O‘zbek xalqi bir-ikki so‘m ortiqcha daromad topsa, yo uy quradi, yo to‘y qiladi, degan gap naqadar haq ekanini hayotning o‘zi isbotlab turibdi.
Bu maqolning mag‘zini yaxshilab chaqib olgan Bekpo‘lat daromad topish, ya’ni qo‘shimcha “biznes” sifatida yer oldi-sottisi bilan shug‘ullanishni ma’qul ko‘rdi. Eng avvalo, ishni qo‘shnisi Ollomurodni chuv tushirishdan boshladi. Bir kuni uni uyiga chaqirib, avval obdon mehmon qilib siyladi. So‘ng muddaoga ko‘chdi.
– Qo‘shni bu gapni sizdan boshqaga aytishga vijdonim yo‘l qo‘ymadi. Bilasizmi-yo‘qmi, mening “yuqorida” tanish akaxonlarim bor. Shularning sharofati bilan qo‘shni tumandan ancha-muncha yerlarni sotib olgandim. Shu kunlarda pul zarur bo‘lib turibdi. Agar istasangiz, 12 sotix yerni sizga 5 ming AQSH dollariga sotaman. Faqat pulini shu bugun berishingiz kerak.
Ollomurod qo‘shnisining taklifini eshitib, shoshib qoldi. Ayniqsa, taklif qilingan joy anhorga yaqin va serhosil yerligini bilgach, Bekpo‘latning taklifini jon, deb qabul qildi.
Bir devor qo‘shni bo‘lgan Ollomurod uyiga shoshib kirib, 5 ming AQSH dollarini ko‘tarib chiqdi.
– Qo‘shni, xotinim onasinikiga ketgan ekan, pul olganimni unga aytishga ulgurmadim, yerni hujjatlashtirib berganingizdan keyin aytarman, faqat uzoq cho‘zilmasin-a.
– E, qo‘shnijon, soddasiz-a, hamma sirni ham xotin zotiga aytib bo‘lmaydi. Qo‘lingizda pul bor ekan, nima qilasiz uni ko‘rpaning orasiga berkitib. Undan ko‘ra, ko‘paytirish yo‘llarini qiling. Bu yerni keyingi yil sotsangiz ham ikki barobar foyda ko‘rasiz.
Ikki qo‘shni bir-birlari bilan juda xush-xandon holatda xayrlashishdi.
Sodda qo‘shnisini laqillatib, chuv tushirgan Bekpo‘lat poytaxtga kelib, bir hafta mazza qilib ayshini surib dam olib ketdi.
Bu yoqda Ollomurod qo‘shnisinikiga qatnayverib, adoi-tamom bo‘ldi. Na oladigan yeridan darak bor, na puldan. Bekpo‘latning darvozasida esa kattakon qulf osilgan. Xayol qurg‘ur har ko‘chalarga boshlaydi.
Oxiri kutgan ishi sodir bo‘ldi. Ko‘rpaning orasidagi puldan xabar olib qo‘yay, degan xotini pulning “sho‘ri qurigan”ini eshitib, rosa janjal-to‘polon ko‘tardi. Janjal yakuni esa o‘zbekcha shapaloq bilan tugadi.
Bekpo‘lat qo‘shnisi qidirib yurganini eshitib, qishloqdagi uyiga qaytmadi. Tuman markazidan ijaraga uy olib, o‘sha yerda turib, yana “yer biznesi”ni davom ettirdi. Bu safar uning changaliga yana ikkita og‘aynisi tushdi. Bekpo‘lat begona odamlarga bir-ikki marta yer sotishni tavsiya qilib ko‘rgandi, ammo ular ko‘nmagach, o‘zinikilarni chuv tushirishga qaror qildi. Va niyatiga yetdi. Bir partada o‘tirib, birga katta bo‘lgan sinfdoshi Adhamga yer olib berish sharti bilan 7 ming AQSH dollari, bir choyxonada “choylashib” o‘tiradigan og‘aynisi G‘ulomni esa 2 mingga chuv tushirdi.
Yer oldi-sottisidan so‘ng u “biznesi”ni o‘zgartirdi. Buni qarang-ga, o‘z tog‘asiga asalari ko‘chirib boqishi uchun bir dona vagon olib berish taklifi bilan uning 4,500 AQSH dollarini qo‘lga kiritdi.
Xo‘sh, qahramonimizga shuncha pulni qo‘shqo‘llab berayotgan bu odamlar pullarni qayerdan olgan, deb o‘ylarsiz? Birining o‘g‘li xorijdan pul yuboradi, birining qo‘rasi to‘la mol-qo‘y, yana boshqasi esa bankdan kredit olib, pullarni qo‘shqo‘llab firibgar tanishlariga tutqazgach, aldanganlarini bilib qolishadi.
Firibgarlikka o‘rgangan Bekpo‘lat ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olingach, “bek”lik martabasidan tushdi. Erining ishlari yurishib ketayotganidan hammaga maqtanib, shaharlik xonimga aylanib ulgurgan xotini uning qing‘ir ishlarini eshitgach, qo‘ltig‘idagi tarvuzi “yorildi”. Endigina shaharlik bolalarga o‘xshab yashashni o‘rganayotgan farzandlari qishloqdagi uylari sotuvga qo‘yilganini eshitib, “Endi qayerda yashaymiz?”, deya onasiga xarxasha qila boshladi.
Bekpo‘lat odamlarga yetkazgan kamomadlarini to‘lolmagach, to‘g‘ri panjara ortiga yo‘l oldi. Xotini esa bolalarini yetaklab, otasinikiga ketdi.
Bekpo‘latga sud hukmi o‘qilayotgan vaqtda sudya qing‘ir ishlarga o‘rgangan odamlar bir kun kelib, albatta, jazo olishini, ammo Bekpo‘lat kabi firibgarlarga qora niyatini amalga oshirishida odamlarning o‘zlari ham sababchi ekanini tushuntirdi.
Homid Boboqulov,
Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi.
Nigora Rahmonova, jurnalist.
O‘zA