Qaror va ijro
Yurtimizda chorvachilikni yanada rivojlantirish, jumladan, sohada nasldorlik va mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, seleksiya-naslchilik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, naslli mayda va yirik shoxli mollarni to‘g‘ri parvarishlash, ularning nasl sofligini saqlab qolish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida qoramollar bosh soni 513,2 ming, qo‘y va echkilar 2 million 495 ming boshni, yilqilar 22 ming 185 ta, parrandalar esa 3 million 738 mingtani tashkil etadi.
– Viloyatda 1401 ta chorvachilik subekti mavjud bo‘lib, shundan 125 ta qoramolchilik, 959 ta qo‘ychilik, 40 ta yilqichilik, 21 ta tuyachilik, 57 ta parrandachilik, 183 ta baliqchilik, 10 ta asalarichilik, 6 ta quyonchilik xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda, – deydi Veterinariya va chorvachilik boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Polat Duysenov. – Viloyatda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 275,3 milliard so‘mlik bo‘lgan 96 ta loyiha tasdiqlangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 68 ta loyiha ishga tushirilgan Shundan, qoramolchilik yo‘nalishida 19,3 milliard so‘mlik 10 ta, qo‘ychilik yo‘nalishida 17,1 milliard so‘mlik 28 ta, parrandachilik yo‘nalishida 18,7 milliard so‘mlik 7 ta, baliqchilikda 7,8 milliard so‘mlik 4 ta, yilqichilikda 8,6 milliard so‘mlik 11 ta, tuyachilik yo‘nalishida 7,2 milliard so‘mlik 8 ta loyiha ishga tushirilib, buning natijasida 189 ta ish o‘rni yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 fevraldagi “2023-2024 yillarda Navoiy viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida 2023-2024 yillarda viloyatga 200 ming bosh qo‘y va echkilarni olib kelib tarqatish belgilangan.
– Belgilab berilgan topshiriq ijrosini samarali ta’minlash maqsadida viloyatdagi bir qator loyiha tashabbuskorlari tomonidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya davlatlaridan chorva mollarini sotib olish bo‘yicha yetkazib beruvchi xo‘jaliklar bilan shartnomalar imzolanib, chorva mollarini import qilishga ruxsatnomalar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan, – deydi Polat Duysenov. – Bugungi kunga qadar 9 ming 925 bosh mayda shoxli mollar olib kelindi. Chetdan olib kelingan mayda shoxli mollarga hududiy veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan veterinariya xizmati ko‘rsatib kelinmoqda.
Yetti xazinaning biri sanalgan chorvachilik Konimex tumanida eng rivojlangan tarmoqlardan biridir. Tumanda barcha toifadagi xo‘jaliklarda 23 ming 312 bosh yirik shoxli, 555 ming 129 bosh mayda shoxli mol, 5 ming 138 bosh ot hamda 163 ming 279 bosh parranda mavjud.
Tumanda chorvachilikni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Shu kunga qadar fermer xo‘jaliklari va MCHJlar tomonidan xorijdan 2400 bosh naslli qo‘y va 682 bosh yirik shoxli mollar olib kelindi. Jumladan, “Murod Agro chorva” fermer xo‘jaligi tomonidan 1130 bosh, “Saidmurod Ata” fermer xo‘jaligi tomonidan 550 bosh, “Sarjal Saribel klaster” MCHJ tomonidan esa 205 bosh naslli qo‘ylar keltirilib, parvarishi yo‘lga qo‘yildi.
“Sarjal Saribel klaster” MCHJ 2020 yil 2 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan tashkil etilgan.
– Klasterga ijaraga berilgan yaylov yer maydoni 373,7 ming gektarni tashkil etadi, – deydi MCHJ rahbari Ulug‘bek Xalilov. – Bugungi kunda klasterga jami 89 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt, jumladan, 3 ta qorako‘lchilik naslchilik mas’uliyati cheklangan jamiyati biriktirilgan bo‘lib, ular bilan ikkilamchi ijaraga berish shartnomalari imzolangan. Klasterga biriktirilgan naslchilik MCHJ va fermer xo‘jaliklarida 65,9 ming bosh mayda shoxli mollar boqilmoqda.
Bugungi kunda klaster yaylovlarida chorva mollarini tartibli almashlab boqish tashkil etilgan. Shuningdek, Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklari urug‘chiligi ilmiy ishlab chiqarish markazi tomonidan 1000 gektar maydonda cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklari ekildi.
[gallery-13900]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 fevraldagi “Qorako‘lchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2021 yil 8 iyuldagi hamda “Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida klaster bo‘yicha 11 ta quduq yangidan qazildi.
– Yil davomida tuman bo‘yicha 554,5 tonna jun yetishtiriladi, – deydi “Obod Konimex Chashmalari” MCHJ direktori Nafiddin Hayitov. – O‘tgan yili umumiy qiymati 13,5 milliard so‘m bo‘lgan (shundan o‘z mablag‘imiz 10 milliard so‘m, bank krediti 3,5 milliard so‘m) junni qayta ishlash loyihasini amalga oshirdik. Hozirgi kunda korxonamiz 300 tonna junni qayta ishlab mahsulotlarimiz ichki bozordan tashqari qo‘shni Qirg‘iziston hamda Qozog‘iston davlatlarga eksport qilinmoqda.
Teri mahsulotlari tumandagi “Qorako‘l-Uchtepa-sur” MCHJda charm holatiga keltirilib, asosan vodiyga sotilar edi. Yaqinda mazkur jamiyat qiymati 500 million so‘mlik terini qayta ishlash orqali maxsi va boshqa turdagi oyoq kiyimlar tikishni yo‘lga qo‘ydi. Natijada yiliga 1500 dona teriga qayta ishlov berish orqali yetti ming dona maxsi ishlab chiqariladi va shundan ikki ming donasi qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga eksport qilinadi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari