Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chortoq tumanida “Salomatlik yo‘lagi” barpo etilmoqda
15:06 / 2021-11-25

Namangan viloyati Chortoq tumani markazidagi Do‘stlik mahallasi hududida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Quruvchi va yo‘lsozlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi.

Ayni paytda bu yerda Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Salomatlik yo‘lakchasi” barpo etilmoqda.

Yo‘lakchaning umumiy uzunligi 1 ming 800 metrni tashkil etadi, veloyo‘lakcha esa 2 ming 950 metr. Qurilish obodonlashtirish ishlari “Barokot himmat fayz” xususiy korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Rejada har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ular o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lishi, zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorug‘lik qaytaruvchi, yo‘laklarning boshlanishi, oralig‘i va yakunini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari bilan to‘liq ta’minlanadi. Piyodalar va velosipedchilarga alohida harakatlanish imkoniyatlari yaratilishi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “to‘siqsiz muhit” tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Chortoq tumanida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida ko‘chaning ikki tomonida piyodalar va velosipedchilar uchun alohida-alohida yo‘laklar bo‘ladi. Ularning yuzasiga chiroyli yo‘ltoshchalar qoplanadi. Odamlar hordiq chiqarishi uchun shinam va qulay o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Zamonaviy tungi yoritish chiroqlari atrofni kechasi ham kunday ravshan qilib turadi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA