 yilda 6 500 ta xo‘jalikda gidroponika usulida ko‘k massa yetishtirish tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Baxtiyor ATAMURODOV,
“O‘zbekchorvanasl” agentligi
bosh direktori.