Namangan viloyati Chortoq tumanilik ota bir nafar farzandining 18 yoshga qadar bo‘lgan davr uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment puli o‘rniga ikki xonali xonadon sovg‘a qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Chortoq tumani bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga muvofiq, qarzdor ota G‘. B. dan undiruvchi fuqaro S. A. foydasiga bir nafar bola uchun aliment undirish belgilangan.
MIB viloyat boshqarmasiga xabariga ko‘ra, davlat ijrochisi tomonidan qarzdor bilan o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri davomida “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga asosan voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlarni oldindan to‘lash imkoniyati borligi tushuntirib o‘tildi.
Olib borilgan ijro harakatlari, shuningdek tushuntirish ishlari samara berdi. Tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan ota o‘z farzandining 18 yoshga to‘lgunga qadar belgilangan 60 million so‘m aliment to‘lovi uchun ikki xonali, salkam 54 kv.m. maydonga ega bo‘lgan uy-joyni turmush o‘rtog‘iga notarial tartibda rasmiylashtirib berdi.
Buning natijasida ijro hujjati “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasidan kelib chiqqan holda amalda tamomlandi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bundan avval ham MIB Uychi tumani bo‘limi davlat ijrochisi olib borgan tushuntirishlar natijasida fuqaro X. S o‘z farzandi uchun bir yo‘la farzandi voyaga yetgunga qadar bo‘lgan davr hisobidan 5,5 sotix yer maydoni va qurilgan to‘rt xona uyni olib bergan edi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA