Majburiy ijro byurosi organlari nafaqat davlat tashkilotlari va muassasalar foydasiga, fuqarolar manfaati uchun ham ijro harakatlari olib boradi va qarzdorliklarni undiradi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, Marhamat tumanida 7 gektar yer maydoniga ega chorvachilik fermasi “snos”ga tushgan. Yer egasining ma’lum qilishicha, u 350 ta chorva mollarini boqib kelgan va sut mahsulotlari ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullangan.
2013-2015 yillarda uning 5 gektar yer maydoni davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan hamda bu uchun kompensatsiya pullari to‘lab berilmagan. Shu sababli, yer egasi sudga murojaat etgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan da’vogar B.A. foydasiga javobgar Andijon tuman hokimligidan 690 mln. so‘m miqdorida kompensatsiya undirish belgilangan.
Sud hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosi Andijon shahar bo‘limi tomonidan tegishli tartibda ijro harakatlari olib borildi. Natijada, tuman hokimligidan fuqaro B.A. foydasiga 690 mln. so‘m miqdorida kompensatsiya pullari undirib berildi.
O‘zA