Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chorva aholini boy qiladi (+video)
17:57 / 2026-03-04

Joriy yil Toshkent viloyatida chorvachilikni jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu orqali aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili hudud bo‘yicha 70 dan ortiq chorvachilik loyihalari amalga oshirildi. Buning uchun 600 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar sarflandi. Shu davrda 320 ming tonnadan oshiq go‘sht, 1 million 100 ming tonnaga yaqin sut, 1 milliard 700 million donadan oshiq tuxum yetishtirildi.  

Mazkur sa’y-harakatlarni joriy yilda ham belgilangan tartibda davom ettirish choralari ko‘rilyapti. Buning uchun qariyb 2 trillion so‘mga yaqin mablag‘lar hisobiga naslli qoramol, qo‘y-echki xo‘jaliklarini ko‘paytirish, parrandachilik kabi yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. Buning natijasida tadbirkorlarga turli soliqlardan imtiyozlar beriladi.  

Xususan, O‘rta Chirchiq tumanida ham bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu hududning asosiy drayveri sanoat tarmoqlari, dehqonchilik va bog‘dorchilik, kichik biznes bo‘lishiga qaramay chorvachilik xo‘jaliklari ham ancha ommalashgan. O‘rta Chirchiq tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mutaxassisi O‘tkir Aliqulovning aytishicha, tumanda chorva va parrandalarning bosh soni ro‘yxatga olingan. Yetishtirilgan tuxum, go‘sht va sut mahsulotlari muntazam ravishda Toshkent viloyati bilan birga poytaxt savdo markazlariga ham yetkaziladi.  

Jumladan, mahalliy tadbirkor Yuliya Sergeyeva rahbarligidagi naslli qoramolchilik va sutchilik yo‘nalishidagi "Kim Pen Xva chorva" fermer xo‘jaligi ham qoramolchilikka ixtisoslashgan. Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 147 gektar bo‘lib, 9 gektarida qoramollarni boqish uchun ferma mavjud. 2025-yilda Rossiya Federatsiyasidan naslli 51 bosh qoramol olib kelingan edi. Hozir bu yerda 800 bosh naslli “Golshteyn” zotli qoramol boqilmoqda. Shuningdek, fermada 35 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan. Sutni sog‘ib olish texnik usulda bo‘lib, Toshkent shahridagi ko‘plab qayta ishlash korxonalariga sut yetkazib beriladi. Tadbirkor kelgusida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni kengaytirishni maqsad qilgan.  

Bundan tashqari, 2025-yilda mazkur tumanning Mash’al mahallasida  "New chicken food" korxonasining  faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda boshlangan bu loyihaning umumiy qiymati 3,5 million dollarni tashkil qiladi. Unga ko‘ra, oyiga 3-3,5 million dona "ROSS 308" broyler jo‘jalari tuxumdan ochiriladi.

– Buning uchun amalda xitoy texnologiyasi joriy etilgan. 30 nafar ish o‘rni yaratilgan, – deydi "New chicken food" korxonasi rahbari Dilshodbek Sultonov. – Tuxumlar 17-22 kungacha ochirib chiqariladi. 1,5-3 kunlik jo‘jalar Toshkent viloyatidan tashqari Farg‘ona, Namangan, Andijon, Sirdaryo va Samarqand viloyatlariga ham yetkazib berilmoqda. Ayni paytda loyihaning 60 foizi amalga oshirildi. Kelgusida faoliyatimizni to‘liq yo‘lga qo‘yib, parrandachilik bo‘yicha yetishtirayotgan mahsulotlarimizni xorijga eksport qilishni maqsad qilganmiz.

Oxirgi yillar mazkur hududdagi mahallalarda aynan chorvachilik yo‘nalishlari bo‘yicha aholi bandligini ta’minlashga  alohida e’tibor qaratilyapti. Ishsiz fuqarolar o‘z tomorqasida qoramol, qo‘y boqib ko‘paytirishni yo‘lga qo‘ygan. Bu jarayonda hokim yordamchilari ularning talab va takliflari asosida imtiyozli kredit olishi va oilaviy tadbirkorligini boshlashga ko‘maklashmoqda. Masalan Abdukarim Yo‘lbarisov mahallasida yashovchi Zohir Bo‘ronboyev nafaqada bo‘lishiga qaramay "Har bir oila – tadbirkor" dasturi doirasida mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyasi bilan imtiyozli kredit asosida 15 bosh qo‘y oldi.

Bugungi kunga kelib uning qo‘ylari bosh soni 70 dan oshdi. Shuningdek, u o‘tgan davr mobaynida chorvachilik daromadidan 2 ta avtomashina sotib olib, farzandi uchun uy ham qurdi. Ishning ko‘zini bilgan chorvador qo‘ylarni qanday parvarishlash va oziqlantirishni juda yaxshi biladi. Kelgusida qoramol ham boqishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Buning uchun davlatimiz tomonidan aholiga berilayotgan imkoniyatlardan juda mamnun.  

Umuman olganda, joylarda bu kabi namunali misollar juda ko‘p. Ularning chorvachilik tarmoqlarida erishayotgan natijalari, davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyoz va qulayliklardan unumli foydalanib jamiyatga o‘z hissasini qo‘shgani quvonarlidir.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Afwiw_3SM6M" title="Chorva aholini boy qiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Musayev, O‘zA