Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorva ozuqasi to‘yimli va ekologik toza
10:08 / 2023-09-24

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Megacluster” MCHJ tomonidan chorva mollari uchun yangicha usulda granula ko‘rinishidagi omixta yem ishlab chiqarilmoqda. Uning tarkibi dag‘al xashak, beda, yantoq, kunjara, uch xil turdagi don mahsulotlari, chigit shroti va boshqa qo‘shimchalardan iborat.

Korxonada donni namlatib, gidroponika usulida ko‘k ozuqa yetishtirish uchun alohida bino ajratilgan. Gidroponika asosida chorva mollari uchun ko‘k massa ishlab chiqarishning afzallik jihatlari ko‘p. Avvalo bunda ko‘p miqdordagi mehnat va moddiy resurslar tejaladi. Ilgari chorva ozuqasi yetishtirish bilan band bo‘lgan maydonlarga boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini ekish imkoniyati yuzaga keladi. Qolaversa, gidroponika usulidagi texnologiya ichki bozorda chorva ozuqasining tannarxini arzonlashtiradi.  

Intensiv gidroponika usulida ozuqa mahsulotlari yetishtirishda 1 kilogramm bug‘doydan 7 kilogramm “yashil ozuqa” yetishtirib berilmoqda. Bunda maxsus jihozlagan xonalarda bug‘doy o‘stiriladi. 7 kun davomida tomirdan suv bergan holda parvarishlanadi hamda tayyor mahsulot belgilangan ma’yorlar asosida chorva mollariga beriladi. Bu samarali usul respublikada birinchilar qatorida Qorovulbozor tumanidagi “Buxoro Agroklaster Chorva” MCHJ da muvaffaqiyatli tajribadan o‘tgan. Qiymati 672 million so‘mga teng bo‘lgan ushbu loyiha “Agrikom” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan texnologiya bilan jihozlangan.  

Mazkur loyihaning afzallik tomoni shundaki, chorva mollarining omixta yemga bo‘lgan talabini to‘liq qoplaydi hamda xarajatlarni 3 barobarga kamayishiga xizmat qiladi.  

– Korxonada tashkil qilingan bu sex ishlab chiqarish quvvatiga kelsak, bu yerda bir kecha-kunduzda 3 tonna atrofida yuqori kaloriyali granula ishlab chiqarilmoqda, – deydi MCHJ direktori X. Rasulov. – To‘yimli va ekologik toza bunday chorva ozuqasi qoramol uchun ham xushxo‘r, ham tez semirtirish, mahsuldorligini oshirish xususiyatiga ega. Molboqarlar ta’biri bilan aytganda, ozuqa nishxo‘rdga chiqmaydi, qoramol organizmida tez hazm bo‘ladi.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri