Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan Chorkesar qishlog‘i o‘zining betakror tabiati va mehnatkash aholisi bilan ajralib turadi. Qoya-toshli tog‘lar bag‘rida joylashgan bu maskan go‘yo zamon shovqinidan yiroq — sokin, musaffo va nihoyatda go‘zal. Bu yerga kelgan inson nafaqat tabiatning so‘lim manzarasidan, balki oddiy va samimiy hayot tarzidan ham ilhom oladi.
Chorkesarda mahalliy aholi asrlar davomida shakllangan an’analarni davom ettirib, qo‘y va echki junidan turli qo‘l mehnati mahsulotlari tayyorlaydi. Paypoq, sviter va sharflar nafaqat kundalik ehtiyoj uchun, balki daromad manbai sifatida ham muhim ahamiyatga ega.
Qishloq aholisi orasida Mo‘minjon Xudoynazarov qo‘y junini qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. U junni yuvib, maxsus uskuna yordamida uni yigirishga tayyor holga keltiradi va tayyorlangan xomashyoni chorkesarliklarga sotadi. Shu tariqa u ham oilasiga ozmi-ko‘pmi daromad keltirishga harakat qilmoqda. Uning mehnati qishloqdagi boshqa hunarmandlar uchun muhim bosqich hisoblanadi.
Aziza Abdullayeva ham Chorkesarda yashaydi. U qo‘y va echki junidan paypoq to‘qib sotadi. Tayyor junni olib, uy sharoitida yigirib, so‘ngra undan paypoq tayyorlaydi. Qo‘y junidan to‘qilgan paypoqlar 10 ming so‘mdan, echki junidan tayyorlanganlari esa 30 ming so‘mdan sotiladi. Aziza opa ham shu orqali ro‘zg‘origa hissa qo‘shishga, oilasiga yordam berishga harakat qiladi.
Chorkesarda qo‘l mehnati nafaqat tirikchilik manbai, balki hayot tarzidir. Bu yerda har bir ipda mehr, har bir to‘qilgan buyumda esa samimiyat mujassam.
Bu yer — an’ana, tabiat va qo‘l mehnatining iliqligi yonma-yon yashaydigan mo‘’jaz bir olam.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7CRET_c6kyw" title="Chorkesar – tog‘lar bag‘rida yashnayotgan qo‘l mehnati va iliqlik manzili" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tohir Tursunov, O‘zA