Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chortoq va Mingbuloq paxtakorlari shartnomaviy rejani bajardi
21:10 / 2022-10-17

Namangan viloyatining Chortoq hamda Mingbuloq tumanlari paxtakorlari birinchilardan bo‘lib, shartnomaviy rejani yuz foizdan ziyod bajarib, zafar marrasiga erishdi.

Chortoqlik bobodehqonlarning erta bahordan qilgan harakat va tinimsiz mehnatlari samarasida ko‘zlagan niyatlari amalga oshdi. Mavsum davomida terim pulini o‘z vaqtida uzluksiz yetkazib berish chorasi ko‘rildi, ilg‘or terimchilar muntazam rag‘batlantirib borildi.

Gektaridan o‘rtacha 33,7 sentnerdan hosil olgan tumandagi “Yusufjon Abdumutal A’zam”, “Olimjon Abdug‘ani Abduvali”, “Buvaboy Robaxon fayzi”, “Haydarali Komiljon Zahroxon”, “Murodulla usta paxtakor”, “Muchum yakka chinori” kabi fermer xo‘jaliklari yetakchilik qilib, yuksak xirmonga barakali hissa qo‘shdi. Joriy mavsumda Chortoq tumanidagi 49 ta fermer xo‘jaligi paxta hosilini yetishtirish bo‘yicha “Namangan to‘qimachi klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan imzolagan shartnomasi o‘z samarasini berdi.

Mingbuloqliklarning yuzlari yorug‘ bo‘lib, kuch-g‘ayrat va shijoat ko‘rsatib, mirishkorlik va mehnatsevarligini namoyon qildi. Bu yilgi mavsumda tumandagi 312 ta fermer xo‘jaligi 44 ming 940 tonna paxta hosilini yetishtirish bo‘yicha “Art Soft Holding” klasteri bilan shartnoma imzoladi. “Cho‘lquvarlar” rejani 100,57 foizga ado etib, hozirgacha 45 ming 196 tonnalik xirmon ko‘tardi.

[gallery-9165]

Tumandagi “Saidali hoji”, “Baxtiyor Abdusalomovich”, “Mingbuloq porlog‘i”, “Mashrabboy Saydaliyev”, “Baynalmilal tongi”, “Abbosbek ilg‘or”, “Yatraz”, “Aminjon Hasanov” singari fermer xo‘jaliklari har gektaridan 46-47 sentnerdan hosil ko‘tarib, g‘alabaga salmoqli ulush qo‘shdi. Bunday azamat fermerlar tumanda talaygina.

– Hududlardagi yerlar zaxlanishi yuqoriligi dehqon, fermerlar uchun paxta hosilini yetishtirish, parvarishlash va yig‘ib olishda birmuncha qiyinchiliklar tug‘diradi, – deydi Mingbuloq tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Mo‘ydinov. – Yutuqlarimiz zamirida esa agrar tarmoqni tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilayotgani, dehqonlarimizning fidokorona mehnati va ko‘p yillik tajribasi, paxta yig‘im-terimining uyushqoqlik bilan o‘tkazilayotgani muhim omil bo‘lmoqda.

Viloyatda joriy yilgi “oq oltin” xirmonini yog‘in-sochin kunlarga qoldirmay yig‘ib-terib olish ishlari jadal davom etmoqda. Bunda nafaqat fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari ishchi-xizmatchilari, balki, ixtiyoriy ravishda qo‘shimcha daromad topish maqsadidagi ish bilan band bo‘lmagan aholi ham faol qatnashmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA