Namangan viloyatida Xalq deputatlari Chortoq tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Chortoq tumani hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev 2021 yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2022 yilga belgilangan rejalar to‘g‘risida murojaat qildi.
Ta’kidlanganidek, tumanda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustaxkamlash” yili Davlat dasturi ijrosi, pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarini uzluksiz ishlashini ta’minlash, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan korxonalarni qaytadan tiklash, byudjetga tushumlar miqdorini ko‘paytirish va bu orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan.
Prezidentimizning Namangan viloyatga tashrifi chog‘ida Chortoq tumanida 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 654 milliard so‘mlik jami 138 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilangan edi. Joriy yilning 11 oyi davomida umumiy qiymati 514,7 milliard so‘mga teng bo‘lgan 125 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 2 ming 283 ta ish o‘rni yaratildi. Joriy yil o‘tgan yilga nisbatan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 106,2 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 104,3 foiz, pudrat ishlari 109,6 foiz, chakana savdo aylanmasi 106,7 foiz va xizmat hajmi 121,8 foizni tashkil etdi.
Tumanda kichik biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub’ektlarini ikki barobarga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar natijasida joriy yilning o‘zida 418 ta yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etildi. Ularning soni 2 ming 105 taga yetdi. 4 ming 519 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’ektiga 130,5 milliard so‘m kredit ajratildi. Birgina, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 2 ming 284 kishiga 54,4 milliard so‘m miqdorida kredit berilgan. Natijada 2 ming 284 kishi ishli bo‘lgan.
[gallery-5110]
Murojaatda ta’kidlanishicha, tuman aholisini ijtimoiy himoya qilish, xususan kam ta’minlangan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha muayyan choralar ko‘rilgan. Maxsus daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan manzilli ish olib borilmoqda. Xususan, bugungi kunga qadar “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga jami 501 million so‘mlik turli shakldagi moddiy yordam ajratilgan. Tumanda yoshlar bilan ishlash, ularning bandligini ta’minlash, kasbga o‘qitish va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish yo‘nalishlarida tegishli dasturlar ishlab chiqilgan. O‘tgan davrda olib borilgan o‘rganishlar tufayli 3 ming 662 nafar o‘g‘il-qiz “Yoshlar daftari” ga kiritilib, ularni qo‘llab-quvvatlash natijasida ulardan 3 ming 650 nafari ro‘yxatdan chiqarilgan. Yoshlar tadbirkorligi uchun 8 milliard 257 million so‘m kredit yo‘naltirilgan. Buning hisobiga 361 yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. 1802 nafar ishsiz yoshga esa hosil bo‘shagan 267,4 gektar yer maydonlari ajratib berilgan. 116 o‘g‘il-qiz “Yoshlar 1+1” loyihasi asosida tadbirkorlar va usta-hunarmandlarga biriktirilgan. Xotin-qizlarning muammo va masalalarini o‘rganish maqsadida hozirga qadar 34 ming 526 ta xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan. 5 ming 65 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari” ga kiritilgan.
Kelgusi 2022 yilda mahalliy byudjet umumiy daromadlar rejasi 118,8 milliard so‘m, shundan tuman mahalliy byudjet daromadlari rejasi 62,9 milliard so‘m etib belgilanishi kutilmoqda. Jahon banki tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan tuman markazidagi bozorni tartibga solish, sotuvchi va xaridorlar uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlab chiqilgan 7 milliard so‘mga teng bo‘lgan, ammo to‘xtab qolgan loyiha bo‘yicha ishlar Navro‘z bayramiga qadar yakuniga yetkazilishi qayd etildi.
Ko‘rilgan masalalar bo‘yicha deputatlar va tuman faollarining munosabatlari, fikr-mulohazalari tinglandi. Sessiyadan so‘ng murojaatnoma yuzasidan uyushtirilgan matbuot anjumanida tuman hokimi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytardi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.