Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad, eng avvalo, aholining ertaga emas, bugunidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashdan iborat.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan ayni kunlarda Respublika ishchi guruhi tashabbusi bilan Namangan viloyatining Chortoq tumanida ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar, ichki yo‘llarga shag‘al yotqizish, ta’mirlash va tekislash, tabiiy gaz qurilmalarini soz holatga keltirish, suyultirilgan gaz yetkazib berish ishlari olib borilmoqda.
Bunda kommunal sohalardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali tomonidan tabiiy gaz qurilmalarini soz holatga keltirish, suyultirilgan gaz yetkazib berish ishlari bajarilmoqda.
Xususan, tumandagi Nurafshon, Baynalmilal, Iftixor, Laskidon, Zafar Diyor mahallalarida tabiiy gaz tarmoqlari tartibga keltirilib, bo‘yash ishlari bajarilyapti. Ora-Ariq, Saroy, Qorabog‘, Sohibkor, Uzun mahallalaridagi iste’molchilarga esa 24,2 tonna miqdoridagi suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Shuningdek, "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohimjon Mamajonov tomonidan Chortoq tumanida olib borilayotgan ishlar joyiga chiqqan holda o‘rganilib, iste’molchilar bilan tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona foydalanish hamda iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berishni yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida tushunchalar berildi.
Qolaversa, tumandagi “Baynalmilal” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 400 metr gaz tarmog‘i ta’mirlanib, estetik jihatdan tartibga keltirildi, 42 xonadonda texnik profilaktika ishlari amalga oshirildi.
– Keyingi yillarda yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, hatto mahallalarning ichki ko‘chalarida ham olib borilayotgan amaliy ishlardan behad minnatdormiz, – deydi mehnat faxriysi Ismoiljon Hayitov. – Masalan, bizning mahallada yo‘llarimiz soz, elektr, tabiiy gaz ta’minoti yaxshi. Respublika ishchi guruhi o‘rganishlarida ulardan gaz tarmog‘ini ta’mirlab berishni so‘ragan edik. Mana, bir kun o‘tmasdan, amaliy ishlarga kirishildi. Odamlarimizning xursandligini aytmaysizmi. Barchaning kayfiyati tog‘dek ko‘tarildi. Bu islohotlarning boshida Yurtboshimiz turganligini dildan his etib turibmiz.
Ta’kidlash joizki, shu kunning o‘zida Chortoqda tabiiy gaz yetib bormagan 1 ming 320 xonadonga maxsus ballonlar orqali 26,4 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. 400 metr gaz tarmog‘ida bo‘yoqlash ishlari bajarildi. 2,3 kilometr uzunlikdagi gaz tarmog‘i estetik jihatdan tartibga keltirildi. 172 xonadonning tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishda xavfsizligi ta’minlanib, texnik ko‘rik va profilaktika ishlari amalga oshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri