Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorva ozuqasi gidroponika usulida yetishtirilmoqda
12:00 / 2021-09-28

Navoiy viloyati Tomdi tumani aholisi asosan, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. bugungi kunda tumanda 241 ta chorvachilikka ixtisoslashgan sub’ekt mavjud bo‘lib, ularda 351 bosh qoramol, 152 ming 160 bosh qo‘y, 1 ming 746 bosh yilqi, 500 boshdan ortiq tuya parvarish qilinmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi tuman bo‘limi tomonidan chorvachilik sub’ektlarida mavjud mol bosh sonlari, ularga ajratilgan yer maydonlari va ulardan samarali foydalanish, naslli mollarning saqlanishi, parvarishlanishi hamda takror ko‘paytirilishi doimiy nazorat qilib borilmoqda.  

Chorvani to‘yimli ozuqa bilan ta’minlash sohadagi asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, cho‘l sharoitida naslli qoramollarni parvarishlash, ularga yetarli yemish zaxirasini yaratishning birmuncha murakkabliklari bor.  

Qoramolchilikka ixtisoslashgan “Tomdi Yangi G‘azg‘on” naslchilik xo‘jaligida bu masalaga ijobiy yechim topilgan. Xo‘jalikda bugungi kunda 86 bosh nasldor sigir, 521 bosh qo‘y, 45 bosh yilqi, 25 bosh tuya, 35 ming bosh broller tovuqlari parvarishlanmoqda.

Fermer Yaqub Jo‘raqulov rahbarligidagi mazkur naslchilik xo‘jaligida chorva mollari uchun ozuqani gidroponika usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun bug‘doy o‘stiradigan alohida uskunalar keltirilib, maxsus xonada bir martada 5 tonna bug‘doyni o‘stirib olish imkoniyati yaratilgan. O‘stirishga qo‘yilgan 1 kg bug‘doy qisqa muddatda 6-7 kg ozuqaga ko‘paytirilib, har bir bosh molga ratsion asosida silos va somonga aralashtirilib, oziqlantirilmoqda.  

Jarayon har 7-8 kunda takror amalga oshiriladi. Natijada o‘stiriladigan 5 tonna bug‘doy 30-35 tonnaga ko‘payadi.  

Manbalarda qayd etilishicha, 1 metr kvadrat yerda gidroponika usulida undirilgan dondan 25-28 kilogrammgacha ko‘k massa olish mumkin. Buning uchun atigi 7-8 kun kifoya qiladi. Xuddi shu o‘lchamdagi yerda bir yilda 52 marta hosil yetishtirsa bo‘ladi. Bu 1300-1456 kilogrammgacha ko‘k massa olish mumkin, deganidir. Bu don va takroriy ekindan olinadigan dag‘al xashak va silosga nisbatan 282-316 martaga ko‘p deganidir.

– Gidroponika texnologiyasini qo‘llash chorva ozuqasining tannarxini arzonlashtirishga ham sabab bo‘ladi, – deydi “Tomdi Yangi G‘azg‘on” naslchilik xo‘jaligi rahbari Ya.Jo‘raqulov. – Gidroponika usulida ozuqa yetishtirish ham to‘yimli, ham arzon. Shu bilan birga bunday shirali yemish sog‘in sigirlarimizning mahsuldorligini oshirmoqda. Natijada kunda o‘rtacha 1500-1550 litrgacha sut olyapmiz. Sut va sut mahsulotlari aholiga yetkazib berilyapti.  

“O‘zagroinspeksiya”ning Tomdi tuman bo‘limi katta inspektori A’zam Saidovning ta’kidlashicha, naslchilik xo‘jaligida chorvaning parvarishlanishi, ozuqa zaxirasi va boshqalar bo‘yicha doimiy tarzda o‘rganishlar olib boriladi. Zarur o‘rinlarda inspektorlar tomonidan fermerga tavsiya va maslahatlar berib kelinmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan joriy yilning yanvar-avgust oyi davomida chorvachilik yo‘nalishida jami 51 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 20 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. 2 ta taqdimnoma, 14 ta yozma ko‘rsatma, 49 ta ogohlantirish berilgan. To‘plangan 4 ta material hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun sud va prokuratura organlariga yuborilgan.  

 

Zulfiya Boboyeva,  

“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari.  

O‘zA