Jahon miqyosida shunday tendensiya borki, mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishda yalpi ichki mahsulotga ahamiyat qaratish asosiy omillardan biri sifatida baholanadi. Shu boisdan ham yurtimizda sanoatni rivojlantirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yangidan-yangi korxonalarni barpo etish hamda mahsulotlarning sifat darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, bugungi kunda oziq-ovqat sanoati tarmog‘idagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar sifati va zamonaviyligi bilan har qanday xorijiy davlatlarning mahsulotlaridan aslo qolishmayapti.
Namangan viloyati sanoatida muhim o‘ringa ega bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Chortoq mineral water” qo‘shma korxonasi tomonidan mineral suv ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan navbatdagi yirik ishlab chiqarish loyihasi – yangi quvvatlar ishga tushirildi.
[gallery-13910]
Ta’kidlash joizki, shifobaxshligi bo‘yicha dunyoning yetakchi brendlari mahsulotlaridan aslo qolishmaydigan Chortoq mineral suvlari ichki va tashqi bozorda xaridorgir hisoblanadi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni Prezidentimiz raisligida tarmoq va hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Chortoq tumanida sanoat hajmi 10 foizdan ko‘payib, yuqori sur’atda o‘sgani e’tirof etildi. Bunday salmoqli yutuqlarga erishilishida “Chortoq mineral water” qo‘shma korxonasining munosib hissasi bor.
2015 yil iyul oyida Niderlandiyaning “Buncra BV” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur korxona Chortoqsoy daryosi tubidan shifobaxsh suvni shisha idishlarga qadoqlash zavodini barpo etishga ixtisoslashtirilgan. Jamiyat tomonidan ikki bosqichdan iborat mineral suv ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 18,6 million dollar bo‘lib, shundan 10 million dollari mahalliy tadbirkor, I darajali "Salomatlik" ordeni sohibi Bahodir Abduraimov mablag‘lari hisobidan, 3 million dollari bank krediti va 5,6 million dollari xorijiy investitsiya evaziga amalga oshirilishi belgilangandi.
2019 yili Janubiy Koreya davlatlaning “JK Engineering Co” firmasidan so‘nggi turdagi texnologik uskuna va dastgohlar keltirilib, 61 ta yangi ish o‘rni yaratildi. O‘sha yilning o‘zida Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Italiya, Germaniya, Turkiya va Belarus davlatlariga 800 ming dollarlik mahsulot eksport qilishga erishildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan 2022 yil yakunlari bilan 2,2 million dollarga yetkazildi. Joriy yilning o‘tgan davrida esa eksport portfeli 2,6 million dollar, byudjet to‘lovlari 15,1 milliard so‘mni, ishchilar soni 213 nafarni, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 137,8 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
Korxonada ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida ikkinchi bosqichda ko‘zda tutilgan ishlarni bajarishga kirishilib, 15,6 million dollar mablag‘ hisobiga qo‘shimcha 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Turkiya, Italiya va Fransiya davlatlaridan so‘nggi rusumdagi texnologik uskuna va dastgohlar keltirilib o‘rnatildi. Tunis, Moldova, Dominikan Respublikasi, Iordaniya, Italiya mamlakatlaridan yetakchi muhandis-texnologlar jalb etilib, ular mahalliy mutaxassislarga yangi uskunlarni o‘zlashtirishni o‘rgatmoqda.
Yangi quvvatlarni ishga tushishii natijasida, korxonada yillik 50 million dona mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport hajmini 8 million dollarga yetkazish imkoniyati vujudga keldi.
Yangi quvvatlarni ishga tushirish munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Saidahmad Sultonov, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov, xorijiy hamkorlar va tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari.