Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan Sirdaryo viloyati markazidagi chorrahalardan birida avtomashinalar harakatiga xalaqit berib, sarxush holda raqsga tushgan 3 nafar yigitning shaxsiga Guliston shahar IIO FMB HPB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor profilaktik tadbir natijasida aniqlik kiritildi.
Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan profilaktik tadbir natijasida bu “ko‘cha raqqoslari” Xovos tumani “Bunyodkor” mahallasida yashovchi, Dadamuqim Eshqulov (personajlarning ismi-shariflari o‘zgartirildi), Sirdaryo tumani Zarshunoslik mahallasida yashovchi Atimqul Ilkashev hamda ularning xohishiga ko‘ra harakatlarini tasvirga olib, tarmoqqa joylagan Sayxunobod tumani Farovon mahallasida yashovchi Shalimboy Andaqulovlar ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Xalqimizda, o‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir, degan dono naql bor. Har bitta o‘ylamay qilingan hatti-harakat, aytilgan gap – boshga balo bo‘lishi muqarrar. O‘zini er bilgan bu 3 nafar yosh yigit, ularni yosh deb ham bo‘lmaydi, 2 nafari 20, 1 nafari 18 yoshda bo‘lgan fuqarolar, sarxush holda Guliston shahridagi avtomobillar serqatnov chorrahalardan birida turli hatti-harakatlar ko‘rsatib, “raqs”larni namoyish etishgan. Bu esa avtomobillarning harakatiga xalaqit qilib, yo‘l transport hodisasini keltirib chiqarishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat deb baholanib, piyodalar uchun belgilangan qoidalarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
Natijada bu “3 og‘ayni botirlar”ning xurmacha qiliqlari Guliston shahar IIO FMB HPB xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-modda, 1-qismi (Karantin davrida va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda, jamoat joylarida niqobsiz yurish) hamda 183-moddalari (Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa hatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik va buzish) bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, sud hukmiga havola qilindi.
Ma’muriy ishlar bo‘yicha Guliston shahar sudi qaroriga ko‘ra Dadamuqim Eshqulov hamda Alimqul Ilkashovlarga eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida jarima hamda 4 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi, 2 nafar og‘alarini istaklariga ko‘ra ularni tasvirga tushirgan Shalimboy Andaqulovga esa eng kam ish haqining 5 barobari miqdoridagi jarima hamda 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Qilmish qidirmish deydilar. Dono xalqimiz aytganidek, qilmagaysan, topmagaysan. Har qanday huquqbuzarlik uchun esa javobgarlik muqarrar.
A.QAYUMOV, O‘zA